
SPORTS.uz talqini bo‘yicha top-5 chempionatlar ramziy terma jamoasi
Murabbiy: Kris Uaylder (3-5-2)
“Sheffild” bundan oldingi uchrashuvlarda o‘ziga o‘xshamayotgan edi. Har holda joriy mavsumdagi o‘yinlari orqali premer-liga debyutanti bizni g‘alabalariga o‘rgatib qo‘ygandi. Umuman olganda, Uaylder shogirdlari «Chelsi»ga qarshi o‘yinda ham asliy uslubiga zid ravishda harakat qildi. Asosan, himoyaviy o‘yin namoyish etadigan klubning London «aristokratlari» darvozasiga javobsiz 3 ta to‘p kiritishi…
Kris Uaylder jamoani shu qadar ideal tayyorlaganki, «Chelsi»ning Din Xendersonni bezovta qilgan vaziyatlarini eslash mushkul. U ushbu bellashuvga odatdagidek 3-5-2 taktik sxemasini tanladi. Biz ham ramziy terma jamoamizda ayni shu chizmadan foydalanamiz.
Darvozabon: Yan Oblak
Sloveniyalik posbon jamoasini tom ma’noda qutqardi: kamida 3 ta vaziyatda yaqqol golni darvozasiga yo‘latmadi. Deyarli bir taym mobaynida 10 kishi bo‘lib harakat qilgan «matraschilar» yakunda g‘alabani ilib ketishdi. 3-o‘rin uchun kurash o‘ta shiddatli kechmoqda. Ayni dam «Sevilya»da ham madridliklarda bo‘lganidek 66 ochko mavjud. Shunday qaltis vaziyatda hamshaharlarining bir kishi kam bo‘lib qolgan «Atletiko»dan gol o‘tkazib yuborishlari ularni naqadar ranjitganini tasavvur qilish qiyin emas.
Markaziy himoyachi: Federiko Fasio
Ikki ashaddiy raqibning o‘zaro o‘yinidan foydalanib qolishi kerak bo‘lgan rimliklar birinchi bo‘limni asabiy tarzda yakunlashdi. Ikkinchi taymda esa Fasio tezkor gol urib, jamoasiga xotirjamlik baxsh etdi. Aks holda, «Roma» 5-pog‘onaga ko‘tarilmagan bo‘lishi mumkin edi.
Markaziy himoyachi: Tobi Alderveyreld
Shimoliy London bizniki! Derbidan keyingi memlar, karikaturalarda eng ko‘p ishlatilgan so‘z aynan mana shu bo‘ldi va aksariyatida Alderveyreld bosh rolda qayd etilgan. «Arsenal»ning goli «shporlar»ning birinchi goli singari kutilmagan syurpriz mahsuli edi. So‘nggi nuqtani esa Tobi qo‘ydi.
Markaziy himoyachi: Konor Koudi
«Vulverxempton» printsipial o‘yinda «Everton»ni mag‘lub etdi. Bu orqali u evrokuboklar uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritishdagi raqobatchilaridan birini bevosita kurashdan chiqarishga erishdi. Koudi boshchiligidagi himoya chizig‘i ushbu bellashuvda na Risharlison va na Kalvert-Lyuinga imkoniyat bermadi.
Endi Santu shogirdlari qolgan 3 o‘yinda g‘alaba qozongan taqdirda Evropa ligasi eshiklarini tepib kirishi ham mumkin. Matematik hisob-kitoblarga ko‘ra, Chempionlar ligasi uchun kurash ham tugamadi…
Tayanch yarim himoyachi: Ruben Perez
«Leganes»ning La Ligada qolish umidlari so‘nishidan asrab qolgan futbolchi ramziy terma jamoamizdan o‘rin olmasligi mumkin emasdi. Birinchi taymdagi goli o‘z yo‘liga. O‘yinning ikkinchi yarmini bir kishi kam bo‘lib o‘tkazgan jamoada Perez beshinchi himoyachiga aylandi. «Atletik» va «Real»ga qarshi bahslar endi hayot-mamot kurashiga aylanib ketadi.
Markaziy yarim himoyachi: Arturo Vidal
«Barselona» peshqadamlikni boy bergachgina o‘ziga keldi. Shunda ham g‘alabalarni arang qo‘lga kirityapti. Arturo himoyadagi taloto‘pda o‘zini yo‘qotib qo‘ymay aniq zarba yo‘llay oldi. Aks holda, o‘tgan har bir daqiqa kataloniyaliklarni asabiylik va umidsizlik tomon boshlab ketardi.
Markaziy yarim himoyachi: Luka Modrich
Modrichning kalit uzatmasi ham Vidalning golidan kam ahamiyatga ega emasdi. «Real» uchun ketma-ket ikki marta La Ligada uchinchi pog‘ona bilan kifoyalanish fojia. 34-chempionlik aks etgan roliklarda xorvatiyalik xavbekning ushbu pasi ko‘rinish berib qolsa ajab emas.
Chap qanot vingeri: Rahim Sterling
«Brayton»ga qarshi uchrashuvda Sterling xohlasa ham, xohlamasa ham gol urdi. Ayniqsa, 3 goldan so‘ng, braytonlik muxlislar achchiq tabassum bilan televizorni o‘chirib qo‘ygan bo‘lsa kerak. Mavsumdagi uchinchi xet-trik. Bu borada ingliz futbolchisi APLda tengsiz.
O‘ng qanot vingeri: Maykl Antonio
«Norvich»ga qarshi o‘yin Antonioning benefisiga aylanib ketdi. Naqd 4 ta golni aynan angliyalik futbolchi Tim Krul postiga yo‘lladi. Ushbu poker «kanareykalar»ning premer-liga haqidagi so‘nggi o‘ylarini ham yakson qilib, ularni Chempionshipga ravona qildi. «Vest Xem» esa APLda qolish uchun muhim bo‘lgan ochkolarni yig‘ishda davom etadi.
Hujumchi: Devid MakGoldrik
«Chelsi»ning yirik mag‘lubiyatiga 2 ta gol bilan hissa qo‘shgan futbolchi mavsum davomida 26 uchrashuvda maydonga tushdi. Buni qarangki, mavsumdagi ilk golini aynan 35-turga kelib, londonliklar darvozasiga yo‘lladi. «Lester», «Everton» va «Sautgempton»ga qarshi bellashuvlar Uaylder shogirdlari uchun haqiqiy sinovga aylanadi.
Hujumchi: Krishtianu Ronaldu
Ha, «Atalanta» ustunlik qildi. Ha, Ronalduning ikkala goli ham penaltidan kiritildi. Ammo fakt shuki, uning dubli jamoasini mag‘lubiyatdan saqlab qoldi. «Latsio» mag‘lub bo‘lishdan charchamayapti. Portugaliyalik yulduz esa «Oltin butsa» uchun kurashda rimliklar forvardi Immobileni ta’qib qilib kelmoqda. Oldinda o‘zaro o‘yin ham bor…
Bu safar ham ramziy terma jamoamizdan bir qator futbolchilar tushib qoldi: Alexandro Gomez, Lautaro Martines va Antoni Marsyal. Murabbiy taktik sxemasi va raqobatchilarning super o‘yini bunga sabab bo‘ldi. Ularga kelgusida omad tilaymiz.
Biz esa tobora yakuniga etib borayotgan Evropa top-5 chempionatlarining qolgan turlarida ham ramziy terma jamoalarni aniqlab boramiz.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
SPORTS.uz talqini bo‘yicha kuchli beshlik chempionatlari ramziy terma jamoasi
Fikrlar