Shomurodovdan qolgan joyni Muhammad Saloҳ egalaydi
Italiya chempionatida yuqori o‘rinlar uchun kurashayotgan “Roma” klubi joriy mavsum boshlanishidan avval Eldor Shomurodovni Turkiya chempionati vakili “Istanbul Boshakshehir”ga ijaraga jo‘natganidan so‘ng, hali ham o‘zbek forvardining o‘rnini bosa oladigan hujumchi topa olmadi.
Eldorning o‘rniga Angliya Premier-ligasidan taklif etilgan Evan Ferguson ham ishonchni oqlamadi. A Seriyada 16 ta uchrashuvda atigi uchta gol urgan irlandiyalik hujumchining salomatligi bilan bog‘liq muammolar ham yetarli. Rimliklar mavsum oxirida uni ortga qaytarib yuborishga qaror qilgan.
“Roma” Eldor Shomurodovni turk klubiga ijaraga bergan paytda istanbulliklardan 3 million yevro olgan. Shu bilan birga “Boshakshehir”ga agar klub Turkiya Superligasidagi o‘rnini saqlab qolsa, o‘zbek hujumchisini yana 2,8 million yevro to‘lab, to‘liq transfer qilish majburiyatini yuklagan.
Istanbul klubi joriy mavsum Superligada joyini saqlab qolish uchun emas, aksincha Yevropa turnirlariga yo‘llanma beradigan yuqori o‘rinlarga da’vogarlik qilmoqda. Bunda 27 ta uchrashuvda raqiblar darvozasini 16 marotaba ishg‘ol qilgan Eldor Shomurodovning hissasi katta bo‘lyapti.
Bundan shunday xulosaga kelish mumkinki, Shomurodov yozda endi Rimga qaytmaydi va “Roma” bilan aloqalar to‘liq uziladi.
“Roma”da Shomurodovdan bo‘shagan o‘ringa Muhammad Salohni olib kelishga tayyorgarlik ko‘rishmoqda.
Misrlik yulduz yaqinda joriy mavsum tugaganidan keyin “Liverpul”ni tark etishini e’lon qildi. Ayni paytda tahlilchilar 33 yoshli to‘purar qaysi ligaga yo‘l olishini taxmin qilmoqda.
Aksariyat ekspertlar Muhammad Saloh o‘z faoliyatida ijobiy burilish yasagan A Seriyaga qaytishini ta’kidlayapti. Saloh “Liverpul”ga yo‘l olgunga qadar 2015-2017 yillar davomida “Roma”da to‘p tepib, yuqori klassli hujumchi maqomiga ko‘tarilgan.
Nufuzli manba – La Gazzetta dello Sport nashri ham Muhammad Saloh “Liverpul”ni tark etib aynan “Roma”ga qaytish variantini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, Misr terma jamoasi futbolchisi kelajagi bo‘yicha yakuniy qarorni kechiktirish maqsadida Italiya klubida bir mavsum o‘tkazishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Saloh “bo‘rilar” safida o‘ynagan davrda barcha musobaqalarda 83 ta uchrashuvda ishtirok etib, raqiblar darvozasini 34 marotaba ishg‘ol qilgan va jamoadoshlariga 21 ta golli pas uzatgan.
Joriy mavsumda 33 yoshli futbolchi “Liverpul” safida jami 34 ta o‘yinda qatnashib, 10 ta gol urdi va 10 ta golli uzatma berdi.
Transfermarkt portali bahosiga ko‘ra, futbolchining ayni paytdagi bozor qiymati 30 million yevroga teng.
O‘zbekiston: Bu galgi raqib Argentina va Braziliyani qo‘rqitgan jamoa!
Xushxabar: Ular Husanovni tanlashdi!
Fikrlar