
“Spartak”ga O‘zbekistondan futbolchi olishni aytishdi!
Moskvaning “Spartak” klubi rahbariyati bir necha yildan beri jamoani chempionlik uchun kurashadigan darajaga ko‘tara olmayapti. Bu yo‘lda qanchadan qancha transferlar amalga oshirildi, bosh murabbiylar o‘zgartirildi. Hozircha bu harakatlar samara bergani yo‘q.
Rossiyaning eng mashhur klubi jamoaning transfer siyosatini boshqarish uchun yangi sport direktorini ishga oldi. Bu lavozimga tayinlangan Tomash Amaral to‘rt yarim yildan buyon “Benfika”da iste’dodlarni kashf etish bilan shug‘ullanib kelgan. Tajribali mutaxassis Portugaliyaning “Farense” va “Braga”, Ispaniyaning “Granada”, “Eybar” hamda “Valyadolid” klublarida faoliyat yuritgan.
“Spartak” klubining sobiq bosh direktori Sergey Shavlo 2024 yilning yanvaridan rasman ishga kirishadigan Tomash Amaralga transfer siyosatini shakllantirishda ishki va yaqin xorij mamlakatlaridagi futbolchilarga ko‘proq e’tibor qaratishni maslahat berdi.
- Bugungi kunda klub o‘z futbolchilarini tarbiyalashi o‘ta dolzarb masala bo‘lib qoldi. Biz nafaqar rossiyalik murabbiylar, balki o‘ynashga intilayotgan yosh iste’dod egalarini ham boy berib qo‘yishimiz mumkin.
Amaral asosiy yo‘nalishini G‘arbga, birinchi navbatda Braziliya va Argentinaga qaratishi tabiiy. Lekin hozirgi paytda ichki bozor va yaqin xorij mamlakatlari – O‘zbekiston, Qozog‘iston, Serbiya futboliga e’tibor qaratish lozim.
TsSKA Abbosbek Fayzullaevni taklif qilib, bu yo‘nalishda hamma juda yaxshi o‘rnak ko‘rsatdi. Abbosbekka Rossiya Premer-ligasiga moslashish uchun vaqt kerak bo‘lgani yo‘q. Maqbul narxlarga o‘ynab keta oladigan o‘yinchini topishda sport direktorlarining xizmati katta, albatta, - dedi Sergey Shavlo.
TsSKA Abbosbek Fayzullaevni avgust oyida transfer qilgandi. “Paxtakor” tarbiyalanuvchisining transferi 500 ming evroni tashkil qildi. 20 yoshli futbolchi “armiyachilar” safida jami 18 marta maydonga tushib, ikkita gol va to‘qqizda assist qayd etdi. Fayzullaev Rossiya Premer-ligasining eng yorqin kashfiyoti sifatida e’tirof etildi.
O‘zbekiston futboli tarixida Moskvaning “Spartak” klubi futbolchilarimizga e’tibor qaratgan holatlar bo‘lgan.
Mustaqillikning ilk yillarida “Paxtakor”da kamolga etgan Andrey Pyatnitskiy va Valeriy Kechinov “Spartak” taklifini qabul qilib, bu jamoa safida yuqori natijalarni qayd etgan. Keyinchalik Ja’far Irismetov “spartakchilar” safiga qo‘shildi. Biroq rasmiy uchrashuvlarda birorta gol ura olmagan mohir to‘purarimizning bu jamoadagi faoliyatini muvaffaqiyatli deyish qiyin.
So‘nggi yillarda Oston O‘runovning “Spartak”dagi sarguzashtlarini hali hech kim unutgani yo‘q.
Iqtidorli hujumkor futbolchimizga bu klubda o‘zini ko‘rsatish imkonini berishmadi. Rossiyadagi muvaffaqiyatsiz faoliyatidan keyin O‘runov yurtimizga qaytib, qanday mahoratga ega ekanini isbotlab qo‘ydi.
Fikrlar