
Tomas Tuxel «Chelsi»da ishni nimadan boshlashi kerak?!
Tomas Tuxelni sovuqqon murabbiylar qatoriga qo‘shib bo‘lmaydi. Mutaxassis o‘zining so‘nggi klubi – «Borussiya» va PSJni janjallar sababli tark etgan. Shunga qaramay, uning futbolni juda yaxshi his etishini qayd etib o‘tish darkor. Hozirda «Chelsi» ancha qiyin ahvolda. Jamoa to‘liq shakllanmagan, aniq bir o‘yin uslubi yo‘q, yangi kelganlar naf bermayapti…
Xo‘sh, Tomas Londondagi ishini nimadan boshlashi kerak? Bugun shu savolga javob berishga urunib ko‘ramiz.
Timo Vernerni «uyg‘otish» kerak
Timo so‘nggi 16 o‘yinda atigi 1 marta raqib darvozasini ishg‘ol qildi. U ham kubok bahsida «Morkamba» darvozasiga kiritilgan gol. Futbolchi kubok uchrashuvida «Luton»ga qarshi kechgan o‘yinda penaltidan gol urishni uddalay olmadi. Bunday bosimdan so‘ng, Verner o‘zini shimoliy Londonda adashib qolgan nemisdek his etmoqda.
Tinimsiz darvoza to‘sinlarini nishonga olish futbolchini ruhan ezib qo‘ygani bor gap. «RB Leyptsig» safida Timo nimalarga qodir ekanligini ko‘rsatib qo‘ydi. Negadir, Lempard uning ustun tomonlaridan naf chiqara olmadi. Balki, tajribasi etishmagandir.
Uning o‘rnini egallagan Tuxel esa, birinchi navbatda, Vernerga qanday darajadagi futbolchi ekanini eslatib qo‘yishi shart. Hujumchi asosan, katta tezlikda raqibni dog‘da qoldirishga moslashgan. Bundan Tuxel foydalanishi va uni yana o‘z kuchiga ishonishga majbur qilishi lozim. Bu oson bo‘lmaydi, ammo yakunda ulkan foyda keltirishi mumkin.
Kay Xavertsga «joy» topish lozim
Tuxel yana bir nemis futbolchisining iqtidorini saqlab qolishi darkor. «Stemford Bridj»ga ko‘chib o‘tgach, Kay o‘zi uchun noqulay pozitsiyalarda harakat qilishga majbur qilindi. «Bayer»da butun jamoa uning atrofida jamlangan edi. Shu bois, qahramonimiz o‘zini suvdagi baliqdek erkin his etar va ortiqcha muammosiz sermahsul o‘yin ko‘rsatar edi.
Endi Tuxel 21-asrning eng aqlli futbolchisi Kayga maydonda ideal pozitsiya topishi lozim. Shundagina, klub tarixidagi eng qimmat yarim himoyachi effekt berishi mumkin. Xaverts maydonda o‘yinni boshqarishi, hujumga temp qo‘shishi va standartlarni ijro etishi mumkin. Bundan tashqari, hujumchi ortidagi «fantazista» vazifasini ham a’lo darajada bajara oladi. Uning ustunliklaridan unumli foydalanilsa, «Chelsi» tezda o‘ziga keladi.
Yarim himoyani tartibga keltirish
So‘nggi uchrashuvlarda «aristokratlar» o‘yiniga barqarorlik etishmayapti. Jamoa soatiga 300 km tezlik bilan harakat qilishga qodir mashina, biroq uning boshqaruvi tajribasiz murrabiyda edi. Endi "rulni" boshqa qo‘llar tutdi.
Yarim himoya – har qanday jamoaning o‘zagi. London jamoasida bu nuqtadagi futbolchilar tanlovi ko‘ngildagidek. Ngolo Kante, Jorjino, Kovachich, Maunt, Xaverts, Gilmor Tuxel tanlagan istalgan sxemaga mos kelishi aniq.
Tuxel bu muammo bilan Parijda ham to‘qnash kelgan. U klubni qabul qilib olganida, faqat Verattigina 100 foiz asosiy tarkib futbolchisi edi. Hozir Tomas, birinchi navbatda, maydon markazini boshqaruvchi asosiy kuchlarni aniqlab olish lozim. Qolganlarni esa, sekin-asta o‘yinni kuchaytirish maqsadida maydonga tushirish mumkin.
Hujumda ham muammo mavjud
Raqobat juda foydali. Ayniqsa, sportda. Biroz bo‘sh kelsangiz, o‘rningizni boshqasi egallab oladi. London klubida ham shu vaziyat hukmron. Frenk Lempard joriy mavsumda asosiy hujumchini aniqlab olgani yo‘q. Abraxam, Verner yoki Jirudan biri birinchi raqamli “strayker”ga aylanishi lozim. Murabbiy bu futbolchilardan qay birini afzal ko‘rishi esa, uning o‘yinga tanlangan sxemasiga bog‘liq. Abraxam yoki Vernerdan birini asosiy planga olib chiqish kerak. Mutaxassis bu tanlovda adashmasligi lozim. Sababi, juda ko‘p narsa so‘nggi zarbani beruvchi futbolchiga borib taqaladi.
Yoshlarga ishonch bildirish
«Chelsi» tushib qolgan ahvolga havas qilib bo‘lmaydi. Jamoa to‘liq yoshartirilgan, ammo barqarorlik yo‘q. Shu bois, Tuxel etakchilar yordamiga murojaat etadi. Kante va Silva bunga tayyor. Yoshlarni ham chetga surib tashlamaslik muhim. Murabbiy etakchilar va yoshlarni jamoaga jalb etishda oltin o‘rtalikni topishi kerak.
Xadson-Odoi, Ris, Maunt, Pulishich, Xaverts, Gilmor «Chelsi»ning ertasi. Umid qilamizki, Tuxel bor e’tiborini sinovdan o‘tgan yigitlarga qaratish bilan cheklanmaydi. Axir uning qo‘l ostida bir nechta «olmoslar» mavjud. Ularga ishlov berish orqali kelajakda ulkan muvaffaqiyat qozonish mumkin. Qahramonimizni oldinda oson bo‘lmagan, biroq juda qiziqarli sarguzashtlar kutib turibdi.
Fikrlar