
Shunday kunlar keldiki, "So‘g‘diyona" endi mag‘lubiyat nimaligini bilmayapti! Baqoev bu jamoani qanday "qurdi"? yoxud asl maqsad boshqami?
Futbolimizni anchadan beri kuzatmagan inson turnir jadvaliga qarar ekan, nahotki deyishi mumkin. Ya’ni, Jizzaxning “So‘g‘diyona” jamoasini peshqadamlardan biri bo‘lib kelayotgani yoqimli ma’noda ajablantirayotgani rost.
9 ta tur o‘tibdiki, bu jamoa hech kimga bo‘yin egmasdan kelyapti. Shashti o‘zgacha, shijoati yuqori. Turnir jadvalida deyarli bir xil nomlarni ko‘rib kelayotgan bir paytda ularning orasiga “So‘g‘diyona”ning qo‘shilib borayotgani o‘ziga yarasha intrigani kuchaytiryapti. Jizzaxliklar g‘alabali seriyasini bu turda ham davom ettirdilar.
Qo‘qondagi o‘yin haqida
Ulug‘bek Baqoev jamoasini mazkur turda Qo‘qonda og‘ir o‘yin kutayotgandi. Buni murabbiy ham yaxshi his qilib turgandi. Darvoqe, ushbu o‘yinning yana bir ahamiyatli tomoni shunda ediki, bu murabbiylar o‘rtasida ham o‘ziga yarasha to‘qnashuv edi. Baqoevning hamkasbi, ilgari birga samarali ishlagan Baxtiyor Ashurmatovga qarshi bahs ham barchada qiziqish uyg‘otdi. O‘yinni ko‘rgan bo‘lsangiz, ayniqsa uning birinchi bo‘limi kutilmaganda juda qiziqarli va hujumkor ruhda o‘tdi. Kutilmagan deyishimizning boisi, hech kim tanaffusga qadar darvozalarga beshta gol urilishini kutmaganligi aniq. Qo‘qonliklar ilk daqiqadayoq hisobni ochishgan paytda bu mezbonlarga ruhiy ustunlik berishi taxmin qilindi. Ammo keyin voqealar rivoji o‘zgarib ketdi. Bo‘lim o‘rtalaridan o‘tgach, mehmonlar qandaydir besh daqiqa ichida shunday o‘yin ko‘rsatdiki, oqibatda birin-ketin qo‘qonliklar darvozasini uch marta ishg‘ol qildilar. Maydon egalari esa raqibning bunday shturimidan sarosimiga tushib qoldi. Yutqazayotgan mehmonlar o‘yinda shunday burilish yasadilarki, bunga faqat qoyil qolsa arziydi. Tablodagi 1:0 qisqa daqiqalar ichida 1:3 ga o‘zgarib qolishini hatto Baqoev va uning jamoasi ham kutmagandi. “Qo‘qon-1912” o‘yin boshida gol urgani kabi bo‘limning oxirgi daqiqasida ikkinchi golni urib hisobni qisqartirdi. Ammo Yakuba Bambaning darvozani ishg‘ol etgani o‘yindagi oxirgi gol ekanligini uchrashuv yakunida bilib oldik. Ikkinchi bo‘limda 2:3 hisobi o‘zgarmay qoldi. Jamoalar barcha gollarni tanaffusgacha kiritib bo‘lishgan ekan. Shu bois uchrashuv taqdiri birinchi bo‘limda hal etildi, deb aytishimiz mumkin.
Endi bu jamoalarning o‘zaro statistikasiga qarasak, bu safargi to‘qnashuvi klublarning 31-o‘yiniga aylandi. Ustunlik jizzaxliklar tomonida. Ular 15-g‘alabasiga erishishdi.”Qo‘qon-1912” esa bunday natijani 9 marta qayd etgan va yana 7 ta uchrashuvda durang kuzatilgan. Qizig‘i, “So‘g‘diyona” o‘zaro uchrashuvlarda ikki safardan beri uchtadan gol urib kelyapti. O‘tgan yili Jizzaxdagi uchrashuvda “So‘g‘diyona” 3:0 hisobida raqibni dog‘da qoldirgandi. Mana, ko‘rib turibsiz, Baqoev futbolchilari Ashurmatov jamoasiga uchtadan gol urib kelyapti.
“So‘g‘diyona” mag‘lubiyatsiz seriyasini qachongacha davom ettira oladi?
Bu yilgi O‘zbekiston Superligasi “So‘g‘diyona” uchun muvaffaqiyatli kechyapti. Shuning uchun ham ular chempionat boshidan beri mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelmoqdalar. Baqoev jamoasining chempionatda oxirgi bor qachon yutqazganini bilasizmi? O‘tgan yilning 25 noyabr kuni 24-turdan o‘rin olgan Toshkentda “Bunyodkor”ga qarshi bahsda 1:0 hisobida imkoniyatni boy bergan. Shundan beri Jizzax klubi hech kimga yutqazmasdan kelyapti. E’tiboringizni jamoaning bu yilgi natijalariga qaratamiz:
1-tur: “Navbahor” – “So‘g‘diyona” – 0:1
2-tur: “So‘g‘diyona” – “Turon” – 1:0
3-tur: “Qizilqum” – “So‘g‘diyona” – 1:1
4-tur: “So‘g‘diyona” – “Surxon” – 2:1
5-tur: “Bunyodkor” – “So‘g‘diyona” – 2:2
6-tur: “So‘g‘diyona” – “Mash’al” – 2:2
7-tur: “Metallurg” – “So‘g‘diyona” – 0:2
8-tur: “So‘g‘diyona” – “Andijon” – 4:1
9-tur: “Qo‘qon-1912” – “So‘g‘diyona” – 2:3
Ha, jamoaning natijalarini endi tasodif deb bo‘lmaydi. Ayniqsa, mavsumni Namanganda g‘alaba bilan boshlagan paytida ko‘pchilik buni tasodifga yo‘ygandi. Ammo o‘sha uchrashuvda hammasi Ulug‘bek Baqoevning aniq ishlangan rejasi asosida o‘tgan va yakunda jamoasi haqli g‘alabani qo‘lga kiritgan. Mana, shundan beri “So‘g‘diyona” yutqazgani yo‘q. Shu natijaning o‘zi “So‘g‘diyona”ning to‘g‘ri yo‘ldan ketayotganini bildiradi. Albatta, birinchi davraning oxirgi to‘rtta uchrashuvida jamoani etakchilarga qarshi o‘yinlar kutyapti, jadvalga qarang:
10-tur: “Paxtakor” – “So‘g‘diyona”
11-tur: “So‘g‘diyona” – “Lokomotiv”
12-tur: “Nasaf” – “So‘g‘diyona”
13-tur: “So‘g‘diyona” – AGMK
Bu taqdir hazilimi yoki...Ulug‘bek Baqoev va uning jamoasini endi haqiqiy “finallar” kutyapti desak mubolag‘a bo‘lmaydi. “So‘g‘diyona” qanday qilib mag‘lubiyatsiz odimlayapti, qanday qilib peshqadamlardan biri bo‘lib turibdi, deyayotganlar uchun oxirgi to‘rtta o‘yin kerakli javobni beradi. Bu o‘yinlar jizzaxliklar uchun katta sinov.
Baqoevning mehnati
Natijaga kim javobgar? Bosh murabbiy, to‘g‘rimi? “So‘g‘diyona”ning bu darajaga etib kelishida Ulug‘bek Baqoevning mehnati ulkan. Bu jamoa haqida gap ketganda, bosh murabbiyni eslab o‘tmasdan iloji yo‘q. Chunki bu u qurgan jamoa. 2019 yilning yarmidan “So‘g‘diyona” bosh murabbiyi sifatida ishlab kelayotgan murabbiy o‘tgan vaqt davomida klubni raqobatbardosh darajaga olib chiqdi. Natijada shunday kunlar keldiki, "So‘g‘diyona" endi mag‘lubiyatsiz odimlayapti. Yaqin-yaqingacha bu klubni asosan pastki o‘rinlarda yuradigan, ligada jon saqlab qoladigan va g‘alabasiz seriyasi uzun davom etadigan jamoa sifatida bilardik. Endi bo‘lsa...
Yodingizdami, Baqoev kelgan o‘sha 2019 yildayoq “So‘g‘diyona”ni 4-o‘ringa olib chiqdi va sal qolsa Osiyo Chempionlar ligasi uchun pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritishi mumkin edi. O‘tgan yili esa 6-pog‘onani egalladi. Yana bir gap: “So‘g‘diyona” hali mavsumni bu darajada muvaffaqiyatli boshlamagandi. Bu yil bo‘lsa, hammasi boshqacha. Baqoev birinchi navbatda jamoada temir intizomni o‘rnatdi. Futbolchilarda o‘ziga o‘xshab g‘olibona ruhni singdirishga erishdi. Shu bilan birga Ulug‘bek Istamovich qo‘l ostidagi o‘yinchilar bilan individual tarzda ishlashni ham biladi. U natijaga erishish uchun shunga yarasha reja ishlab chiqyapti. E’tibor bersangiz, o‘yin va natijalar tobora yaxshilanyapti. Futbolchilari esa futbol ommasining e’tiboriga tushyapti. Shoxruz Norxonov to‘purarlik salohiyatini ko‘rsatayotgani uchun terma jamoaga chaqirilyapti. Shuningdek, Iskandar Shoyqulov, Javohir Qahramonovni ham Vadim Abramov yig‘inga taklif qildi. Yana Shahboz Jo‘rabekov ham Baqoev qo‘l ostida juda yaxshi shakllanib boryapti. Jasur Hasanov bo‘lsa 38 yoshida ham xuddi navqiron yigitlardek ko‘rinyapti. U Baqoev bilan ishlayotganidan beri ikkinchi yoshligini boshdan kechiryapti.
Bir so‘z bilan aytganda, Ulug‘bek Istamovich misolida biz ajoyib mutaxassisga ega bo‘lib boryapmiz. U murabbiylik qirralirini ochishda davom etar ekan, bunday paytda uning ishi va natijalarini kuzatish yanada qiziqarli tuyulaveradi. Endi “So‘g‘diyona” oldingi “So‘g‘diyona” emas. Baqoev bu jamoani shunday darajaga olib chiqyaptiki, o‘zaro juftliklarda kerak bo‘lsa, jizzaxliklar favoritga aylanyapti. Baqoev esa ich-ichidan klubini Osiyo Chempionlar ligasiga olib chiqish ishqida “yonyapti”, bunga ishonavering!
Fikrlar