Sirojiddin Qo‘ziev: "Metallurg" bilan eng yaxshi natijalarga erishishni maqsad qilganman"
Xabar berib o‘tganimizdek, “Metallurg” klubi ham bir qator yangi futbolchilar bilan shartnomalar imzoladi. Ularning orasida iqtidorli yarim himoyachi Sirojiddin Qo‘ziev ham bor.
O‘tgan yili “Neftchi” sharafini himoya qilgan o‘yinchi keyin legioner sifatida to‘p surishni istagani uchun Malayziya chempionatiga yo‘l olgandi.
Ko‘rib turganingizdek, u yana Superligamizga qaytdi. Sports.uz jurnalisti Qo‘ziev bilan suhbatlashdi.
- “Metallurg” klubi bilan shartnoma imzoladingiz. Bu jamoadan ilk taklif qachon bo‘lgandi?
- “Metallurg” jamoasini taklif bilan chiqqaniga hali ko‘p bo‘lmadi va natijada ikki kun oldin shartnoma imzoladik.
- Bekobodliklar taklifini qabul qilishingizda asosiy turtki bo‘lgan narsa nima edi?
- “Metallurg” yaxshi shakllangan jamoa. Shu sababli o‘yin jihatidan ham ajoyib jamoa hisoblanadi. Bekobodliklarning taklifi menga har taraflama ma’qul keldi.

- Ma’lumki, siz bu yil Malayziya chempionatida legioner sifatida o‘ynadingiz. Xo‘sh, u erdagi faoliyatingiz qanday o‘tdi? Nimaga erishdingiz va aksincha...
- Ha, mavsum avvalida Malayziya jamoasi bilan bir yillik shartnoma imzolagandim. Aytishim mumkinki, u erda ham faoliyatim yaxshi o‘tdi. Lekin ma’lum sabablarga ko‘ra, ortga qaytishimga to‘g‘ri keldi.
- “Metallurg”da o‘zingiz uchun qaysi raqamni tanladingiz?
- Hali raqam tanlaganim yo‘q. Bunday narsalarni futbolchi uchun birinchi darajali deb hisoblamayman. Raqam tanlashga har doim ulguramiz.

- Oldingizda yana qanday takliflar bor edi? Masalan, yana Malayziyada qolishingiz mumkinmidi?
- Oldimda bir-ikkita takliflar bor edi. Malayziyaga kelsak, u erdan aniq taklif bo‘lgani yo‘q.
- Ciz “Neftchi”dan ketayotganingizda legioner fonida faoliyatingizda yangi sahifa ochayotgandingiz. Endi esa Superligaga qaytdingiz. Bu siz uchun nimani anglatadi?
- Bu nimanidir anglatadi, deb hisoblamayman. Barchasi Alloh xohlaganidek bo‘ladi. Nasib qilsa, yana legioner bo‘larman.

- “Metallurg” klubi bilan nimaga erishmoqchisiz? Masalan, oldingizga qanday maqsad qo‘ydingiz?
- “Metallurg” jamoasi bilan eng yaxshi natijalarga erishishni maqsad qilganman. Buning uchun bor kuchim bilan jamoaga yordam berishga harakat qilaman.
Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar