“Showtime” dasturidan o‘rin olgan professional boks olamining super janglari bilan tanishing

  • 26 iyul, 2020, 09:14
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO

Hozirgi pandemiya davrida professional boks olamidagi kuchli bokschilar o‘rtasida chempionlik janglarining o‘tkazilishini mo‘’jiza desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. “Top Rank”, “Matchroom”, “Golden Boy” kabi tom ma’nodagi yirik promouterlik kompaniyalarining rahbarlari Bob Arum, Eddi Xirn, Oskar De La Xoya nisbatan oddiyroq boks kechalarini tashkil etib, mashhur yulduzlar o‘rtasidagi katta janglarni o‘tkazish borasida ikkilanib turgan  pallada, yana bir katta kompaniya El Xaymonga qarashli PBC (Premier Boxing Champions) AQShning “Showtime” kanali bilan hamkorlikda 9 ta jahon chempioni, 18 nafar mag‘lubiyat bilmay kelayotgan bokschilar ishtirokidagi 8 ta super jang kechasini e’lon qildi.

Tecno

Quyida ushbu professional boks oqshomidagi muhim janglarni anons tariqasida e’tiboringizga havola etamiz.

1 avgust:

 Stefan Fulton (18-0, 8 KO) – Anjelo Leo (19-0, 9 KO)

Ushbu jang ikkinchi yarim engil (55.2 kg) vaznda vakant bo‘lib turgan WBO chempionlik kamari uchun kechadi. Mazkur kamar egasi Emanuel Navaratte bir vazn yuqoriga ya’ni, yarim engil vaznga (57.1 kg) o‘tishi munosabati bilan kamar vakant qolgan edi. Tashkilot esa, reytingda birinchi o‘rindagi Stefan Fulton va ikkinchi o‘rindagi Anjelo Leo jangiga buyruq berdi. Darvoqea, bu vazn toifasida hamyurtimiz Murodjon Ahmadaliev (8-0, 6 KO) WBA va IBF yo‘nalishi chempioni hisoblanadi

15 avgust:

David Benavides (22-0, 19 KO) - Roumer Aleksis Angulo (26-1, 22 KO)

Super o‘rta vaznda WBC chempioni hisoblanuvchi Benavides o‘z kamarini reytingda 15-o‘rinda borayotgan Angulodan himoya qiladi. David ushbu to‘qnashuvda g‘alaba qozonsa, navbatdagi jangida reytingda 1-o‘rinda borayotgan turkiyalik Evni Yildirimga qarshi ringga ko‘tariladi. Bunday holatda 2-o‘rindagi hamyurtimiz Azizbek Abdug‘ofurov (13-0, 5 KO) ham keyingi majburiy da’vogar bo‘lishi mumkin.

angulo

19 sentyabr:

 Erikson Lubin (22-1, 16 KO) – Teller Gausha (21-1-1, 10 KO)

 Mazkur qarama-qarshilik super yarim o‘rta vaznda (69.8 kg) jahon chempionlik kamari uchun eliminator (saralash) jangi maqomida bo‘ladi. Ammo, g‘olib qaysi yo‘nalishda majburiy da’vogar bo‘lishi hali aytilganicha  yo‘q. Erikson Lubin ushbu vazn toifasida WBC reytingida birinchi, WBA reytingida to‘rtinchi o‘rinda qayd etilgan bo‘lsa, uning raqibi Gausha WBA reytingida ettinchi o‘rinni egallab turibdi.

26 sentyabr:

Jermall Charlo (30-0, 22 KO) - Sergey Derevyanchenko (13-2, 10 KO),

Jermell Charlo (33-1, 17 KO) - Xeyson Rosario (20-1, 14 KO),

Daniel Roman (27-3-1, 10 KO) - Emanuel Rodriges (19-1, 12 KO),

Brendon Figeroa ( 20-0-1, 15 KO) - Demien Vaskes (15-1-1, 13 KO),

Mario Barrios (25-0, 16 KO) - Rayan Karl (18-2, 12 KO).

Shubhasiz, super jang kechasi, deb bemalol ayta olamiz. Chunki, bu oqshomdan 4 ta jahon chempionligi va yana bir eliminator jangi o‘rin olgan. Oqshomning asosiy 2 ta jangi PPV (pullik translyatsiya) etib belgilangan. Unda aka-uka chempionlar Jermell va Jermall Charlolar o‘z raqiblariga qarshi ringga ko‘tariladi. Markaziy jang o‘rta vazn toifasida (72.5 kg) WBC chempioni Jermall Charlo va ukrainalik Derevyanchenko o‘rtasida bo‘lsa, ikkinchi asosiy jang kamarlarni birlashtiruvchi maqomda bo‘lib, super yarim o‘rta vaznda (69.8 kg) WBC chempioni Jermell Charlo WBA, IBF va IBO chempioni Xeyson Rosario bilan to‘qnash keladi. Shu bilan birgalikda ushbu kardda barchamizga yaxshi tanish bo‘lgan ikkinchi yarim engil (55.2 kg) vaznda sobiq jahon chempioni Daniel Roman WBC yo‘nalishidagi eliminator jangida Rodrigesga qarshi ringga ko‘tariladi. Shuningdek, ushbu vaznda WBA Regular kamari sohibi Brendon Figeroa kamarini Demien Vaskesdan himoya qilsa, yana bir chempionlik jangida esa, super engil vaznda (63.5 kg) WBA Regular kamari egasi Mario Barrios ham himoya jangida Rayan Karlga qarshi bahs yuritadi.

10 oktyabr:

Qudratillo Abduqahhorov (17-0, 9 KO) - Sergey Lipinets (16-1, 12 KO),

Subriel Matias ( 15-1, 15 KO) - Malik Xoukins (18-0, 11 KO).

Ushbu kunda o‘zbek boks muxlislari uzoq kutgan jang ro‘y beradi. Professional boksning yarim o‘rta vaznida (66.6 kg) faoliyat yuritadigan hamyurtimiz Qudratillo Abduqahhorov vaqtinchalik IBF jahon chempionlik kamari uchun rossiyalik Sergey Lipinentsga qarshi ringga ko‘tariladi. Abduqahhorov IBF reytingida birinchi, Lipinets esa uchinchi o‘rinda bormoqda. Anderkardda esa, super engil vazn yulduzlaridan biri (63.5 kg) Sabriel Matias mag‘lubiyatsiz odimlayotgan Malik Xoukinsga qarshi jang qiladi.

abdu

 24 oktyabr:

Jervonta Devis (23-0, 22 KO) - Leo Santa Kruz (37-1-1, 19 KO)

Ushbu sanada ham bir qator qiziqarli janglar bo‘lib o‘tadi. Bu o‘zgacha boks oqshomining qiziqarli jihati faqatgina kuchli bokschilar bahsi bilan bog‘liq emas…  Buning o‘ziga xos sababi ham bor. Ya’ni, asosan pullik translyatsiya uchun rejalashtirilgan alohida jangda engil vazn toifasida (61 kg ) WBA Regular kamari sohibi Jervonta Devis (23-0, 22 KO) bir vaqtning o‘zida ikki vazn, birinchi engil (58.9 kg) va yarim engilda (57.1 kg) WBA Super chempionlik kamarlari sohibi Leo Santa Kruzga qarshi jang o‘tkazadi. Mazkur bahs birinchi engil vazn toifasida bo‘lsa-da, jang uchun 2 ta vazn kamarlari ya’ni, Devisning engil vazndagi WBA Regular va Leoning birinchi engil vazndagi WBA Super kamarlari tikilgan. Agar, ushbu to‘qnashuvda Leo g‘olib bo‘lsa, u bir vaqtning o‘zida 3 vaznda jahon chempionlik kamarlari egasiga aylanadi

28 noyabr:

Kris Kolbert (14-0, 5 KO) - Jemi Erboleda (16-1, 13 KO)

 Birinchi engil vaznda (58.9kg) vaqtinchalik WBA chempionlik kamari sohibi amerikalik Kolbert o‘zing dastlabki himoya jangida Panama vakili Jemi Erboledaga qarshi ringga ko‘tariladi.

 

12 dekabr:

Nordine Oubaali (17-0, 12 KO)- Nonito Doneyrga (40-6, 26 KO)

 Mazkur sanada tashkil etiladigan jang kechasida 53.5 kg vazn toifasida WBC chempioni frantsiyalik Nordine Oubaali majburiy da’vogar Filippin vakili Nonito Doneyrga qarshi himoya jangini o‘tkazadi.

Xullas, bizni ajoyib to‘qnashuvlar kutib turibdi. Albatta, biz muhim bo‘lgan janglar haqida ma’lumot berib o‘tdik. Vaholanki, ushbu sanalarda boshqa reyting janglari ham o‘rin olgan.

 

non

Jalol Ahmedov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!