
Sportimiz mutasaddilari “Sport jurnalistlari kubogi-2022” turnirini kuzatishdi hamda O‘FA faoliyati bilan tanishdi
Xabar berganimizdek, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi yurtimizdagi jurnalistlar orasida sog‘lom turmush tarzini keng ommalashtirish maqsadida “Sport jurnalistlari kubogi-2022” musobaqasini tashkil etdi.
Bugun boshlangan ushbu musobaqa O‘FA qoshidagi sun’iy qoplamali maydonda bo‘lib o‘tmoqda. “Sport jurnalistlari kubogi-2022” musobaqasi jarayonlarini tomosha qilish uchun bu erga Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov, vazir o‘rinbosari Shaxrullo Mahmudov, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov va boshqalar tashrif buyurishdi. Ularni O‘FA raisining birinchi o‘rinbosari Ravshan Ermatov kutib oldi.
Tashrif davomida vazir “Sport jurnalistlari kubogi-2022” turnirining tashkiliy jihatlariga yuqori baho berdi va musobaqa ishtirokchilari bilan suhbatlashib, mamlakatimizda millionlar o‘yini futbolni yana-da ommalashtirish borasida o‘zaro fikr almashdi.
O‘FA mutasaddilari bilan muloqotda ommaviylikni yana-da oshirish, ayniqsa uyushmagan yoshlar hamda bolalar va o‘smirlar o‘rtasida umummilliy musobaqalarni tashkil etish orqali ommaviylikni ta’minlash, bolalar-o‘smirlar o‘rtasida selektsiya jarayonini yana-da kuchaytirish natijasida iqtidorli yoshlarni saralab olish, keyinchalik ularni katta futbol sari to‘g‘ri yo‘naltirish borasida o‘z takliflarini bildirdi.
Shuningdek, A.Ikramov O‘zbekiston terma jamoalarining joriy yildagi rejalari bilan qiziqdi. Bolalar-o‘smirlar va ayollar futbolini rivojlantirish borasidagi ishlar va yaqin kelajakdagi musobaqalar borasida mutaxassislar bilan suhbatlashdi.
Bundan tashqari, O‘FA rahbariyati bilan Sportni rivojlantirish vazirligi va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi o‘rtasida hamkorlikning samaradorligini yana-da oshirish bo‘yicha o‘zaro fikr almashildi.
Adham Ilhomovich O‘zbekiston so‘nggi paytlarda futbol bo‘yicha bir qancha nufuzli xalqaro musobaqalarga mezbonlik qilayotgani va ularni namunali o‘tkazayotganini alohida e’tirof etdi. Bundan tashqari, joriy yilning iyun oyida yurtimiz maydonlarida bo‘lib o‘tadigan U-23 Osiyo kubogi haqida to‘xtalib, tashkiliy qo‘mita a’zolariga kuch-g‘ayrat tiladi va vazirlik har qanday yordamga tayyor ekanligini bildirdi.
Fikrlar