
Superliga. "Dinamo" - "Lokomotiv": O‘zaro o‘yinlar statistikasi bilan tanishing
Bugun O‘zbekiston Superligasi 5-tur o‘yinlariga start beriladi. Mazkur turni "Dinamo" - "Lokomotiv" uchrashuvi boshlab beradi.
Ushbu o‘yin oldidan jamoalarning o‘zaro o‘yinlardagi statistikasi taqdim etildi. Unga ko‘ra, "Dinamo" va "Lokomotiv" chempionat tarixida o‘zaro 26 marta to‘qnash kelgan. "Dinamo" 11 ta o‘yinda g‘olib bo‘lgan, 3 ta o‘yin durang hisobida yakunlangan. "Lokomotiv" "Dinamo"ni hozirga qadar 12 marta mag‘lub etgan. To‘plar nisbati "Loko" tomonida – 36:40. O‘zaro o‘yinlarda "Dinamo" 36, "Lokomotiv" esa 39 ochkoni qo‘lga kiritgan.
"Lokomotiv"ning o‘zaro o‘yinlarda qozongan eng yirik g‘alabasi – 5:1 ga teng. "Dinamo"da bu ko‘rsatkich yirikroq – 5:0. 2009 yilgi bahsda Azamat Abduraimov boshchiligidagi "Dinamo" Ilhom Yunusov, Devid Oniya, Andrey Akopyants, Erkin Boydullaev, Bahodir Nasimovning Filimonov darvozasiga kiritgan gollari evaziga "temiryo‘lchilar"ni 5:0 hisobida mag‘lub etgan.
"Dinamo" so‘nggi marta 2019 yilda "Lokomotiv"ni Samarqandda mag‘lub etgan. Qadamboy Nurmetovning dubli "Dinamo"ga amaldagi chempion ustidan g‘alaba keltirgandi.
Manba: "Lokomotiv" va "Dinamo" PFK matbuot xizmati.
Fikrlar