
Samvel Babayan: "Paxtakor" murabbiyi nima deb o‘ylashi muhim emas
O‘zbekiston Superligasi 17-turidan o‘rin olgan "Navbahor" - "Paxtakor" uchrashuvi yakuniga etdi. Unda jamoalar 1:1 hisobidagi durangga imzo chekdi.
Mazkur o‘yin tugaganidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Samvel Babayan o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
"Ikki teng kuchli jamoalar o‘rtasidagi bahs guvohi bo‘ldik. Bu jamoalarning darajasi OChLga munosib.
Ikkinchi bo‘limda o‘zimiz yaratgan qulay imkoniyatdan gol ura oldik. Jamshidning goli ajoyib chiqdi. O‘ylashimcha, biz g‘alabaga haqliroq edik.
Yaxshiboev ma’lum bir sabablarga ko‘ra bu o‘yinda ishtirok eta olmadi. Unda oilaviy muammolar bor edi. Har qanday inson buni to‘g‘ri qabul qilishi kerak. Biz uni bunday ahvolda maydonga tushira olmasdik.
Bugungi bahsni tahlil qilib chiqamiz. Xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqarish muhim.
"Paxtakor" gol urganimizdan keyin pozitsion hujumlarni amalga oshirdi. Chap qanot himoyamiz kamchiliklarga yo‘l qo‘ydi. Shu tarafdan raqib ko‘plab hujum yuzaga keltirdi.
Bugun yuqori pressing bilan harakat qildik. Raqib futbolchilarining erkin o‘ynay olmasligi uchun shunday qilishimiz kerak edi.
Qachondir bunday jamoaga qarshi nazoratni boy berishimiz tabiiy hol. Sababi, "Paxtakor" jiddiy raqib ekani boshidan ma’lum edi.
Ikkinchi bo‘limda biz gol urishimiz kerak edi. Statistika va raqamlarga e’tibor qaratish shart emas. Biz g‘alabaga yaqin keldik.
"Paxtakor" murabbiyi nima deb o‘ylashi muhim emas. Hamma "Navbahor" kuchli jamoaga qarshi qanday o‘ynashini kutdi. Biz yaxshi darajadagi o‘yin namoyish etdik va ularga munosib raqobatchi ekanimizni isbotlab bera oldik", - dedi "lochinlar" ustozi.
Fikrlar