
To‘lqin Qilichev: Bokschilarda vatanparvarlik futbolchilarnikidan kuchliroq
SPORTS.uz Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi murabbiyi - To‘lqin Qilichev bilan intervyu uyushtirdi. Qahramonimiz suhbat davomida boks va futbol o‘rtasidagi farqni ajoyib tarzda ifodalab berdi.
- Aytingchi, futbol va boksga bo‘lgan e’tibor qay darajada farqli? Nima uchun ushbu sportlarda erishayotgan yutuqlarimiz o‘rtasida tafovut bu qadar ulkan?
- O‘ylashimcha, farq bor. Shunchaki, futbol jamoaviy sport turi. Boksda har bir sportchi ringda o‘zi uchun o‘zi javob beradi. Vatanparvarlik ruhida katta bo‘lgani uchun ringda katta ishtiyoq bilan harakat qiladi. Ortga yo‘l yo‘q ekanligini his qiladi. Futbolda buning imkoni yo‘q. 11 xil insonni bir maqsad sari intilishi mushkul.
- Vatanparvarlik hissi futbolda ham katta rol ijro etadimi?
- Har qanday sport turida bu juda ham muhim. Menimcha, 11 xil fikrlaydigan futbolchilarning barchasi bir xil darajada vatan tuyg‘usiga ega bo‘lmaydi. Shu bois, natija ham shu bilan bog‘liq.
- Murabbiy sifatida aytingchi, futbol ham boks singari rivojlanishi uchun nimalarga e’tibor qaratish kerak?
- 90 yillarning oxirlarida yaponiyalik bir boks murabbiyi yurtimizga tashrif buyurdi. U 2 yil shu erda istiqomat qildi va boksimizni o‘rgandi. Keyin nima bo‘ldi bilasizmi? Aynan uning shogirdi adashmasam Londondagi olimpiadada otin medalga ega chiqdi. Bu Yaponiya boks tarixidagi ilk Olimpiya oltin medali. O‘ylashimcha, futbolda ham o‘zimizdan kuchliroq bo‘lganlarning ish uslubini o‘rganish shart. Misol uchun, yiliga 10 tadan yosh futbolchini kuchli beshlik klublariga malaka oshirish maqsadida yuborish kerak. 50 ta iqtidor egasi xorijda faoliyat olib borishi uchun murabbiylarni ham qo‘shib jo‘natish, ish o‘rganishi uchun imkoniyat yaratish kerak. Ana shunda, 5-6 yil ichida bizda zamonaviy futbol nafasini olgan kamida 50 futbolchi bo‘ladi. Bu esa, o‘z-o‘zidan futbolimiz o‘sishiga sabab bo‘ladi. Tasavvur qiling, birgina yapon mutaxassisi ikki yillik bilimini ishga solgan xolda, Olimpiada medalliga ega chiqmoqda. Bu yoshlar 5-6 yil ichida juda katta bilim oladi. Ularni moddiy qo‘llab-quvvatlab turish ham kerak. Keyinroq, ularning hech bo‘lmasa 5 tasi dunyo darajasidagi futbolchilarga aylanishi mumkin. Xorijda qolishni uddalay olmaganlari, hech bo‘lmasa ichki birinchilikda yaxshiroq o‘yin namoyish etadi. Biz yakunda baribir foyda ko‘ramiz. Bu mening fikrlarim, xolos. Aslida, futbolni mendan yaxshiroq tushunadiganlar ko‘p.
- Aytingchi, Qozog‘istonlik bokschilar bilan janglar nima uchun bu qadar katta qiziqishga sabab bo‘ladi?
- Bu tabiiy. Sababi, ringda ikki boks bo‘yicha etakchi mamlakatlar to‘qnash keladi. O‘z boks maktabiga ega gigantlar jangi hammaga qiziq. Aslida, bugungi «oltin avlod» vakillari Qozog‘istondagi musobaqalarda chiniqqan. Avvallari bizda faqat "Jekson" xotira turniri o‘tkazilar edi. Bir yilda atigi bitta musobaqa! Qo‘shnilarimiz kamida yiliga 12 turnir tashkil etar, biz yigitlar bilan birgalikda 12 oy ichida ularning hammasida ishtirok etishga tirishganmiz.
Bir necha yil ilgari ular bizdan oldinda edi. Hozir biz biroz ilgarilab ketdik. Shunga qaramay, o‘rtada hech qanday adovat yo‘q. Ringdan chiqqach, yigitlar o‘zaro aka-ukadek munosabatda bo‘ladi. Ularning murabbiylari bilan ham yaxshi tanishman. Bilasizmi, bizda tug‘ilgan, bizning maktabda katta bo‘lgan ko‘plab yigitlar Qozog‘iston bayrog‘i ostida Jahon arenalarini zabt etgan. Hatto, Olimpiya chempionlari ham bor. O‘z vaqtida Qozog‘istonda o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarini o‘tkazganmiz. Ular ham tez-tez Toshkentga tashrif buyuradi. Umuman olganda, aloqalarim a’lo darajada.
- Shogirdlaringiz okean ortida jang qilsa, ko‘pincha oldida bo‘lasiz. Bu nima bilan bog‘liq?
- Ular hali yosh. Jang oldidan ruhiy ustunlik taqdim etish uchun doim etib borishga urinaman. Ba’zan, meni ko‘rib ular yig‘lab yuboradi. Vatan sog‘inchi yomon, sportchilarni qiynab qo‘yadi. Agar uyingizdan uzoqda, begona yurtlarda yursangiz, sog‘inch nima ekanligini darrov anglaysiz. Shunday paytda, bolalikda yotgan beshigingizni olib kelishsa, ko‘zlaringizdan yosh chiqib ketadi. Agar og‘ir kunlarda yoningizda turgan murabbiyingiz kelsa, qanday hislar sizni qamrab olishini bir tasavvur qilib ko‘ring!
Men shunchaki, yigitlarga dalda bo‘lish uchun jang payti etib borishga harakat qilaman. Ularni qo‘llab-quvvatlayman, dalda bo‘laman. Afsuski, Murodjonning chempionlik jangi chog‘i yonida bo‘la olmadim. Shunday bo‘lsada, uyda o‘tirib tomosha qildim. Referi g‘olibni aniqlash maqsadida mikrofonni hakamlarga bergach, yuragim to‘xtab qolay dedi. Adashmasam, birinchi hakam Romanning g‘alabasini qayd etdi. Keyingi hakam Ahmadalievni kuchliroq deb hisobladi. 3 hakamning fikrini eshitishga yurak dosh bermadi. Xonadan chiqib ketdim, lekin qulog‘im televizorda. Bir payt, uyda qiy-chuv boshlanib ketdi. To‘g‘risi, nimalarni his qilganimni aytib berishim mushkul.
Intervyuni to‘liq video shaklida SPORTS.uz ning «You Tube»dagi rasmiy sahifasida tez kunda tomosha qilishingiz mumkin.
Fikrlar