"Strandja" turniri. Kunning 1-dastur janglari yakunlandi
Xabaringiz bor, Bolgariyaning Sofiya shahrida an’anaviy 77 "Strandja" xalqaro turniri o‘tkazilmoqda.
Bugun 11 nafar yigit-qizlarimiz ringga ko‘tarilishi belgilangandi. Hozircha kunning 1-dastur janglari yakunlandi. Quyida natijalar bilan tanishib chiqishingiz mumkin.
Dastlab, - 51 kg vazn toifasidagi vakilamiz Gulsevar G‘anieva germaniyalik Mahi Klotzerga qarshi ringga ko‘tarildi. Umuman olganda Gulsevar yomon harakat qilmadi. Lekin bu g‘alabaga yetarli bo‘lmadi va 0:5 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Yana bir - 51 kg vazndagi qizimiz Feruza Kazakova ham ilk jangini o‘tkazdi. Unga AQSh vakilasi Jeniffer Lozano raqibalik qildi. Murosasiz kechgan to‘qnashuvda Kazakova aniqroq va samarali harakatlari bilan jangni o‘z foydasiga hal qildi. Yakuniy hisob 4:1.
- 70 kg vazndagi vakilimiz Oysha Toirova Liverpuldagi jahon chempionati kumush medal sohibasi avstraliyalik Lekeysha Pergolitiga qarshi ringga ko‘tarildi. Nomdor raqibasiga qarshi munosib harakat qilgan Toirova, yakunda baribir 0:5 hisobida mag‘lubiyatga uchradi.
- 54 kg vaznda Uzukjamol Yunusova turkiyalik Aysen Taskinga qarshi jang qildi. Uzukjamol bor imkoniyatini ishga soldi. Uning aniq zarbalariga ham guvoh bo‘ldik. Ammo bu harakatlar g‘alabaga yetarli bo‘lmadi va 0:5 hisobida yengildi.
- 55 kg vaznda Abdulaziz Abdunazarov qozog‘istonlik Bag‘lan Kenzhibekka qarshi kurash olib bordi. Abdunazarov imkon qadar g‘alabani o‘z tomoniga og‘dirishga harakat qildi. Tezkorlik va aniqlik borasida ham ko‘rsatkichlar yomon emasdi. Ammo bu g‘alaba qozonish uchun kamlik qildi va 0:5 hisobi bilan mag‘lubiyatni qabul qilib oldi.
- 55 kg vaznda Samandar Olimov musobaqadagi 2-jangini o‘tkazdi. Germaniyalik Ali El Sari bilan bo‘lgan bahsda ham Olimov o‘zining ajoyib harakatlari bilan raqibga imkon qoldirmadi va 5:0 hisobidagi ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi.
Eslatib o‘tamiz, bizni oldinda 2-dastur janglari kutib turibdi. Unda ham bir qator charm qo‘lqop ustalarimiz ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Bu haqida O‘zbekiston boks federatsiyasi xabar bermoqda.
Fikrlar