Sardor Rashidov: "Shartnomam tugadi, oldimda 2 ta variantim bor"
Futbolimizning taniqli charm to‘p ustalaridan biri Sardor Rashidov yozgi ta’til sababli yurtimizga qaytdi. Bilsangiz kerak, u bungacha BAAning birinchi divizionida “Dubay” klubi sharafini himoya qildi. Kuni kecha Sports.uz muxbiri futbolchiga ayrim savollar bilan murojaat qildi.
- “Dubay” futbol klubidagi faoliyatingiz qanday kechmoqda? U erda to‘p surishga rozi bo‘lganingiz asosan nima bilan bog‘liq edi?
- “Dubay” klubi rahbarlari meni o‘z jamoasida ko‘rishni xohladilar va men bu taklifga rozi bo‘ldim. Menga o‘yin amaliyoti kerak edi. Qisqa muddat ichida 25 ga yaqin o‘yinlarda maydonga tushdim va o‘z formamni tiklab oldim.
- Legioner sifatida arab chempionatlarida yaxshi taassurot qoldirdingiz. “Dubay”da ham o‘zingizni xuddi Qatardagidek his qilyapsizmi?
- Ha, albatta, Dubay menga begona emas. “Al-Jazira”da o‘ynagan paytlarimda ko‘rganman va bilardim. Men uchun birinchi o‘rinda Qatar chempionati turadi, qalbimda.

- Darvoqe, Germaniyada Evropa chempionati boshlandi. Sizningcha, favoritlar kim va qaysi terma jamoa chempion bo‘ladi?
- To‘g‘risini aytsam, men bu turnirga unchalik qiziqmadim. Chunki jahon chempionatini jonli ko‘rib guvohi bo‘lganimga bo‘lsa kerak. Evropa chempionatini unchalik ko‘rmayman ham.
- Biror marta Evropa chempionatini stadiondan kuzatish imkoni bo‘lganmi?
- Yo‘q, bo‘lmagan. Jahon chempionatini ko‘rgan odamga Evropa qiziq emas (kuladi).

- Keyingi rejalaringiz qanday? “Dubay” klubidagi faoliyatingiz davom etadimi? Shartnoma qancha muddatgacha edi?
- Shartnomam tugadi. Ammo oldimda 2 ta variantim bor. Ular ham 1-liga klublari. Ko‘ramiz, niyatim arablarda qolish.
- Milliy terma jamoamizni kuzatayotgandirsiz. Eronga qarshi o‘yini haqida nima deya olasiz?
- Yigitlar Eronga ko‘rsatib qo‘yishdi. Hozirgi terma jamoamiz juda yaxshi tashkil topgan va jahon chempionatiga chiqish ham oldingidek qiyin emas. Imkoniyat juda yuqori, Xudo xohlasa albatta chiqamiz.

- Futbolimizda Rashidovlar oilasi sifatida siz va ukalaringiz ancha ko‘zga tashlangandi. Ammo oxirgi paytlarda bu narsa sezilmayapti. Bunga nima sabab?
- Ha, ukalarimga kelsak, hozircha Sanjar “So‘g‘diyona”ga tegishli bo‘lib turibdi, shartnoma bo‘yicha. Sahob esa birinchi ligada “Jizzax”da o‘ynayapti. Hali hammasi oldinda, Rashidovlar qaytadi.
- O‘zbekiston chempionatiga qaytish niyatingiz bormi?
- Bilmadim, ko‘ramiz. Yaxshi taklif bo‘lsa, nimaga yo‘q? Buni vaqt ko‘rsatadi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar