Slot: "Enfild"da butunlay boshqacha o'yin ko'rsatamiz"
"Liverpul" bosh murabbiyi Arne Slot Chempionlar ligasi chorak finalida PSJga qarshi ilk uchrashuvdagi 0:2 hisobidagi mag‘lubiyatdan keyin fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
"Ularning stadionida qaysidir jamoa o‘yinni shunday qurganini ko‘rganmisizki, PSJ to‘p nazorati va yaratilgan vaziyatlarda ustunlik qila olmagan bo‘lsin?
Men juda ko‘p o‘yinlarni ko‘rdim. Deyarli barchasida huddi shu manzara kuzatilgan, bugungi bahsda ham shunga yaqin holatni ko‘rdingiz. Ular o‘z maydonida deyarli har bir raqibni o‘yin jihatidan yengib kelgan.
Biz "Enfild"da boshqacha manzara ko‘rsatish uchun yangi o‘yin rejasini tayyorlashga harakat qilamiz. Uy maydonida muxlislar yordami juda katta ahamiyatga ega.
Agar sen agressiv va bosimli futbol o‘ynamoqchi bo‘lsang, shovqinli muhit jamoaga qo‘shimcha ustunlik beradi. Ayrim paytlarda aynan shu omil hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Albatta, biz bu o‘yindagi kabi taktika bilan maydonga tushmaymiz.
Ko‘pchilik e’tiborni taktikaga qaratishi mumkin, lekin men uchun bu bahsda asosiy jihat aynan shu emas. Bu stadionda turli taktikalar sinab ko‘rilgan, ammo natija ko‘pincha bir xil bo‘lgan — PSJ raqiblarini jiddiy bosim ostida qoldirgan", — dedi Arne Slot.
Fikrlar