
Srechko Katanets Bobir Abdiholiqovni nega maydonga tushirmayotganini aytdi
O‘zbekiston va Rossiya terma jamoalari o‘rtasidagi bellashuv oldidan matbuot anjumani tashkil etildi. Unda ishtirok etgan O‘zbekiston MTJ bosh murabbiyi Srechko Katanets Qozog‘istonga qarshi o‘yinda nega Belarus chempionati to‘purari bo‘lgan Bobir Abdiholiqovni maydonga tushirmagani haqidagi savolga javob berdi.
- O‘tgan uchrashuvda Oston O‘runovga imkoniyat taqdim etildi. Vaholanki, u ayni paytda formada emas. Nega mavsum mobaynida yaxshi temp namoyish etgan futbolchilar maydonga tushirilmadi? Misol uchun, Bobir Abdiholiqov.
"Siz Belarus chempionatidagi barcha o‘yinlarni qoldirmay ko‘rib borasizmi? Men uni kuzatganim uchun Bobirni termaga chaqirdim. Ostonga keladigan bo‘lsak, u hozir klubsiz yurgan bo‘lsa ham O‘runovda bizga kerakli sifatlar bor. Oston undan nima talab qilayotganimni tushunmoqda, potentsiali ham yuqori. U yaqin kelajakda O‘zbekiston uchun muhim futbolchi deb o‘ylayman. Menda terma jamoa hujumida variant u qadar ko‘p emas. Masalan, Abdiholiqovni qanotga qo‘ya olmayman. Shuningdek, uni hujum markazida ajoyib o‘yin namoyish etayotgan Eldor Shomurodov o‘rniga ham maydonga tushirolmayman.
O‘zi nega Bobir va Ostonni misol keltirganingizni tushunmadim. Ular maydonda ikki xil pozitsiyada o‘ynaydi, turli xil funktsiyalarni bajaradi. Keling, muhokamani to‘xtataylik. Bu mening qarorim! Va bunga sabablarim bor. Kimni qaysi pozitsiyaga qo‘yish bu mening vakolatimga kiradi".
Fikrlar