
“Roma” Shomurodov bo‘yicha katta summani qabul qilmadi. Transfer barbod bo‘lishi mumkin!
Eldor Shomurodov qishki transferlar vaqtida Rimni tark etishi kutilmyapti. Transferda uchta tomon bor – “Roma”, “Torino” va Eldor Shomurdov. Ularning hammasi hujumchining Turinga ko‘chib o‘tishiga rozi.
Legionerimiz ham faoliyatini o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘ygan klublarda davom ettirish istagida A Seriyaning “Kremoneze”, “Montsa”, “Sampdoriya”, “Spetsiya” kabi jamoalar chorlovlarini qabul qilmadi.
Markaziy hujumchisiga e’tiyoj sezayotgan “Torino” bir necha hafta davom etgan muzokaralaridan so‘ng Rim klubiga birinchi rasmiy taklifini yubordi.
Nufuzli manbalardan biri - Sky Sport nashrining ta’kidlashicha, turinliklar Eldor Shomurodovning yarim yillik ijarasi uchun bir million va ibn oyida 12 million evroga sotib olish huquqini so‘ragan.
Bu ma’lumotlarni Italiya, xususan, “Roma” klubi faoliyatini yoritib boruvchi https://romapress.net hamda https://www.giallorossi.net saytlari ham tasdiqladi.
Qizig‘i shundaki, “Roma” sport direktori Tyagu Pinto “Torino”ning bu taklifini qabul qilmagan. Portugaliyalik mutaxassis turinliklarda Shomurodovni yozda sotib olish huquqini emas, balki xarid majburiyatini olishni talab qilyapti.
“Torino” esa, transferning samarali bo‘lishi uchun Eldor Shomurodovning yarim mavsumdagi natijalariga ko‘ra, maydonda o‘tkazgan daqiqalari, gollari va assistlari soniga qarab, savdoni yakuniga etkazmoqchi.
Xullas, har uchala tomon transferdan manfaatdor bo‘lsa-da, Pintoning o‘z printsipida muqim turgani Eldor Shomurodovning Turinga yo‘lini to‘smoqda.
Umuman olganda, Tyagu Pinto Eldor Shomurodovdan tashqari “bo‘rilar” safini tark etishi kutilayotgan Rik Karsdorp, Jastin Klyuyvert, Gonsalo Vilyar kabi o‘yinchilarga og‘iz solayotgan klublardan ham transfer uchun birdaniga hisob-kitob qilish yoki yozgacha ijara pulini to‘lab, mavsum yakunlangach, futbolchini to‘liq sotib olish majburiyatini talab qilmoqda.
Sport direktorining bu pozitsiyasi rimliklarning barcha chiqish transferlariga to‘siq bo‘lib turibdi. O‘z navbatida, bosh murabbiy Joze Mourino yangi ijrochilarni transfer qilish bo‘yicha ko‘rsatma bergan.
Shunga qaramay, agar “Roma” yanvar oyida zaxirada qolib ketayotgan vakillaridan qutilmasa, yangi futbolchilarni transfer qila olmaydi. Aks holda moliyaviy feyr-pley talablari buzilib, klub katta jarimaga tortilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Eldor Shomurodov kuchli beshlik chempionatlaridan biri hisoblangan A Seriyaga 2020 yilning oktyabrida ko‘chib o‘tgan edi. O‘shanda “Jenoa” safda o‘zini ko‘rsata olgan hujumchimizni “Roma” 18 million evro evaziga transfer qildi.
Shomurodov “Roma” futbolchisi sifatida jami 48 ta uchrashuvda maydonga tushib, raqiblar darvozasini olti marotaba ishg‘ol qilgan va jamoadoshlariga oltita golli pas uzatgan.
Ta’kidlash joizki, Tyagu Pinto “Torino”ning takliflarini qabul qilmasligi Eldor Shomurodovning transferini barbod bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Chunki legionerimiz jiddiy klubda to‘p tepmoqchi.
Hozircha, turinliklardan boshqa o‘zbek hujumchisiga rimliklar so‘rayotgan pulni to‘laydigan katta klublar yo‘q.
Legionerimiz muxlislar bilan xayrlashdi! Keyingi manzil – kuchli beshlik!
Legionerimiz ligani tark etmoqda. Murabbiyning iltimosi o‘tmadi!
Fikrlar