
Shomurodovdan xushxabar!
“Kalyari”da ijara asosida to‘p tepayotgan “Roma”ga tegishli hujumchi Eldor Shomurodov qariyb uch oylik tanaffusdan so‘ng, jarohatidan to‘liq qutilib, safga qaytdi.
Bu haqda Sardiniya klubi matbuot xizmati rasman xabar tarqatdi.
- CRAI sport markazidagi “Kalyari” mashg‘ulotlari muxlislar uchun ochiq eshiklar kuni sifatida tashkil etildi. Jamoa “Karlo Enriko Julini” arenasini va maydon chetini to‘ldirgan o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida ishladi.
Mashg‘ulotlar jismoniy mashqlardan boshlandi, keyin texnikani rivojlantirish va to‘p bilan ishlash mahorati bo‘yicha saboq berildi, oxirida yuqoridan pas va darvozaga zarba berish takomillashtirildi.
Eldor Shomurodov bu gal umumiy guruh mashg‘ulotlarida to‘liq ishtirok etdi.
Yana bitta mashg‘ulotdan keyin Klaudio Raneri “Empoli”ga qarshi bahs oldidan ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan matbuot anjumanida uchrashadi, - deb bayonot berdi “Kalyari” matbuot xizmati.
Eldor Shomurodov dekabr oyining boshida “Napoli”ga qarshi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida o‘ng oyoq barmog‘i suyagini sindirib olgan edi. 28 yoshli forvard tezroq oyoqqa turish maqsadida jarohatini operatsiya qildirdi.
Avvaliga jarohatdan qutilish uchun bir-bir yarim oy vaqt ketishi aytilgan edi. Biroq Eldorning futbolga qaytishi uchun ko‘proq vaqt talab etildi. Buning oqibatida O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va eng zo‘r to‘purari Qatar mezbonligida o‘tkazilgan Osiyo kubogida ishtirok eta olmadi.
Italiya chempionatining qolgan qismi Eldor Shomurodov uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Bosh murabbiy Klaudio Raneri tajribali forvardni jamoani A Seriyada olib qolishga yordamlashish uchun taklif etgandi.
Sardiniyaliklarning o‘zbek hujumchisiga ishonchi katta bo‘lgani bois, yozda klub uni keyinchalik to‘liq transfer qilish huquqini ham qo‘lga kiritdi. Kelishuvga ko‘ra, “Kalyari” Shomurodovning bir yillik ijarasi uchun “Roma”ga 1 million evro to‘lagan va mavsum yakunlangach, yana 9 million evro evaziga transferni to‘liq yakunlanish huquqi ham bor.
Shomurodov o‘tgan yozda “Kalyari” safiga jismoniy tayyorgarlikka ega bo‘lmagan holatda qo‘shildi va sport formasini tiklab olish uchun ko‘p vaqt sarfladi. Bunga endi erishganida va jamoaga foyda keltira boshlaganida og‘ir jarohat tufayli safdan chiqdi.
Qishki transferlar vaqtida Shomurodovni “Salernitana” tarkibiga qo‘shib olishga urinib ko‘rdi. “Roma” bilan kelishuvga erishgan salernoliklar hujumchiga muntazam o‘yin amaliyoti berishni rejalashtirgandi. Manbalar o‘zbek futbolchisi ham jamoani o‘zgartirishga tayyor ekanini yozdi. Biroq, Klaudio Raneri hamyurtimizni qo‘yib yuborishni istamadi.
Endi italiyalik tajribali murabbiy chempionatning qolgan qismida Eldorga ko‘proq imkon berishiga umid qilinyapti. Qolaversa, jamoada jarohatlar bilan bog‘liq vaziyat ham hujum chizig‘ida Shomurodov xizmatlaridan foydalanishni taqozo etmoqda.
A Seriyaning 27-turidan o‘rin olgan “Empoli” va “Kalyari” o‘rtasidagi muhim uchrashuv 3 mart kuni Toshkent vaqti bilan soat 19:00 da boshlanadi.
Fayzullaev “Real” taklifini qabul qilishga tayyor!
Abduqodir Husanovni tabriklashdi!
Shomurodov muhim taklif kutyapti
Fayzullaevga katta baho berildi
Shomurodov haqida so‘nggi ma’lumot!
Fayzullaevga erkinlik bering!
Fayzullaevni 60 million evrolik yulduzga tenglashtirishdi
O‘zbekistonda yana xorijga ketishi mumkin bo‘lgan o‘yinchilar bormi?
O‘zbek futbolchilari legionerga aylanishga tayyor
Fikrlar