Tarixda ilk bor o‘zbekistonlik mutaxassislar FIFA qo‘mitasiga tayinlandi
So‘nggi paytlarda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi FIFA bilan hamkorlikda ko‘plab loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Yurtimiz 2024 yilda ilk bor FIFA miqyosidagi futzal bo‘yicha jahon chempionatini qabul qilgan bo‘lsa, 2027 yilga kelib yoshlar o‘rtasidagi mundialga mezbonlik qilishidan xabaringiz bor.
FIFAning futbolda texnologiyalar, innovatsiyalar va raqamli rivojlanish qo‘mitasi (Football Technology, Innovation and Digital Transformation Committee) — futbolni zamonaviy texnologiyalar orqali rivojlantirishga qaratilgan eng muhim tuzilmalardan biri hisoblanadi.
Qo‘mita VAR, golni aniqlash texnologiyasi, yarimavtomatik ofsayd tizimi, raqamli monitoring, sun’iy intellekt kabi innovatsion echimlarni rivojlantirish, sinovdan o‘tkazish va futbolga joriy etish ustida ish olib boradi.
O‘FA matbuot xizmatining xabar berishicha, FIFA kengashining qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov 2025–2029 yillar uchun ushbu qo‘mitaning rais o‘rinbosari etib tayinlandi. Qo‘mitaga FIFAning futbol texnologiyalari bo‘yicha direktori Yohannes Holzmueller rahbarlik qiladi.
Shuningdek, O‘FA bosh kotibi Avaz Maksumov sohil futboli qo‘mitasiga (Beach Soccer Committee), O‘FA ayollar futbolini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Yuliya Panina ayollar milliy terma jamoalari o‘rtasidagi musobaqalar qo‘mitasiga (Women's National Team Competitions Committee) tayinlandi.
Fikrlar