
Shomurodovga yangi va yaxshi da’vogar chiqdi!
Italiyadagi yagona vakilimiz - O‘zbekiston milliy terma jamoasi va eng zo‘r to‘purari Eldor Shomurodovning “Roma”dagi kelajagi hamon mavhum bo‘lib turibdi.
Rim klubi yanvar oyidan boshlab tarkibda jiddiy o‘zgarishlar qilishga bel bog‘lagan. Xususan, bosh murabbiy Klaudio Raneri yangi markaziy hujumchi kutyapti. Klub mutasaddilari bir necha Raspadori va Beto kabi forvardlarni olib kelish variantlarini ko‘rib chiqmoqda. Boshqa nomzodlar ham yo‘q emas, albatta.
“Roma” birinchi navbatda, besh nafar futbolchi bilan xayrlashishni rejalashtirmoqda. Ro‘yxatga Eldor Shomurodov, Lorentso Pellegrini, Mario Ermoso, Zeki Chelik, Brayan Kristante kabi tajribali o‘yinchilar kiritilgan.
Aslida har transfer bozori atrofida Eldor Shomurodov masalasi ko‘tariladi. Legionerimiz rimliklar asosiy tarkibda muqim joyiga ega emas. Biroq mahoratli va tajribali forvardni har transfer mavsumida bir necha klublar ijaraga olishga harakat qilib keladi.
Joriy mavsum davomida 29 yoshli o‘zbek hujumchisiga A Seriya debyutanti “Komo” va V Seriyada qolish uchun kurashayotgan “Salernitana” qiziqish bildirayotgani haqida ma’lumotlar tarqatilgan edi. Endi da’vogarlar ro‘yxati kengaya boshladi.
L'Unione Sarda nashrining yozishicha, “Kalyari” rahbariyati o‘tgan mavsum jamoada o‘ynab ketgan Eldor Shomurodovni chempionatning ikkinchi yarmi uchun ijaraga olishni maqsad qilgan.
“Kalyari”ning bu mavsum ham ishlari yaxshi emas. 17-turdan keyin sardiniyaliklar 14 ochko bilan xavfli zona – 18-o‘rinni egallab turibdi. Klub rahbariyati hujum chizig‘ini kuchaytirishni reja qilgan. Chunki “Kalyari” ligada eng kam gol urayotgan to‘rt jamoadan biri. Hujumchilar orasida Roberto Pikkoli barcha uchrashuvlarda qatnashib, to‘rtta gol urdi. Leonardo Pavoletti va Zitu Luvumbu hisobida atigi bittadan gol bor xolos. Janluka Lapadula gollar hisobini ochgani yo‘q. Aynan perulik hujumchi tez kunlarda “Palermo”ga o‘tib ketmoqchi. Eldor Shomurodov uning o‘rniga taklif qilinadi.
- “Kalyari” hujum chizig‘ini Eldor Shomurodov yordamida kuchaytirmoqchi. Biroq bunda bir muammo bor. “Roma” o‘zbek futbolchisini to‘liq transfer qilmoqchi. “Kalyari”ga Shomurodovni sotib olish va katta maoshini to‘lash og‘irlik qiladi.
Shomurodov Sardiniya klubiga ijaraga o‘tishi mumkin, lekin buni “Kalyari” yanvarning oxirigacha kutishi kerak. Chunki “Roma” qishki transferlar davrida o‘z o‘yinchisini to‘liq transfer qiladigan da’vogar chiqishini kutadi, - deb vaziyatni shahrladi futbol eksperti Alberto Masu.
Eldor Shomurodov o‘tgan mavsum “Kalyari” safida 24 ta uchrashuvda uchtadan gol va assist muallifi bo‘lgan. Hamyurtimiz kiritgan to‘plar va samarali paslari sardiniyaliklar uchun muhim uchrashuvlarda amalga oshirilgan va jamoaning yuqori divizionda qolishiga xizmat qilgan.
Joriy mavsumda legionerimiz rimliklar safida etarli o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmayapti. Eldor 12 ta uchrashuvda ikkita gol va bitta assist qayd etdi. Biroq bu bahslarda maydonda hammasi bo‘lib, 285 daqiqa harakat qildi xolos.
Transfermarkt portalida hamyurtimizning transfer summasi 4 million evroga tushdi. Shomurodovning eng qimmat davri 2021 yilning oktyabrida “Roma”dagi faoliyatini boshlaganida qayd etilgan bo‘lib, 14 million evroni tashkil etgan. Shomurodov shu tariqa o‘zbek futboli tarixidagi eng qimmatbaho o‘yinchi nomini olgan edi...
Fikrlar