
San’at Sharipov: Kichkina bir hodisa deb O‘zbekiston U-19 termasining murabbiyini ishdan olish bu oldindan tayyorlangan rejaga o‘xshaydi
Xabaringiz bor, bir necha kun oldin Osiyo Chempionati-2020 saralash bahslarida O‘zbekiston U-19 terma jamoasi Saudiya Arabistoni yoshlar termasiga qarshi bahs olib bordi. Bellashuvdan so‘ng yoshlarimiz safida 4 nafar futbolchi hakam tomonidan ogohlantirildi. Shuningdek, Odilbek Abdumajidov qizil kartochka olib, maydonni tark etdi. Bundan tashqari O‘zbekiston U-19 terma jamoasi bosh murabbiyi – Otabek G‘ulomxo‘jaev hamda uning yordamchisi Doniyor Usmonov ham nojoiz xatti-harakatlari sabab hakam tomonidan ogohlantirildi.
Ushbu uchrashuvni o‘rganib chiqqan OFKning Tartib-intizom va odob-ahloq qo‘mitasi O‘FAga shikoyat maktubi yo‘llab, uchrashuv davomida O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi murabbiylari o‘zini noprofessional tarzda tutganliklari va buni o‘rganib chiqib, tegishli choralar ko‘rilishi zarurligini ma’lum qildi. Ushbu holat esa O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiboriga, mazkur yosh toifasidagi qit’a chempionatiga mezbonlik qiladigan mamlakat imidjiga musobaqa oldidan salbiy ta’sir o‘tkazishi ehtimoli mavjud.
Natijada O‘FA Otabek G‘ulomxo‘jaev rahbarligidagi murabbiylar shtabini egallab turgan lavozimidan ozod etdi. Uning o‘rniga Temur Kapadze bosh murabbiy etib tayinlandi.
Otabek G‘ulomxo‘jaev: Hech kimdan xafagarchiligim yo‘q
O‘FAning sobiq birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonovning maslahatchisi San’at Sharipov tvitterdagi o‘zining sahifasida ushbu voqeaga o‘z munosabatini bildirdi.
- Kichkina bir hodisa deb O‘zbekiston U-19 termasining murabbiyini ishdan olish bu oldindan tayyorlangan rejaga o‘xshaydi. G‘ulomxo‘jaev bolalarni yaxshi bilar va sekin-astalik bilan katta musobaqaga tayyorlanayotgan edi. Balkim, bu vaziyatda O‘FA uni himoya qilgani yaxshimidi, - deb yozdi San’at Sharipov.
Ma’lumot o‘rnida, San’at Sharipov shu yilning iyul oyida lavozimini tark etgandi.
Fikrlar