
"Shu kunlarda shartnomaga qo‘l qo‘yiladi, "Turon"ning Yuranga qiziqishini birinchi marotaba eshitib turibman" - Baxtiyor Ashurmatovning rejasi qanday?
Pro ligada og‘ir o‘tgan mavsumda 3-o‘rinni egallab, pley-off orqali Superligaga qayta olgan Yaypanning “Turon” jamoasi ham 2023 yilgi futbol mavsumi uchun tayyorgarlik rejalarini ishlab chiqmoqda.
Vodiyning mazkur klubi elitaga qaytgach, oldingi xatolaridan qanchalik xulosa chiqara olgani muhim. Zero, mahalliy muxlislar yana avvalgi xato va kamchiliklar takrorlanishini mutlaqo istashmaydi. Klub vitse-prezidenti bo‘lib ishlayotgan Aleksandr Azimov bilan yangi mavsum rejalari haqida gaplashish uchun bog‘lanishga urinib ko‘rdik. Lekin u negadir o‘zini olib qochdi.
Mayli, undan ko‘ra, jamoani Superligaga olib chiqishga muvaffaq bo‘lgan murabbiy Baxtiyor Ashurmatovning fikrlari biz uchun muhimroq. Aksiga olib, Baxtiyor A’zamovichning klub bilan kelishuvi chempionat oxirigacha mo‘ljallangandi. Qiziq, “Turon” xo‘jayinlari murabbiy bilan hamkorlikni yana davom ettiradilarmi yoki boshqa rejalari bormi?
Uzun-quloq gaplarga qaraganda, “Turon” rossiyalik mutaxassis Sergey Yuran variantiga ham qiziqayotgan ekan. Ammo bu qanchalik rostligini bilmaymiz. Bilganimiz shuki, murabbiyning o‘zi O‘zbekistondan takliflar borligi haqida aytgandi. Ashurmatov esa Yuran masalasi va klubdagi taqdiri xususida shunday dedi:
“Assalomu alaykum. “Turon” jamoasining Yuranga qiziqishini birinchi marotaba eshitib turibman. Bu noto‘g‘ri xabar.
Keyingi yil ham “Turon”da ishlashim bo‘yicha jamoa rahbarlari bilan kelishib oldik. Xudo xohlasa, shu kunlarda shartnomaga qo‘l qo‘yiladi”, - deya fikr bildirdi, Baxtiyor A’zamovich.
Ko‘rib turganingizdek, yangi mavsumda ham Ashurmatov “Turon”dagi faoliyatini davom ettiradi. Axir u natija ko‘rsatdi va qiyin ahvolda qolgan klubni yana Superligaga qaytarishga muvaffaq bo‘ldi. Shunday ekan, klub xo‘jayinlari murabbiyga elitada ham ishonch bildirishmoqda. Ashurmatov mavsumlar oralig‘idagi tayyorgarlik rejalari bilan ham o‘rtoqlashdi.
“Jamoamiz rahbarlariga mavsum boshlanishiga kadar bo‘lgan tayyorgarlik rejasini taqdim qildim. Yig‘inlar Yaypan va imkon qilsak, Turkiyada bo‘lib o‘tadi. Agar Turkiya yig‘ini bo‘lmasa Yaypan va Toshkentda mavsumga tayyorgarlik olib boramiz. Lekin ikki haftaga Turkiya yig‘inini tashkillashtirsak jamoamiz uchun har tomonlama foydali bo‘lgan bo‘lardi. Birinchi yig‘inimiz esa 19 dekabrdan 29 dekabrgacha Yaypanda bo‘lib o‘tadi”.
“Turon” ishqibozlarini tarkibdagi o‘zgarishlar ham qiziqtirmasdan qolmaydi. Superligada munosib ishtirok etish uchun tarkib shunga yarasha kuchaytirilishi aniq. Yangi mavsum uchun yangi futbolchilar taklif qilinadi va yangi legionerlar ham bo‘lishi tabiiy. Joriy yilda “Turon” safida to‘p surgan xorijlik o‘yinchilar jamoani tark etgan.
“2022 yilgi mavsumda “Turon”da o‘ynagan hamma legionerlar bilan do‘stona xayrlashildi. Sergey Morozov, Siyavush Habibullaev va Sharif Rahmatov jamoani tark etishdi”, - dedi Ashurmatov.
Shunday ekan, klub selektsiyaga ham jiddiy e’tibor qaratgan. Yig‘inlar chog‘ida tarkibda yangi nomlar paydo bo‘laveradi. Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar