“Roma” muxlislariga bitta yaxshi va bitta yomon xabar!

  • 20 aprel, 2022, 11:59
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Eldor Shomurodov “Roma”da o‘ynayotgani bois, ushbu klubga muxlislik qilayotgan hamyurtlarimiz ham ko‘p. Ularning qiziqishini inobatga olib, Rim klubi faoliyatiga doir xabarlarni e’tiboringizga havola qilishni davom ettiramiz.

Tecno

Avval noxush xabar haqida.

Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun kurashish imkoniyatini saqlab turgan “Roma”ni A Seriyaning navbatdagi uchrashuvida jiddiy sinov kutib turibdi. Joze Mourino shogirdlari 23 aprel kuni Milanda amaldagi chempion va bu yil ham skudettoga da’vogarlik qilayotgan “Inter” mehmoni bo‘ladi. Har ikki jamoaning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga erishish imkoni borligi ularni faqat g‘alaba uchun to‘p tepishga majbur qilmoqda.

“Napoli”ga qarshi uchrashuvda rimliklarning ishongan o‘yinchisi Nikolo Dzanolo oyog‘ida oqriq sezgani uchun o‘zini almashtirishlarini so‘ragan edi. Poytaxt klubi muxlislarini muhim o‘yin oldidan etakchilardan birining shikastlanishi xavotirga soldi.

Keyin Dzanoloning o‘zi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi orqali salomatligi joyida ekanini xabar berdi.

Shunga qaramay, Nikolo “Inter”ga qarshi uchrashuvni baribir o‘tkazib yuboradi. Ma’lumotlarga qaraganda, 22 yoshli hujumkor futbolchining “Napoli” bilan o‘yinda ogohlantirilgani tufayli sariq kartochkalari soni ko‘payib ketgan va u navbatdagi bahsni o‘tkazib yuborishga majbur.

bc65357a7c58fa4727d6ea93e7bf57b8_1200x675

Agar Dzanolo o‘ynamasa, Joze Mourino jamoaga muvaffaqiyat keltirayotgan ikki hujumchili taktik sxemasidan voz kechishiga to‘g‘ri keladi. 12 ta o‘yindan beri yutqazmayotgan “Roma” bosh murabbiy hujum chizig‘ida Temmi Abraxam va Nikolo Dzanoloni o‘ynatib kelayotgan edi. Mutaxassislar “Inter” bilan bo‘ladigan o‘yinda portugaliyalik mutaxassis bir hujumchiga tayangan holda tarkibni boshqacha shakllantirishini ta’kidlamoqda.

Bundan tashqari, “Roma” Nikolo Dzanolosiz o‘ynashni o‘rganishi ham kerak. Chunki bu futbolchi klubning yangi bitimini qabul qilmadi va yozda boshqa klublardan biriga o‘tib ketishi mumkin.

Ayni paytda hujumkor futbolchiga  Italiya va Angliyaning etakchi klublaridan jiddiy chorlovlar bo‘lmoqda va “Roma” agar bu transfer uchun 60 million evro miqdorida mablag‘ tikadigan klub bo‘lsa, Dzanoloni qo‘yib yuborishga tayyorligini bildirgan.

Italiya futbolining iste’dodli vakillaridan hisoblangan bu pleymeykerning amaldagi shartnomasi 2024 yilning yozigacha tuzilgan.

Dzanolo joriy mavsumda barcha turnirlarda 36 marotaba maydongatushib, ettita gol urdi va sakkizta golli pas oshirdi.

Yaxshi xabar shundaki, yozda “Roma”ni “Manchester Yunayted” yulduzi Nemanya Matich kuchaytirishi kutilmoqda.

Yaqinda 33 yoshli serbiyalik yarim himoyachi mavsum oxirida “Manchester Yunayted”dan ketishga qaror qilganini ma’lum qildi.

Nemanyaning manchesterliklar bilan shartnomasi mavsum oxirida yakunlanayotgan bois tajribali charm to‘p ustasini erkin agent sifatida bepul safga qo‘shib olish imkoniyati bor.

Matich mahoratli yarim himoyachi qidirayotgan “Roma”dan taklif oldi. Tuttomercatoweb saytining ma’lum qilishicha, Rim klubi vakillari futbolchi bilan bog‘lanib, uni poytaxtga olib kelish bo‘yicha ishlarni boshlab yuborgan.

Joze Mourino Matichning imkoniyatlarini juda yaxshi biladi va ularni yuqori baholaydi. Portugaliyalik mutaxassis “Chelsi”ni boshqarganida Nemanya Matich uning qo‘l ostida o‘ynagan. Keyin “Manchester Yunayted”ni qabul qilib olgan Mourino serbiyalik o‘yinchini bu jamoaga ham olib o‘tdi. Matich o‘shandan beri Manchesterda o‘ynab kelmoqda.

Jose-Mourinho-set-to-sign-Nemanja-Matic-for-THIRD-time-as-midfielder-nears-free-transfer-to-Roma-after-quitting-Man-Utd-1024x655

Endi Mourino va Matich o‘zaro hamkorlikni uchinchi jamoa – “Roma”da davom ettirishga yaqin turibdi.

Serbiya futbolining eng yorqin o‘yinchilaridan hisoblangan Nemanya Matich “Manchester Yunayted” va “Chelsi”dan tashqari o‘z yurtida  “Koshitsa” va Portugaliyada “Benfika” klublari sharafini ham munosib himoya qilgan.

2017 yildan beri “Manchester Yunayted”da o‘ynayotgan Matich joriy mavsumda barcha turnirlarda 28 marotaba maydonga tushib, ikkita golli pas oshirdi.

Tajribali futbolchi Serbiya terma jamoasi safida 48 ta o‘yinda qatnashib, raqiblar darvozasiga bir juft to‘p kiritgan.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!