Sanjar Rashidov: Bekoboddagi g‘alabadan keyin endi bemalol 3-o‘ringa kurashsak bo‘ladi

  • 22 oktabr, 2019, 07:02
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

«So‘g‘diyona» klubi 22-turda Bekobodda «Metallurg» ustidan ishonchli g‘alabaga erishdi. Jamoa etakchilaridan biri Sanjar Rashidov tomonidan kiritilgan gol yakunda jizzaxliklarga o‘ta muhim bo‘lgan uch ochkoni keltirdi va bu orqali «So‘g‘diyona» uchinchi o‘ringa mustahkam o‘rnashib oldi. Shu bois o‘yin qahramoniga aylangan Sanjar Rashidovga ayrim savollar bilan murojaat qildik.

- «Metallurg»ga qarshi uchrashuvda sizning kiritgan yagona golingiz o‘yin taqdirini hal qildi va «So‘g‘diyona»ga qimmatli uch ochkoni taqdim etdi. Odatda «Metallurg» maydonidan g‘alaba bilan qaytish ancha-muncha klubga nasib qilmaydi…

- Uchrashuv haqida gapiradigan bo‘lsam, «Metallurg» bilan oson o‘yin bo‘lmasligini yaxshi bilardik. Lekin biz shunga yarasha tayyorgarlik ham ko‘rgandik. Qolaversa, oxirgi paytlarda ketma-ket duranglar o‘ynayotgandik va bu safar uch ochkoni qo‘lga kiritishimiz juda muhim edi. Agar «Metallurg»dan uch ochkoni qo‘lga kiritadigan bo‘lsak, shunda medallar uchun kurashsak bo‘lardi. Bizda mana shunday imkoniyat bor edi va hamma buni yaxshi tushungan holda bellashuvga har tomonlama jiddiy tayyorgarlik ko‘rgandik. Hayriyatki, o‘zimiz kutgan natijaga erishdik. Lekin uchrashuv og‘ir o‘tdi. O‘ylashimcha, tomoshabop o‘yin bo‘ldi.

- Ushbu g‘alabadan keyin «So‘g‘diyona» uchinchi o‘rin uchun kurashda yanada faol holatga keldi. Vaholanki, mavsum avvalida hech kim jizzaxliklarning sovrinli o‘rinlar uchun kurashishini kutmagandi. Klub oldiga uchinchi o‘rinni egallash bosh vazifa sifatida qo‘yilganmidi?

- Mavsum boshida bizga oltinchi o‘rinni egallash vazifasi qo‘yilgandi. Xudoga shukrki, ko‘rsatayotgan natijalarimiz juda yaxshi. Ayni paytda bizda uchinchi o‘rinni egallash bo‘yicha imkoniyatlarimiz bor. Shu sababli hozirgi maqsadimiz sovrindorlar qatoridan joy olish.

Sanjar Rashidov2

- «So‘g‘diyona» mavsumni yaxshi boshlay olmagandi. Sergey Lushanning o‘rniga Ulug‘bek Baqoev kelganidan so‘ng jamoa kuchayishga erishdi. Ayting-chi, «So‘g‘diyona»ning barqaror o‘yin ko‘rsatayotgani nima bilan bog‘liq?

- Mavsum boshidagi ketma-ket mag‘lubiyatlardan keyin hammamiz tushkunlikka tushib qolgandik. Ulug‘bek Baqoev kelib esa jamoani ruhiy tomondan ko‘tardi va hammaga dalda berdi. U jamoa o‘yiniga anchagina ijobiy o‘zgarishlarni kiritdi. Ikkinchi davrada esa jamoamizga Jasur Hasanov, Ivan Nagaev singari yangi futbolchilar keldi va ularning yordami tegyapti. Natijada futbolchilarda o‘zlariga bo‘lgan ishonch ham ortdi. Rahbariyat, murabbiylar va futbolchilar hammamiz birgalashib mana shunday natijalarga erishyapmiz.

- Sizni jamoa sardori va etakchisi sifatida bilamiz. Ammo oxirgi paytlarda zaxirada qolayotganingiz yoki zaxiradan o‘yinga qo‘shilayotgan paytlaringizni ham ko‘rdik. Yoki asosiy tarkibdan joy olish qiyin kechyaptimi?

- Ulug‘bek Baqoevda shunday xususiyat borki, uning jamoasida hech kim asosiy tarkibda muntazam o‘ynashga kafolatlanmagan. Doimo o‘yinchilarni almashtirib turadi. Ko‘pincha o‘yinga va qo‘llanilayotgan taktikaga qarab futbolchilarni o‘zgartirib turadi. Bu erda boshqa muammo yo‘q. Shunchaki, hozir aytganidek, raqibga qarab tarkibni tanlaydi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!