"Surxon" bosh murabbiyi jamoasining alamli mag‘lubiyati va so‘nggi daqiqada foydalanilmagan penalti haqida

  • 27 oktabr, 2023, 22:39
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

“Surxon” – “Navbahor” (1:2) uchrashuvidan keyin termizliklar bosh murabbiyi Sergey Arslonov bir qator savollarga javob qaytardi.

Tecno

- Dastlab o‘yin haqidagi fikrlaringizni eshitsak.

- Hammaga xayrli kech. Biz bugungi o‘yinda alamli mag‘lubiyatga uchradik. Hammasi o‘z qo‘limizda edi. Biroq oxirgi daqiqada imkoniyatdan foydalana olmasligimiz hisobiga mag‘lubiyatga uchradik. “Navbahor”ni g‘alaba bilan va bu orqali oldinga qadam tashlagani bilan tabriklab qolaman.

Jamshid Iskanderov va Oston O‘runovni mamlakatimizdagi eng kuchli o‘yinchilardan deb hisoblayman. Ular maydonda bir-birlarini juda yaxshi tushunib harakat qilishyapti. Bilamizki, ikkala futbolchilar jamoasining etakchilari hamda vaziyatni o‘z qo‘liga oladigan kuchli ijrochilar ekanini barchamiz yaxshi bilamiz. Bunday futbolchilarga qarshi o‘ynash juda qiyin. Qaerdadir yaxshiroq harakat qilishingiz kerak, yana qaerdadir puxta o‘ylab, fikrlab o‘ynamasangiz aks holda ular o‘z vaziyatlaridan yaxshi foydalanib ketadilar. Ostondagi kuchli driblinglar, Jamshiddagi maydonni yaxshi ko‘ra olishlari ularni chempionatimizdagi kuchli futbolchilar ekanligidan dalolat beradi. Ularga qarshi to‘p surish har qanday raqib uchun og‘ir. Ular milliy terma jamoaga ham bejizga chaqirilmayotganini har bir uchrashuvda isbotlashmoqda. Bugun ham ikkalasi o‘z vazifalarini a’lo darajada bajarishdi, deb o‘ylayman.

- Bu ikkalasini individual va jamoaviy tarzda o‘ynaganda ham kuchli deb hisoblaysizmi?

- Zamonaviy futbolda bugun ko‘p narsalarni talab qilmoqda. Baribir har qancha mahoratli bo‘lmasin bir o‘zi barchasini amalga oshirishi og‘ir deb hisoblayman. Iskanderov va O‘runov singari mahorat egalari har qanday vaziyatdan ham unumli foydalana oladilar. Bugun shunday tajribali ijrochilarga qarshi imkon qadar harakat qildik, ammo mag‘lubiyatga uchradik.

- Bir qancha futbolchilaringizning ruhiy holati yaxshi emasga o‘xshadi. Masalan, penalti tepilayotganda ham bu holat sezilgandek bo‘ldi...

- To‘g‘ri aytyapsiz, bunday pallalarda o‘yinchilarning ruhiy holati katta ahamiyatga ega hisoblanadi. Uchrashuvni oxirgi soniyalarda hamma ham penalti tepishga jur’at qilavermaydi va bunday paytda har kimni ham ruhiy holati tayyor bo‘lavermaydi. Bu oson emas. Shu bois o‘yinchini ham to‘g‘ri tushunish kerak. Penalti – bu lotereya. Ko‘p narsa ruhiy holatga bog‘liq. Agar so‘nggi daqiqalarda ruhiy jihatdan yaxshi bo‘lsa, vaziyatdan foydalanishi mumkin. Buni hech qanday xavotirli joyi yo‘q. Futbolda bu kabi holatlar bo‘lib turadi.

arslonov2_3

- Penalti nega aynan Nimeliga topshirildi?

- Jamoamizda shtatda penalti tepadiganlar orasida Nimeli ham bor edi. 11 metrlik belgilangach, u to‘pni oldi va tepishga qaror qildi. Biz unga hech qanday e’tiroz bildirmadik. Ammo foydalana olmadi, nima ham derdik. Bu vaziyatda futbolchimizni qoralay olmaymiz. Uni ham to‘g‘ri tushunish joiz. Gol urish maqsadida to‘p yoniga keldi. Vaziyatdan foydalana olmaganligini to‘g‘ri qabul qilaman.

- O‘sha holatda balki O‘tkir Yusupovning mahorati ish bergandir...

- Albatta, u milliy terma jamoamizning bejizga birinchi raqamli darvozaboni emas. Shuning uchun ham u penaltini qaytarishga erishdi, deb o‘ylayman. U jamoasining g‘alabasini ta’minladi va uchrashuv qahramoniga aylandi.

- Bu mavsumda “Surxon” “Navbahor”ga qarshi uch marta o‘ynadi va barchasida imkoniyatni boy berdi. Bunga nima sabab?

- Bundan avvalgi ularga qarshi ikkita uchrashuvda mag‘lubiyatga uchragandik. Shu sababli yigitlar bugungi o‘yinni intizorlik bilan kutishgandi. Afsuski, bu safar ham natija o‘xshamadi. Jang taklif qilmoqchi edik va jang bo‘ldi. Ammo natija ularning foydasiga hal bo‘ldi. Agar penaltidan gol urganimizda ochko olgan bo‘lardik. Barchasi ruhiyat bilan bog‘liq. Jamoamizga biroz tajriba ham etishmadi. O‘yinchilarimiz ancha yosh. Lekin o‘ylaymanki, shunday uchrashuvlar orqali yoshlar tajribalarini oshirib boradilar.

arslono2_1

- Futbolchilaringiz o‘yin balansini ushlab tura olmaganga o‘xshadi. Bu borada nima deb o‘ylaysiz?

- To‘g‘ri, himoyadan hujumga o‘tishimizda bir qator muammolar yuzaga keldi va balansni yo‘qotgandek bo‘ldik. Buni tan olaman. To‘pni yo‘qotgan paytlarimiz bo‘ldi va bu keyinchalik bizga ancha qimmatga tushdi. Biz ham to‘p bilan yaxshi o‘ynashga harakat qildik. Baribir hujumlarda aniqlik etishmadi. Raqibda individual mahorati yuqori o‘yinchilar ko‘p, masalan, Oston O‘runovning mana shunday mahorati evaziga ham natijalarga erishishyapti.

- “Surxon”da ham mana shunday o‘yinchilar bo‘lganida natija boshqacha bo‘lishi mumkinmidi?

- Nafaqat “Surxon”da, balki zamonaviy futbolda har qanday jamoada individual mahoratli o‘yinchilar alohida ahamiyat kasb etadi. Ular o‘yin taqdirini hal qilib ketadilar. Bugun buni O‘runov misolida ko‘rdik. Bizda ham shunday futbolchilar topiladi, faqat ularga ozgina vaqt kerak. Karimov kabi iqtidor egalariga e’tibor qarating va keyinchalik unga o‘xshaganlardan shunday mahoratni kutishimiz mumkin. Ularga imkoniyat beryapmiz, sharoit yaratyapmiz. Demak, ular ham yuqori darajaga chiqa oladilar, deb o‘ylayman. Biz barcha murabbiylar bolalar futboliga ham ko‘proq e’tibor qaratishimiz zarur. Ularning o‘sishini doimiy ravishda kuzatib borishimiz kerak.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Абдухаликов Мухаммад
28/10/2023 10:52
Сурхон га омад жамоа уз уйига кайтиши керак
ишбобоев жума
27/10/2023 23:24
Сурхонинг курсатган уйини учун рахмат. Барчаси олдинда. Олга Сурхон. Биз Сизларга ишонамиз. УФА судьяларни уйинга тайинлашда адашишмасин,Т.Тухтасиновлар нафакага чикишсин.