Ro‘zim Ahmedov 35 yoshida qanday qilib 23 ta gol urdi? Shavkat Salomov bilan o‘rtasida nima bo‘lgandi? "Buxoro"dan ketadimi? Eng yaxshi to‘purar suhbatda ko‘p masalaga aniqlik kiritdi

  • 2 dekabr, 2022, 10:32
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Buxoro” klubining Superligaga qaytishida shubhasiz hujumchi Ro‘zim Ahmedovning hissasi juda katta bo‘ldi. U 25 ta uchrashuvda o‘z hisobiga 23 ta gol yozib qo‘ydi. 35 yoshli futbolchining bunday natija qayd etishini hech kim kutmagandi. O‘tgan mavsumda “Dinamo”da 19 ta o‘yinda 12 ta gol urgan.

Tecno

Shubhasiz, Ro‘zim ikkinchi yoshligini eslatib qo‘ydi. Qolaversa, Ahmedov “Pro liga-2022”ning eng yaxshi futbolchisi deb topildi va maxsus sovrinni ham qabul qilib oldi. Shundan keyin “Buxoro” hujumchisi Sports.uz jurnalistiga intervyu berdi.

- “Buxoro” bilan Superligaga qaytishga erishdingiz va pro liganing ham eng yaxshi o‘yinchisiga aylana oldingiz. Ayni chog‘dagi hissiyotlaringiz qanday?

- Bu yil pro ligada eng qiyini bo‘ldi, deb o‘ylayman. O‘tgan yilgidan ham og‘ir o‘tdi. Masalan, 2021 yilda vazifa 4 ta tur qolganida hal qilingan bo‘lsa, bu yil oxirgi turgacha kurash davom etdi. Intriga ham yuqori bo‘ldi. O‘tgan chempionatda o‘yinlar kamroq edi. Bu safar ko‘proq o‘tkazildi. Pro ligada kuchli beshtalikka ajralgach, biz uchun 4 tadan yana 8 ta final bo‘ldi, desak bo‘ladi. Birinchi davrada “Turon”dan 10 ochkoga, “Andijon”dan 7 ochkoga orqada edik. Raqiblarga etib olish uchun ikki-uch hissa ko‘proq kuch sarflab o‘ynashimizga to‘g‘ri keldi. Chempionatning oxirgi turida Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritganimiz ham bizga boshqacha zavq bag‘ishladi. Lekin maqsadga erishishimiz juda qiyin bo‘ldi, oson kechgani yo‘q. Jamoalar bizga qarshi oxirgi turgacha bor kuchlari bilan o‘ynadilar. Masalan, “Xorazm” ham oxirigacha kurashdi. Xudoga shukr, jamoamiz bilan maqsadimizga erishdik. Bizda ahil kollektiv borligini isbotladik. Natija o‘z-o‘zidan bo‘lmadi. Superligaga haqqoniy ravishda chiqdik.

- 25 ta o‘yinda 23 ta gol urdingiz. Adashmasam, faoliyatingizda bir mavsumda eng ko‘p gol urdingiz-a?

- Ha, shunday. 2008 yili birinchi ligada yanglishmayotgan bo‘lsam, 21 yoki 22 ta gol urganman. Lekin bu yil faoliyatimdagi eng ko‘p golni urdim. Yana 2-3 ta uchrashuvni o‘tkazib yuborishimga ham to‘g‘ri keldi. Oxirlarida bundan ham ko‘proq gollar urishimni his qildim. Imkoniyatlar ko‘p bo‘ldi. Gollarim jamoamga asqotganidan xursand bo‘ldim.

ruzim3

- 23 ta gol urishingizni hech kim o‘ylamagandi. Bunday sermahsullik ko‘rsatishingiz nima bilan bog‘liq bo‘ldi? Aytaylik, sport formangiz bu yil har qachongidan ko‘ra zo‘r holatdimi yoki omad asosiy rol o‘ynadimi?

- Sizlardan berkitmayman, to‘g‘risini aytaveraman. Ko‘pchilik meni futbolni tugatib, yana futbolga qaytdi, deb yozishyapti. Aslida bunday bo‘lmagan. Futbolni tugatmaganman. Oxirgi marta Superligada 2019 yili “Andijon”da o‘ynadim. Shundan keyin operatsiya stoliga yotishimga to‘g‘ri kelib qoldi. Menga nafaqat futbol o‘ynash balki, 6 oygacha jismoniy harakat qilish ta’qiqlangandi. Faqat yurishim kerak edi. Shu bilan 7-8 oy o‘tib ketdi. Ikkinchi davrada biror-bir jamoaga qo‘shilaman deb yurganimda shifokorlar menga yana hali mumkin emas, deb ruxsat berishmadi. 2020 yil shunday holatda o‘tib ketdi. Buning ustiga karantin tufayli menga yanada qiyin bo‘ldi. Qishda o‘z ustimda ishladim, oson bo‘lmadi, o‘ziga yarasha qiyin kechdi. O‘zimdan o‘tganini Xudo biladi va o‘zim bilaman. Keyin “Xorazm”da 4-5 oy to‘p surib, o‘zimga keldim. So‘ng “Dinamo”ga o‘tdim va qo‘limdan kelganicha harakat qildim. 2-3 yil davomida qilgan mehnatlarim, oldingi sport formamga qaytish uchun qanday harakat qilganimni Xudo biladi. Juda ko‘p qiynaldim. Xudoga shukr, bu yil optimal formamga yaqinlashdim. Jamoadoshlarim ham ko‘maklashdi. Shuningdek, Moskvada mening yaqinlarim bor. Opajonim va do‘stlarimning meni qo‘llab-quvvatlab turishgani hamda duoda bo‘lib turganliklari uchun ularga minnatdorchiligimni bildiraman. Murabbiylarimiz men bilan yuz bergan holatdan xabardor edilar. Ular ham menga yordam berishdi. Superligada 15 yil o‘ynab, to‘plagan tajribalarim asqotdi. Ayniqsa, ikkinchi davrada jamoamizga yuqori saviyadagi o‘yinchilar keldi va ularning ham yordam bo‘ldi. Ko‘p gol urishimda barchaning hissasi bor. Savolingizga qisqa qilib, barchasi mehnat orqali deya olaman. Shu safar mehnatning tagida rohat borligini aniq bildim. Xudoga shukr, yil boshida jamoam bilan Superligaga chiqish va to‘purar bo‘lishni maqsad qilgandim, bunga erishdim. To‘g‘risi, o‘tgan yilgi o‘yinlardan xulosa chiqarib, bu safar ko‘p gol uraman, deb kutmagandim. 2021 yilda 19 ta uchrashuvda maydonga tushgandim. Bu yil menda imkoniyatlar ko‘p bo‘ldi. Bir o‘yinda 2-3 ta gol urgan paytlarimda ham menda yana bir qator vaziyatlar yuzaga kelaverdi. Bu yil ko‘p narsa o‘xshayverdi. Golni sezish, qulay imkoniyatlarga ega bo‘lish hamda vaziyatlardan foydalanishda hammasi men kutgandek kechdi va maksimal foydalanishga harakat qildim. Shuncha yil orttirgan tajribam shu yili o‘z so‘zini aytdi. Kerakli paytlarda juda asqotdi. Jamoadoshlarim bilan bir-birimizni yaxshi tushunib o‘ynadik. O‘tgan yili “Dinamo”da o‘ynagan futbolchilar ham “Buxoro”ga qo‘shilishgandi.

ruzim1

- O‘tgan yili Hakim Fuzaylov boshchiligida “Dinamo”ni Superligaga olib chiqqandinglar. Bu yil esa “Buxoro” bilan xuddi shu ishni takrorladinglar. Lekin o‘tgan safargidek oxirida Samarqanddagi vaziyat Buxoroda ham takrorlanib qolmasmikin? Klubda faoliyatingizni davom ettirasizmi?

- Shu savolingizni kutgandim. O‘tgan yili “Dinamo” rahbarlari xorijlik murabbiy ishlashini xohlashdi. Buning ustiga o‘sha paytdagi bosh murabbiyimiz Hakim Fuzaylovning o‘ziga xorijlik mutaxassis qidirishni ishonib topshirishdi. Hali ishlab turgan murabbiyimizga xorijdan murabbiy topasiz, deb aytishdi. Bunaqasini birinchi marta ko‘rishim. Hali chempionat tugamasdan turib, Hakim Qayumovichga shunday vazifani yuklashgani meni juda xafa qilgan. Hurmatsizlik bo‘ldi, deb o‘ylayman. O‘z ishini tugatmagan, vazifasini bajarayotgan mutaxassisga behurmatlik qilishgani juda achinarli edi. Ular murabbiydan kelasi yili ham qolasizmi yoki yordam berasizmi, deb so‘rashmadi ham. Bunday munosabatdan barcha futbolchilarni ham ko‘ngli og‘ridi. Bu yil yana ko‘p mehnat qilindi. Jamoani Superligaga olib chiqdik. Eshitishimizcha, viloyat rahbarlari bosh murabbiydan va klub rahbari O‘tkir akadan minnatdorlar. Vazifa bajarilganidan hamma xursand. 2-3 kun ichida hammasini gaplashib olishadi. Murabbiyimizni klubda qoldirishmoqchi. Bundan tashqari, “Buxoro” muxlislari ham shu tarkibni va murabbiylar qolishini xohlashyapti. Tez orada hammasi oydinlashadi. Yangi mavsumga tayyorgarlik ham boshlanishi kerak. Biz ham shuni kutib turibmiz. Yana ishonch bildirilsa, balki “Buxoro”dagi faoliyatimizni davom ettirarmiz.

- Shartnomangiz tugadimi?

- 30 noyabr kuni tugadi. Hali jamoa bilan hech kim xayrlashgani yo‘q. Barcha bilan aloqada bo‘lib turibmiz. Yaqin orada ko‘p masala hal qilingach, shunga qarab rejalar tuziladi.

ruzim_1

- Sir bo‘lmasa, qaysi klublardan takliflar olyapsiz?

- Ikkinchi yoshligimni o‘tkazayotganim uchun shu yoshimda ham menga xorijdan takliflar bo‘lib turibdi. Buni berkitmayman. O‘zim ham chetdan qiziqish bo‘lishini kutmagandim. Balki bizni chempionatdan kuchli bo‘lmasligi mumkin, lekin moliyaviy tomondan yaxshigina qulay takliflar tushyapti. Ammo “Buxoro” bilan gaplashmasdan turib, bu takliflarni qabul qila olmayman. Klubdagilarning hammasi menga ishonishyapti. Shu bois jamoadagilar bilan to‘liq gaplashib olganimdan so‘ng keyin qaror qabul qilaman. To‘g‘ri, O‘zbekistondan ham bir bir-ikkita takliflar bo‘lyapti.

- Qaysi mamlakatlardan takliflar oldingiz?

- Tailand va shunga yaqin mamlakatlardan. “Buxoro”dagilar bilan gaplashmaguncha ularga hech nima deya olmayman.

ruzim4

- Birinchi davrada jamoadagi ichki muhitda muammolar borligi haqida eshitdik. Masalan, siz bilan Shavkat Salomov o‘rtasida kelishmovchilik ham bo‘lgani xususidagi gap-so‘zlar tarqalgan...

- Yil boshida ham tarkibimizda saviyali o‘yinchilar yig‘ilgan. Har bir murabbiyni futbolga qarashi bo‘ladi. Boshida chaqirilgan futbolchilardan ayrimlari murabbiyning uslubiga mos tushmagan bo‘lishi mumkin. Shuning uchun o‘zgarish qilishdi. O‘sha holatlar o‘sha erning o‘zida qolib ketgan. Bu mavzuga umuman to‘xtalgim kelmayapti. Bu hamma klubda bo‘lib turadi. Hammasini batafsil aytib o‘tirish shart emas. Chunki tushunmovchilik bo‘lgan. Barchasi maydonda bo‘lgan, men e’tiborimni o‘yinga qaratgandim. Maydondan tashqaridagi narsalarga chalg‘imaslikka harakat qilganman. Ammo jamoada tezda o‘zgarishlar bo‘lishini hech kim kutmagan. Boshida natijalar yaxshi bo‘lmagani uchun ham tarkibda o‘zgarishlarga qo‘l urildi, deb o‘ylayman. Maqsadimiz Superligaga chiqish va xohlaysizmi-yo‘qmi, natija o‘xshamasa tarkibda o‘zgarishlar qilinadi. Tushunmovchilik bo‘lgan holatlar ortda qolib ketdi, buni hech kim eslamayapti. Hammasi yaxshilikka bo‘lganligi ko‘rinib turibdi.

- Birinchi davrada “Buxoro”ning ko‘p ochko yo‘qotishidan keyin Superligaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqishinglarni sezganmisiz yoki pley-off uchun kurashishga kirishganmidinglar?

- To‘g‘risini aytadigan bo‘lsam, o‘zimiz ham buni 100 foiz kutmagandik. Ha, yil boshida bizda maqsad Superligaga chiqish edi. Birinchi davradan keyin ham shu maqsad qolgan. Har bir uchrashuvda vazifamizni bajarish uchun maydonga tushganmiz. Faqat birinchi davradan so‘ng “Turon”dan 10 va “Andijon”dan 7 ochkolik farq bo‘la turib, bizni elitaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqishimizni hech kim kutmagandi. Turnir jadvaliga qaragimiz ham kelmasdi. Baribir Xudo bizga kuch-quvvat va omadimizni beradi, deb yaxshi niyatda harakat qilaverdik. Aslida biz “Andijon”ni quvib o‘tishimiz kerak, degan maqsadda kurashayotgandik. Lekin oxiri shunday bo‘ldiki, “Andijon” hammadan ilgarilab ketdi. Biz esa “Turon”ni ortda qoldirdik. Ketma-ket uchrashuvlardagi g‘alabalarimiz bizga motivatsiya berdi. O‘yinimiz sifati ham ancha o‘sdi. Yutqazgan uchrashuvlarimizda ham bizda golli imkoniyatlar ko‘p bo‘ldi.

ruzim5_1

- Pro ligadan “Andijon”, “Buxoro” va “Turon” Superligaga yo‘l oldi. Bu siz uchun nimani anglatadi?

- Bu pro liga darajasi oshganini bildiradi. Yildan-yilga Superliga bilan pro liga o‘rtasidagi farq qisqarayotganidan ham darak beryapti. Oldinlari ikki ligadagi klublar maydonda to‘qnash kelganida oradagi farq yaqqol bilinib qolardi.

- Yangi mavsumda yana to‘purarlik salohiyatingizni ko‘rsata olasizmi? Yana qanday holatda bu ishni takrorlashingiz mumkin?

- Har bir hujumchining vazifasi gol urish. Hujumchi uchun golning ko‘pi yoki ozi bo‘lmaydi. Qancha ko‘proq gol urib, jamoaga foyda keltirsa shuncha yaxshi. Keyingi yilga ham motivatsiya olib, Buxoro xalqini xursand qilish uchun kurashamiz. Har bir hujumchining maqsadi bo‘ladi. Biz ham yana ko‘proq gol urishga va intriga qilishga harakat qilib ko‘ramiz. Nima uchun yo‘q? Ishtaha ovqat paytida keladi, deyishadi.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!