
Ronaldu Piolini jamoadan “quritdi”. Mutaxassis endi Shomurodovga ustozlik qilishi kutilmoqda
“An-Nasr”ning italiyalik bosh murabbiyi Stefano Pioli saudiyaliklarning ishonchini qozona olmadi. Mashhur murabbiy jamoaning asosiy yulduzi Krishtianu Ronaldu bilan ziddiyatga borganidan keyin ishini topshiradigan bo‘ldi.
Riyodliklar portugaliyalik yulduzni yana ikki yillik shartnomaga ko‘ndirdi. O‘z-o‘zidan Ronaldu bilan chiqisha olmagan murabbiy klubda qolmaydi.
“An-Nasr” rahbariyati Stefano Pioli qo‘l ostida jamoa ko‘rsatayotgan natijalardan qoniqish hosil qilmagani ham italiyalik mutaxassisning klubdagi faoliyatiga nuqta qo‘yilishiga sabab bo‘lmoqda.
La Repubblica nashrining yozishicha, Pioli Italiyaga qaytib, “Roma”ni qabul qilib olishi kutilmoqda. Ma’lumki, Klaudio Raneri Rim jamoasini inqirozdan qutqardi va kelishuvga ko‘ra, endi bosh murabbiylik kursisini tark etib, klub xo‘jayiniga sport ishlari bo‘yicha maslahatchi bo‘ladi.
Norasmiy ma’lumotlarga qaraganda, Pioli “An-Nasr”dan har mavsum uchun 12 million evro maosh oladi. Uning shartnomasida tomonlar shu yilning iyun oyida hamkorlikni muddatidan avval to‘xtatishini ta’minlovchi band bor.
Fikrlar