O‘zbek legionerining kutilmagan transferiga izoh berildi
UEFA tarkibiga kiruvchi Qozog‘iston chempionatida qisqa tanaffusdan keyin yana o‘zbek futboli vakili paydo bo‘ldi. Ma’lumki, qo‘shni mamlakat Premer-ligasining birinchi davrasida hamyurtlarimizdan Shahboz Umarov, Behruz Asqarov, Xurshid Muxtorov va Odil Abdumajidov “Turon” jamoasi sharafini himoya qilgan edi.
Biroq yarim mavsumdan keyin Turkiston viloyati jamoasi bor e’tiborni mahalliy o‘yinchilarga qaratishga qaror qildi va jamoadagi deyarli barcha legionerlar bilan shartnomani bekor qildi. Shu qatorda to‘rt o‘zbek futbolchisi ham Qozog‘iston Premer-ligasini tark etdi.
Qisqa tanaffusdan keyin qo‘shni mamlakatda o‘ynagan futbolchilarimizdan Shahboz Umarov yana ortga qaytishiga to‘g‘ri keldi. Yozgi transferlar davomida “Ordabasi” ilgari jamoada to‘p tepib, chimkentliklarning chempion bo‘lishiga katta hissa qo‘shgan Umarovni klubga qaytarish bo‘yicha muzokara o‘tkazayotgani haqida xabarlar tarqatilgan edi.
Kutilmaganda, 26 yoshli hujumkor futbolchi “Tobol” safiga qo‘shildi.
“Tobol” direktori Sanjar Seytkazinov klubning kutilmagan transfer bo‘yicha qarorini quyidagicha izohladi.
- Umarovning transferi tarkibda jarohatlanganlarning ko‘payib ketgani bilan bog‘liq. Shahboz bilan muzokaralar tez, oson va qisqa bo‘ldi, - dedi Saytkazinov.
Ta’kidlash joizki, “Tobol” joriy mavsumda chempionlik va Evropa Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun kurash olib bormoqda. Kustanayliklar hozircha chempionatning yigirmata uchrashuvidan 13 tasida zafar quchgan, beshtasida durang qayd etgan va ikki marta mag‘lubiyatga uchragan.
“Tobol” jami 44 ochko bilan musobaqa jadvalida ikkinchi o‘rinda bormoqda. Peshqadamga aylangan “Astana” 46 ochko jamg‘argan. Biroq bu jamoa “Tobol”ga nisbatan bitta o‘yin ko‘p o‘tkazgan. Chempionlikka da’vogar yana bir jamoa – “Qayrat” yigirmata bahsda 43 ochko to‘pladi.
Shahboz Umarov bu mavsum o‘z faoliyati davomida ikkinchi bor Qozog‘iston chempioni bo‘lish imkoniga ega. Birinchi marta u 2023 yili “Ordabasi” safida oltin medalga ega chiqqan edi.
Umuman olganda, Shahboz Umarov o‘zi o‘ynagan aksariyat jamoalarda turli sovrinlarni qo‘lga kiritib kelmoqda. Xususan, “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi professional faoliyatini Olmaliqning OTMK jamoasida boshlagan va 2018 yilgi mavsumda O‘zbekiston kubogi sohibi bo‘ldi.
Shahbozning legioner sifatida UEFA tarkibiga kiruvchi Belarus va Qozog‘iston futbolidagi faoliyati ancha muvaffaqiyatli chiqdi. 2020 yilning boshida Belarusning “Energetik-BGU” jamoasiga qo‘shilgan hujumkor futbolchimiz yarim mavsumdan keyin ushbu mamlakatning eng qudratli klublaridan BATEga ko‘chib o‘tdi.
Borisovliklar jamoasining eng mahoratli va eng qimmat aktiviga aylangan Umarov ushbu jamoa safida Belarus kubogi musobaqada zafar quchdi. Shahbozning BATEdagi faoliyati yaxshi davom etayotgan edi. Ammo 2022 yilning boshida BATEning yangi bosh murabbiyi va jamoa etakchisi Shahboz Umarov o‘rtasida mashg‘ulotlarning birida jiddiy kelishmovchilik kelib chiqdi.
Belarus futbolini yoritishga ixtisoslashgan manbalar o‘sha paytdagi ziddiyat ilgari professional futbolchilar bilan ishlamagan murabbiyning o‘zbek legionerini haqorat qilganidan boshlanganini yozgan edi. Buning oqibatida murabbiylar shtabi Umarovni yarim mavsum davomida biror marotaba ham maydonga tushirmadi.
Shahboz o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish uchun Qozog‘istonning “Ordabasi” klubiga ijaraga o‘tishga majbur bo‘ldi. Iste’dodli o‘yinchi sinmaydi, deganlaridek, Chimkent shahri klubida Umarovning ishlari yurishib ketdi. Yarim mavsumda jamoa etakchilaridan biriga aylangan hamyurtimiz Qozog‘iston kubogi sohibi bo‘ldi.
2023 yilgi mavsumda esa, Shahboz Umarov yana bir legionerimiz Bobur Abduxoliqov bilan birga “Ordabasi”ni klub tarixida ilk bor Qozog‘iston chempioni bo‘lishiga hissa qo‘shdi.
Eslatib o‘tamiz, Shahboz Umarov O‘zbekiston milliy terma jamoasiga nomzod futbolchilardan hisoblanardi. U xalqaro maydonda besh bor bosh jamoa sharafini himoya qilgan va 2024 yilgi Osiyo kubogida ishtirok etgandi.
Shomurodov va Fayzullaev “Bashakshehir”dagi jiddiy o‘zgarishlarga sabab bo‘lmoqda
“CAFA Nations Cup 2025”: Husanovning bir o‘zi Eron terma jamoasidan qimmat turadi!
Husanovni Chempionlar ligasida katta tarixiy voqea kutmoqda
Husanovning rekordi joyida qoldi!
Fayzullaev uzoq tanaffus olishga majbur bo‘ldi
Husanov bor, bu yulduz kerak emas!
Gvardiola Husanov bo‘yicha qarorini aytdi
Gvardiola, Husanovdan voz kechib, katta xato qilding!



Fikrlar