
Tojikistonning eng kuchli klubi o‘zbekistonlik futbolchiga ko‘z tikmoqda!
Mavsum boshidan beri “Xo‘jand” sharafini himoya qilib kelayotgan legionerlarimizdan biri Sanjar Rixsiboev yakuniga etgan birinchi davrada jamoasining eng yaxshi futbolchilaridan biri bo‘ldi. Ayni paytda esa “Xo‘jand” turnir jadvalida “Istiqlol”dan so‘ng ikkinchi o‘rinni egallab turibdi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Rixsiboevga Tojikistonning eng kuchli klubi – “Istiqlol”dan jiddiy qiziqish bo‘lmoqda. Bu borada klub vakillari futbolchimiz bilan ham aloqaga chiqishgan. Ammo hozircha Rixsiboevning “Xo‘jand” bilan yana mavsum oxiriga qadar shartnomasi bor va klubning o‘zi ham Sanjarni qo‘yib yubormoqchi emas.
Shuningdek, legionerimiz huquqiy jihatdan “Bunyodkor”ga tegishli va u Tojikistonda ijara asosida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Agar “Istiqlol” Rixsiboevni qo‘lga kiritishni xohlayotgan bo‘lsa, u holda “Bunyodkor” bilan bu borada muzokara o‘tkazishi kerak bo‘ladi. Anig‘i shuki, futbolchimizning o‘zi ham “Istiqlol”dan taklif bo‘lganini tasdiqladi.
Yaqinda xabar berganimizdek, “Xo‘jand”ga Hakim Fuzaylov bosh murabbiy etib tayinlandi. Hozirda u jamoaga bir qator yangi o‘yinchilarni olib keldi. Balki Rixsiboev uning rejalariga kiritilgan bo‘lsa, qo‘yib yuborishni istamayotgandir. Voqealar rivojini esa kuzatishda davom etamiz.
Fikrlar