
SPORTS.uz talqini bo‘yicha Superliga 16-tur ramziy terma jamoasi (tahlil)
Darvozabon: Eldor Adhamov (“Andijon”)
Vodiy derbisidagi durang qiyin ahvoldagi “Andijon” uchun, darhaqiqat, muhim edi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, andijonliklar “Navbahor”ga qarshi har ikkala derbida ham chempionatning qolgan uchrashuvlariga nisbatan yaxshiroq harakat qilishdi. Mavsum o‘rtasida jamoaga olib kelingan Eldor tez orada klubga moslashib ketib, hozirda almashtirib bo‘lmas futbolchiga ham aylanib olgan. Namanganliklarning tajribali hujumchilari ham uning postiga yo‘l topa olmagani bunga isbot.
Chap qanot himoyachisi: Iskandar Shayqulov (“So‘g‘diyona”)
“Qo‘qon-1912”ga qarshi bellashuvda “So‘g‘diyona” shunchaki to‘xtatib bo‘lmas jamoaga aylandi. Baqoev klubida stabillik etishmasligi rost. Ammo bir o‘yini chiqib qolgan “So‘g‘diyona”ning potentsiali haqida “Paxtakor”dan ham so‘rashingiz mumkin. Shayqulovning super zarbasi tur bezagiga aylandi. O‘sha kuni qo‘qonliklarga imkon bermagan jizzaxliklar himoyasining ramziy timsoli sifatida Iskandarni qabul qilgaysiz!
Markaziy himoyachi: Oleg Tolmasov (“Qizilqum”)
Navoiyliklarning baxtiga, Oleg boshliq mudofaa vakillari Sirojiddin Qo‘zievga uzoq masofadan zarba yo‘llashga imkon berishmadi. Aks holda, termamizning afsonaviy posboni Ignatiy Nesterov muborakliklarning yashirin quroli “maza”sini totib ko‘rgan bo‘lardi. Tolmasov hujumlarga ham tez-tez qo‘shilib turish orqali raqiblarga etarlicha qiyinchilik tug‘dira oldi.
O‘ng qanot himoyachisi: Dilshod Saitov (“Nasaf”)
Qarshiliklar o‘z uyida “Surxon”ni ayab o‘tirmadi. Shu kuni yanada faol harakat qilgan o‘ng qanot vakillarini e’tirof etmasdan ilojimiz yo‘q. Dilshod Saitov ramziy terma jamoalarimizning doimiy a’zolaridan biri hisoblanadi. Umuman, “ajdarlar”da ikkala qanot himoyasi shu qadar bir-biriga moski, ularning qay biridir, albatta, ramziy terma jamoamizdan o‘rin oladi. Bamisoli, Arnold – Robertson! Kimgadir mubolag‘a tuyulishi mumkin, aslida qarshiliklarning ushbu ikki futbolchisi rostdan ham Superligamizni bezab turuvchi himoya vakillari sirasiga kiradi.
Markaziy yarim himoyachi: Nurillo To‘xtasinov (“Bunyodkor”)
Vadim Abramov jamoasining kuchi Nurilloning chap oyog‘iga jo bo‘lgandek, go‘yo. Ramziy termalarimizda mag‘lub jamoa a’zolariga kam e’tibor qaratishimiz xato. Futbol - jamoaviy o‘yin. To‘xtasinovning elib-yugurishlarini Abdujalilov tushirgan “qovun”lar yo‘qqa chiqardi. Gap o‘sha vaziyat haqida borar ekan, Lutfulla To‘raevning uzatmasiga ham e’tirozimizni bildirib ketishimiz darkor. Orqa chiziqda raqib hujumchilari yurgan bir paytda darvozabonga bu qadar noqulay uzatmani amalga oshirish noto‘g‘ri. Ushbu gol 2011 yilgi UEFA Superkubogidagi Messining “Portu” darvozasiga kiritgan goliga o‘xshab ketadi: markazdagilar keraksiz paytda to‘pni darvozabonga oshiradi, argentinalik esa tayyor tuhfani jon deb qabul qiladi.
O‘zbekistonga qaytamiz...
Markaziy yarim himoyachi: Javohir Sidiqov (“Paxtakor”)
Taktik sxemadagi chizgilar tufayli ramziy terma jamoamizda Javohirni biroz orqaroqda qayd etishga majbur bo‘ldik. Aslida, u hujumkor yarim himoyachi zonasida va ko‘proq chap qanot vingeri pozitsiyasida namoyon bo‘ldi. Muhimi, u ramziy terma jamoamiz hujumkor vakillari qatorida tilga olinmoqda va u “Metallurg”ga qarshi bellashuvda bunga munosib tarzda harakat qila oldi: 1 ta gol, 2 ta assist.
Chap qanot yarim himoyachisi: Jasur Hasanov (“So‘g‘diyona”)
Bu tur qanot vakillariga bag‘ishlandi. Tajribali Hasanov “Qo‘qon-1912”ga qarshi o‘yinda jamoadoshlarining 2 ta goliga assist amalga oshirdi. Vodiyliklarning ikkinchi qavatdagi muammolarini to‘g‘ri anglab etgan va to‘g‘ri nuqtalarga paslarni amalga oshirgan futbolchining uzatmalari amalda bahs taqdirini hal qildi.
O‘ng qanot yarim himoyachisi: Islom Kenjaboev (“Nasaf”)
Kenjaboev ham asta-sekin o‘z o‘yinini topib bormoqda. U va Bobir Abdixoliqov hujumda yaxshi sheriklarga aylana olishmoqda. Oybek Bozorovning kutilmaganda “Surxon”ga qarshi bahs oldidan zaxirada qoldirilishi jamoa o‘yiniga ta’sir ko‘rsatadigandek edi. Ammo “ajdarlar” jarohat olgan Oybek uchun ham yanada kuchliroq harakat qilishdi.
Chap qanot hujumchisi: Elguja Grigalashvili (AGMK)
Vatsadzening golida “Bunyodkor”ning qay bir himoyachisini ayblashga ham hayronsiz! Bu erda individual mahorat va so‘zsiz sherigini tushunish masalalari bosh faktor vazifasini o‘tadi. Orqaga qarab turgan ko‘yi sherigini bu qadar sezishni boshqa qanday ta’riflash mumkin.
Abdujalilovning xatosidan ham aynan gruziyalik futbolchi o‘z vaqtida, unumli foydalanib ketdi.
O‘ng qanot hujumchisi: Bobir Abdixoliqov (“Nasaf”)
Bobirni qanot hujumiga qo‘yganimiz ham taktik vaziyat nuqtayi nazaridan. Taran hujumchi pozitsiyasiga ko‘proq familiyadoshi mos kelgani tufayli chaqqon Abdixoliqovni o‘ngroqqa joylashtirdik.
U Superliga to‘purarlari ro‘yxatida tinimsiz oldinga qarab bormoqda. 23 yoshli hujumchi uchrashuv yakunlanishi arafasida yirik hisobdagi mag‘lubiyatdan bo‘shashib turgan “Surxon” darvozasiga vaziyatdan foydalanib yana 2 ta to‘p kiritib oldi.
Markaziy hujumchi: Temurxo‘ja Abduxoliqov (“Lokomotiv”)
Ikkinchi davrada biz rostdan ham kuchaygan “Lokomotiv”ni ko‘rmoqdamiz. Albatta, katta jamoalarga qarshi uchrashuvlarda “temiryo‘lchilar”ning asil kuchiga baho berishimiz mumkin bo‘ladi. Ammo birinchi davradagi jamoa “Buxoro” va shu kabi Superliganing o‘rtamiyona klublariga ham mag‘lub bo‘layotgan edi.
Og‘ir paytda o‘z jamoasini tashlab ketmagan “Lokomotiv” etakchisi Temurxo‘ja Abduxoliqovga ulkan hurmatimizni izhor etgan holda, ramziy terma jamoamizning markaziy hujumini unga ishonib topshirdik.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar