Shohjahon Ergashev: Ustozlar duosi g‘alabaga ruhlantiradi
Professional boks muxlisu mutaxassislari e’tiboriga tushgan o‘zbekistonlik nokautchi Shohjahon Ergashev (8-0-0, 8 KO) faoliyatidagi to‘qqizinchi jangini 25 mart kuni Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida o‘tkazadigan bo‘ldi.
Muhim jangga tayyorgarlik ko‘rayotgan Shohjahon Ergashev SPORTS.uz axborot portaliga intervyu berdi.
- Shohjahon, ayni paytda nima bilan bandsiz?
- Hozir Sankt-Peterburgdaman. 25 mart kuni bo‘ladigan jangga hozirlik ko‘ryapman. Bu men uchun juda muhim jang. Tayyorgarlik puxta bo‘lishi kerak.
- Mashg‘ulotlarni qaerda o‘tadingiz?
- Mashg‘ulotlar asosan Moskva, Farg‘ona va Toshkenda bo‘ldi. So‘nggi bosqich Sankt-Peterburgda o‘tmoqda. O‘zbekistonga borganimda havaskor boksda menga murabbiylik qilgan ustozim - senator Rustam Majidov ziyorat qildim. Bo‘lajak jang oldidan ustozimdan duo oldim. Ustoz duosi shogirdlari g‘alabaga, muvaffaqiyatga ruhlantiradi.

Men uchun murabbiylari, muxlislarim, ota-onam va menga ishonch bildirgan har bir insonning ishonchini oqlash muhim.
- Odatda, ayrim raqiblaringiz jangga yaqin siz bilan ringga chiqishdan bosh tortadi. Bu gal unday bo‘lmadimi?
- Bokschilarning jangdan bosh tortishi professional ringda ko‘p uchraydigan holat. Buni tabiiy qabul qilish kerak. Faqat bir jangga tayyorlanish uchun bokschi ancha mehnat qiladi. Faoliyatim davomida bir necha marotaba shunday bo‘ldi. Men bilan jang qilishi kerak bo‘lgan bokschi so‘nggi palada ringga chiqishdan bosh tortdi. Buni turli sabablar bilan izohlash mumkin. Lekin ko‘pincha professional bokschilar o‘z hisobiga mag‘lubiyat tushishidan qo‘rqadi. Chunki bitta mag‘lubiyat har qanday bokschining reytingiga salbiy ta’sir qiladi.
Raqiblarim jangga kelmasligini ma’lum qilgan paytlarda menejerim va promouterlar darrov boshqa bokschini topishga harakat qilishadi. Ular hozircha buning uddasidan chiqmoqda.
Bu galgi raqib fikridan qaytgani yo‘q. Lekin janggacha hali uch kun bor.
- Navbatdagi raqibingiz haqida ma’lumot bersangiz...
- 25 mart kuni ugandalik Hamza Sempevoga qarshi ringga chiqaman. Raqibim etti yildan buyon professional ringda jang qiladi. Hamza Sempevo shu kungacha 14 ta jangda zafar quchgan va olti marotaba mag‘lubiyatini tan olgan.

Bu bokschi ikki vazn bo‘yicha Uganda chempioni, Sharqiy va Markaziy Afrika chempionlik kamari sohibidir.
Hamza Sempevo bilan jangimiz olti raundlik reyting jangi bo‘ladi.
- Shohjahon, bo‘lajak jangda omad va g‘alaba tilaymiz?
- Rahmat. Albatta to‘qqizinchi jangimda ham raqibimni nokaut qilib, muxlislarim ishonchini oqlashga harakat qilaman.
PS. Shohjahon Ergashevning navbatdagi jangga tayyorgarligidan olingan videolavhani quyida tomosha qiling.

Fikrlar