
Shomurodov – “Jenoa”ning yashirin qahramoni!
“Jenoa” muvaffaqiyatlariga katta hissa qo‘shayotgan Eldor Shomurodov murabbiy va mutaxassislar ishonchini oqlash barobarida muxlislarning qalbidan ham tobora chuqurroq joy olmoqda.
O‘zbekistonlik hujumchi genuyaliklarning “Kalyari” ustidan qozongan g‘alabasida ham eng muhim ishni amalga oshirdi. Eldor raqib jarima maydonchasi ichida ikki himoyachini dog‘da qoldirib, golli vaziyat yaratdi va Mattia Destroning yagona goli mezbonlarga qimmatli uch ochkoni keltirdi.
Shomurodov uchrashuvda 76 daqiqa harakat qildi. Bu vaqt mobaynida faol o‘yini bilan ajralib turgan bo‘lsa-da, shu kuni raqib darvozasini ishg‘ol qilish unga nasib qilmadi.
Albatta, hamyurtimizning “Jenoa”dagi o‘yinlari muxlislarga ma’qul bo‘lmoqda. Biroq, Eldordan bandan-da yaxshi o‘ynashni, ko‘proq gol urishni talab qilayotgan ishqibozlar ham yo‘q emas.
An’anaga binoan, e’tiboringizga fubol muxlislarining “Jenoa” – “Kalyari” uchrashuvidan keyin Eldor Shomurodov haqida bildirgan fikrlarini havola etamiz.
Fabrizio Canestrari:
Jamoa rivojlanmoqda. Mattia Destro jarohatdan tuzalib, maydonga qaytdi va gol urdi. Lekin asosiy ishni qilgan hujumchini unutmang. Shomurodovsiz biz gol ura olmasdik!
Stefano Linelli:
Eldor Shomurodov va Mattia Destro birga o‘ynaganida bizning jamoamiz g‘alaba qozonmoqda.
Alex Bastianelli:
Shomurodov juda foydali o‘ynayapti, lekin uning o‘zi ham gol urishi kerak. Bu o‘yinda unda bir nechta vaziyat bo‘ldi, lekin to‘p darvozaga kirmadi.
Elton Vrioni:
“El Uzbeko” yana bir gol keltirgan pasni amalga oshirdi. Joriy mavsum hisobidan bu uchinchisi. Bu hamma ham e’tibor qilmaydigan statistika. Shu tufayli ko‘pchilik Shomurodovning jamoaga keltirayotgan foydasini payqamay qolyapti.
Giacomo Giusto: (Elton Vrioni fikriga javoban)
Eng muhimi, buni Davide Ballardini yuqori baholamoqda va shuning uchun ham Shomurodovga boshlang‘ich tarkibdan joy beryapti.
Matteo Tomassi:
O‘zbek futbolchisi keyingi paytda ko‘p imkoniyatlarni ko‘kka sovuryapti. Agar u hujumda barqarorlikni oshirmasa, zaxiraga o‘tirib qolishi mumkin.
Nicola Carbone:
Jamoaning o‘yini tobora yaxshilanib bormoqda. Lekin ayrim o‘yinchilarning o‘sishi to‘xtab qolgandek. Biz Davide Dzappakosta va Eldor Shomurodovni katta umidlar bilan transfer qilganmiz. Ular buni oqlashi kerak.
Paris Emanuele:
Shomurodov yana yashirin qahramon bo‘ldi, hali uni qo‘ldan chiqarilgan imkoniyatlar uchun tanqid qilishadi. Lekin Eldor juda ko‘p foydali ishlarni bajardi, Kevin Strotmanni zo‘r pozitsiyaga olib chiqdi va u Mattia Destroga golli pas berdi. Golli vaziyatni Shomurodov yaratdi!
Fikrlar
Анада ўша МУХЛИС, дардимни кимга айтай...