
Timur Kapadze O‘zbekiston terma jamoasining Osiyo chempionatidagi maqsadi va boshqa mavzular haqida gapirdi
1 iyundan yurtimizda U-23 Osiyo chempionati boshlanadi. Bugun musobaqa oldidan matbuot anjumani tashkil etildi. Unda terma jamoamiz ustozi Timur Kapadze va futbolchi Jasur Jaloliddinov ishtirok etdi.
Timur Kapadze: - Yurtimizda bunday musobaqa o‘tkazilayotganidan xursandmiz. Turnirga a’lo darajada tayyorgarlik ko‘rdik. O‘ylaymanki, chempionat yaxshi darajada o‘tadi. Mehmonlarga ham omad tilayman.
Jasur Jaloliddinov: - Murabbiyimiz aytib o‘tganidek, bu turnir O‘zbekistonda bo‘layotganidan xursandmiz. Bu musobaqani anchadan beri kutamiz. Chempionatga yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik.
- Tarkibga chaqirilgan futbolchilar O‘zbekiston milliy terma jamoasiga ham jalb etilgan. Bu sizga noqulaylik tug‘dirmaydimi?
- Bir tarafdan xursandmiz bu yoshdagi futbolchilar termaga chaqirilganidan. Ammo bu tomondan muammo yo‘q.
- 2018 yildagi jamoani bilamiz. Shundan keyingi jamoani qanday ko‘ryapsiz?
- Albatta, biz uyda o‘ynaymiz. Yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik. Shuning uchun muammo bo‘lmaydi, deb o‘ylaymiz. Har bir musobaqada o‘ziga yarasha mas’uliyat bo‘ladi.
- Turkmaniston va guruhdagi boshqa raqiblar haqida nima deya olasiz?
- Ertaga qiziq o‘yin bo‘ladi. Musobaqada oson raqib bo‘lmaydi. Kuchlilar keladi turnirga. Yaxshi o‘yin bo‘ladi. Ertangi bahsga tayyormiz. Rejalarimiz bor. O‘ylaymanki, hammasi yaxshi kechadi.
- Terma jamoaning asosiy maqsadi nima?
- Albatta, har bir jamoaning maqsadi turnirda g‘alaba qozonish. Birinchi navbatda guruhdan chiqish lozim. Shuning uchun intilishimiz lozim.
- Terma jamoani tayyorlashda nimalardan ko‘ngil to‘lmadi? Qaysidir futbolchilarni tarkibga jalb qilishda muammolar kuzatilmadimi?
- Menimcha, yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik. Vaqt kamligi biroz pand bermoqda. Lekin umuman olganda, kerakli futbolchilarni tarkibga jalb qilganmiz.
- Kam o‘yin amaliyotiga ega bo‘ldingiz. Bu musobaqaga qay holatda etib keldingiz?
Jasur Jaloliddinov: - Bu jamoaga birinchi borganimda kamroq o‘yin amaliyotiga ega bo‘ldim. Lekin murabbiyga men Osiyo chempionatida qatnashmoqchi ekanligimni aytdim. Shunda u menga ko‘proq imkoniyat berdi. Terma jamoamizga 22 may kuni kelib qo‘shildim. O‘ylaymanki, hammasi joyida. Hozir qanday holatda ekanligimni o‘ylaydigan vaqt emas. Bor kuchim bilan harakat qilaman.
Fikrlar