"Superliga-2026". Ta'qvim rejasi klublar bilan kelishildi

  • 08.01.2026 11:12
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol

O‘zPFL yangi mavsum uchun taqvim rejasiga doir muhim ma’lumotni tarqatdi.

Unga ko‘ra, 25 dekabr kuni assotsiatsiya milliy terma bosh murabbiyi Fabio Kannavaroning "JCh-2026" uchun rejasini ligaga taqdim etdi. Endilikda may oyining 5-sanasidan boshlab Superliga uchrashuvlarini o‘tkazish imkoniyati mavjud emas. Shu tariqa liga avgust oyidayoq ishlab chiqilgan taqvim rejasini o‘zgartirishga majbur bo‘ldi. 

Biz 24 soat ichida yangi rejani klublarga taqdim etdik va ular belgilangan muddatda yangi taqvimga rozilik bildirdi. Milliy jamoa 5 may sanasidan e’tiboran mahalliy futbolchilar ishtirokida yig‘inga kirishadi va 10, 17, 24 may kunlari Superliganing yetakchi klublariga qarshi o‘rtoqlik o‘yinlarida ishtirok etadi. Jarayon iyun oyidagi FIFA kunlari hamda jahon Kubogiga ulanib ketadi. 

May, iyun, iyul oylarida davomida katta tanaffus yuzaga kelayotgan, bu Superliga yaxlitligiga ta’sir ko‘rsatayotganligini inobatga olgan holda may oyining qolgan qismi O‘zbekiston kubogi bilan davom ettiriladi.  

O‘z navbatida liga "Osiyo kubogi-2027" yaqinlashib kelayotganligini ham hisobga oldi. Bosh jamoaga nomzod futbolchilarning dekabr oyi davomida qisqa ta’tilga chiqishi va keyinchalik Osiyo kubogi oldidan yig‘inlarga kirishi dolzarb masala hisoblanadi. Shuni inobatga olgan holda "JCh-2026" yakunidan keyinga reja qilinayotgan mavsumning ikkinchi qismi 20 iyul sanasidan davom ettiriladi. 

Superliganing so‘nggi turi 3 dekabr sanasiga to‘g‘ri keladi. O‘tish o‘yinlari va O‘zbekiston kubogining yarim finalida ishtirok etmaydigan klublar shu sanadan keyin tanaffusga yo‘l oladi. O‘tish o‘yinidan joy olgan jami to‘rt uchrashuv qisqa vaqt ichida tashkil etilishi, og‘ir mavsumdan keyin klublar uchun ehtimoliy raqiblardan kelib chiqadigan lokatsiya bilan bog‘liq muammolarni engillashtirish, futbolchilarning uchrashuvlar oralig‘ida tiklanish imkoniyatlarini hisobga olib, markazlashtirilgan holda Toshkentda o‘tkaziladi. 

Yozgi transfer oynasi 22 iyun — 24 iyul sanalari oralig‘iga to‘g‘ri keladi. Mazkur davrda klub safiga kelib qo‘shilgan yangi futbolchining qaydnomaga kiritilishiga Superliganing 14-turidan e’tiboran ruhsat beriladi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!