"Roland Garros". Azarenko sensatsion tarzda mag‘lub bo‘ldi, Uilyamsga texnik mag‘lubiyat yozildi

  • 01.10.2020 03:40
  • Javokhir Azimov
  • 0
  • Tennis

"Roland Garros" turnirining ayollar o‘rtasidagi bellashuvlarida ham kuchlilar nomi tobora aniqlashib bormoqda. Asosiy bahslarning navbatdagi kunida kutilgan natijalar qatori ba’zi sensatsiyalar ham bo‘y ko‘rsatdi.

Dastlab, o‘z o‘yinini o‘tkazgan 1-raqamli raketka sohibasi Simona Xalep hamyurti Irina-Kameliya Beguga qarshi bahs olib bordi. Raqibasidan har taraflama ustunlik namoyish etgan Simona bellashuvni 6:3, 6:4 hisoblarida o‘z foydasiga hal qildi. Aytish mumkinki, Xalep navbatdagi titul sari dadil odimlamoqda.

Yana bir saralangan raketka ustasi Kike Bertens o‘zidan-da tajribali raqibasi italiyalik Sara Erranini mag‘lub etishni uddaladi. Har ikki tennischi uchun og‘ir o‘tgan bahs taqdiri 3-set tay-brekda hal bo‘ldi va unda Bertens keyingi bosqich chiptalarini ilib ketdi. Yakuniy hisob: 7:6, 3:6, 9:7.

Bu galgi "Katta dubulg‘a" turnirining 3-raqamli raketka ustasi, Ukraina sharafini himoya qiluvchi Elina Svitolina ham 3-bosqichga o‘tish uchun biroz ter to‘kishiga to‘g‘ri keldi. Meksikalik raqibasi Renata Sarasua bilan kechgan qizg‘in bahsda g‘alabani o‘z nomiga yozdirib qo‘ygan Elina 6:3, 0:6, 6:2 hisoblarini qayd etdi.

Yuqoridagi tennis malikalaridan farqli o‘laroq, belaruslik Viktoriya Azarenko slovakiyalik Anna Shmidlova qarshiligini sindira olmadi. Butun uchrashuv davomida o‘ziga o‘xshamagan Azarenko yakunda ikkala setni ham bir xil 6:2 hisobida boy berib, raketkalarini g‘ilofiga joylashga majbur bo‘ldi. Aynan uning turnirni tark etishi kun sensatsiyasiga aylandi.

Shuningdek, bugun tennisga befarq bo‘lmagan barcha uchun biroz noxush xabar tarqaldi: dunyoning sobiq birinchi raqamli tennischisi, "Roland Garros-2020"da 6-tartib raqami ostida saralangan Serena Uilyams oyog‘idan olgan jarohati tufayli musobaqani davom ettira olmasligini ma’lum qildi. Natijada, 2-bosqichdagi bolgariyalik Tsvetana Pironkovaga qarshi bahs uchun okean orti vakilasiga texnik mag‘lubiyat yozildi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!