Shahboz Jo‘rabekov: "Navbahor"ga OChL-2024da zafar quchish maqsadida keldim"

  • 22.12.2022 09:38
  • Javokhir Azimov
  • 1
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Ortda qolgan bir necha mavsumni "So‘g‘diyona"da o‘tkazgan himoyachi Shahboz Jo‘rabekov "Navbahor" bilan ikki yillik shartnoma imzoladi. Shundan so‘ng futbolchi "lochinlar" matbuot xizmati uchun qisqacha intervyu berdi. Quyida mazkur suhbatni e’tiboringizga havola etamiz.

– Shahboz, avvalo “Navbahor”ga xush kelibsiz? Jamoamiz safiga qo‘shilishingiz qanday yuz berdi?

"Avvalo, assalomu alaykum. Tabrik uchun rahmat. Meni “Navbahor”ga jamoa bosh murabbiyi Samvel Vyacheslavovich Babayan taklif qildi. Ushbu mutaxassisni yaxshi bilganim bois, bu taklifni ikkilanmay qabul qildim va mana bugun jamoa bilan shartnoma imzoladim".

– Yangi jamoangiz “Navbahor” borasida qanday ma’lumotga egasiz?

"Albatta, “Navbahor”ni juda yaxshi bilaman. Yakunlangan mavsumda jamoa chempionatda yaxshi start oldi va mavsum yakuniga qadar chempionlik uchun kurash olib bordi, shuningdek, O‘zbekiston kubogi bahslarida ham finalga qadar etib bordi. Biroq har ikki musobaqada ham “Navbahor”ga bir qadam qolganida biroz omad etishmadi. Xudo xohlasa, yangi mavsumda “Navbahor” bilan O‘zbekiston Superligaci, O‘zbekiston kubogi hamda Osiyo Chempionlar Ligasi (OChL) pley-off bahslarida muvaffaqiyatli qatnashib, jamoa safida O‘zbekiston chempionligi va kubogini qo‘lga kiritishni niyat qilganman.

Shuningdek, jamoa bilan OChL pley-off uchrashuvlarini omadli yakunlab, guruh bosqichiga yo‘l olish, bir so‘z bilan aytganda, yangi mavsumda “dubl”, 2024 yilgi mavsumda esa OChLda ham zafar quchish, qisqasini aytganda, “Navbahor”ga sovrinlarni qo‘lga kiritish maqsadida keldim. Buni amalga oshirish uchun qo‘limdan kelganicha harakat qilaman".

- Jamoa muxlislari borasidagi fikringiz...

"Futbol muxlislar uchun o‘ynaladi, albatta. “Navbahor” ishqibozlariga esa ta’rif ojiz. Ular nafaqat yurtimiz, balki, Markaziy Osiyoda ham eng faol muxlislar sanaladi. Jamoaga kelishimda ushbu omil ham muhim ahamiyat kasb etdi. Yangi mavsumda ishqibozlarga quvonch ulashib, g‘alabalarimiz bilan ularni xursand qilishga intilamiz".

Shahboz Jo‘rabekov – 1997 yil, 2 fevralda Jizzax shahrida tug‘ilgan.
Futbol bilan 6 yoshidan shug‘ullanishni boshlagan.
Birinchi murabbiyi: Usmon Muxamedshin.
Ampluasi: himoyachi.
Jizzaxdagi futbol maktab-internatida tahsil olgan.
2014-2022 yillar davomida “So‘g‘diyona” jamoasida o‘ynagan.
Oilali.

“Navbahor” matbuot xizmati

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Aziz Yuldashev
22/12/2022 12:39
Ал Наср Роналду билан амалга оширмоқчи ОЧЛ ғолиблигини. Тушунган тушунди.