Shota Arveladze: Xohlasangiz, uch nafar o‘yinchi olib kelamiz
12 mart kuni "Paxtakor" Toshkentda Saudiya Arabistonining "Al Ahli" jamoasini Chempionlar Ligasi 2-tur o‘yini doirasida qabul qiladi. Bugun har ikki jamoa bosh murabbiylari o‘rtasida o‘yindan oldingi matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda mezbonlar ustozi Shota Arveladze va futbolchi Egor Krimets bo‘lajak bahs borasida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
Arveladze: - Guruhimizdan kuchli jamoalar o‘rin olgan. O‘yinlar keskin va qiziqarli kechishiga shubha yo‘q. Uyda muxlislar qarshisida o‘ynash yoqimli. O‘yinga jiddiy tayyorlandik, raqibni o‘rganib chiqdik. Raqib himoyada ham, hujumda ham yaxshi o‘ynaydi. Har bir o‘yinda o‘rtacha ikkitadan gol urishadi. Alohida bir o‘yinchini ko‘rsata olmayman.

Taktikamizni hozir ayta olmayman. Aks holda, raqiblar uchun barchasi ma’lum bo‘lib qoladi. O‘ziga yarasha rejalar tuzganmiz.
Krimets jamoa sardori bo‘lgani sababli matbuot anjumanlariga tashrif buyurmoqda. Xohlasangiz, uch nafar o‘yinchi olib kelamiz.
Krimets: - O‘yinga yaxshi hozirlik ko‘rdik. Raqibning kuchli va kuchsiz taraflarini o‘rgandik. Umar Soma juda yaxshi saviyadagi hujumchi. U jarima maydoni ichida harakatlarda juda faol harakat qiladi.

Muxlislarni muhim o‘yinga taklif qilaman. Eronda ko‘p sonli ishqibozlar qarshisida ajoyib o‘yin bo‘ldi. Biz ham uyda shunday muhitda o‘ynashni istagan bo‘lardik. Muxlislarni bizni qo‘llab turishga chaqirib qolaman.



Fikrlar