To‘purar legionerimiz oxirigacha kurashadi!

  • 2 noyabr, 2022, 18:50
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Belarus oliy ligasi to‘purarlari bahsida peshqadam qilayotgan Bobur Abduxoliqov o‘zi o‘ynayotgan “Energetik-BGU”ning ushbu mavsumda maqsadi yuqaori ekanini aytdi.

Chempionat yakunlanishiga uch tur qolgan bir pallada “Energetik-BGU” birinchi o‘rinda borayotgan amaldagi chempion “Shaxtyor-Soligorsk”dan ikki ochkoga ortda qolmoqda. Aslida 28-turda “talabalar”da birinchi o‘ringa ko‘tarilib olish imkoniyati bor edi.

Soligorskliklar “Slaviya” bilan durang o‘ynab ochko yo‘qotgan pallada Bobur Abduxoliqov jamoasi sovrinlar uchun kurashdagi asosiy raqobatchilaridan BATEga yutqazib qo‘ydi. Hozircha “Energetik-BGU”da nazariy jihatdan chempion bo‘lish imkoniyati saqlanib turibdi.

20220714210046

Buning uchun Bobur Abduxoliqov etakchiligidagi jamoa qolgan uchta bellashuvda zafar quchib, “Shaxtyor-Soligorsk”ning hech bo‘lmaganda bir bor mag‘lubiyatga uchrashini kutishiga to‘g‘ri kelmoqda.

“Energetik-BGU” etakchisi bo‘lgan legionerimiz jamoasi chempionatni sovrindorlar qatorida yakunlanishiga ishonch bildirdi.

- BATEga qarshi uchrashuvda ozgina omad etishmadi. Birinchi bo‘limda to‘p kiritishimiz kerak edi. Aksiga olib, o‘yinning ikkinchi yarmida bir juft gol o‘tkazib yubordik. Juda og‘ir o‘yin bo‘ldi.

Lekin hammasi hali oldinda, sovrindorlar qatoridan joy olish uchun katta imkoniyatlar bor. Oldimizda “Dinamo-Minsk”ga qarshi ikkita va “Gomel” bilan bitta o‘yin turibdi, - dedi Bobur Abduxoliqov.

Bobur Abduxoliqovning o‘zi mavsum davomida 27 ta uchrashuvda qatnashib, raqiblar darvozasini 23 marotaba ishg‘ol qilgan va jamoadoshlariga oltita golli pas uzatgan.

“Nasaf” tarbiyalanuvchisi Belarus chempionati to‘purarlari poygasida peshqadamlik qilish barobarida gol+pas tizimida 27 ochko bilan ham musobaqaning eng foydali futbolchisi bo‘lib turibdi.

Shuni ham ta’kidlash lozimki, Bobur Abduxoliqov Belarus chempionati tarixiga kirgan to‘purarlar bilan ham raqobatlashmoqda.

Hozircha, hamyurtimizning hisobida 23 ta gol bor. Chempionatning qolgan o‘yinlarida Abduxoliqov yana bir bor raqib darvozasini ishg‘ol qilsa, 2007 yilgi chempionatda o‘z hisobiga 24 ta aniq zarba yozdirib qo‘ygan “Gomel” hujumchisi Roman Vasilyukka etib oladi.

Shuningdek, qolgan bahslarda ikki marta to‘p kiritishni uddalasa, legionerimiz 2001 yili ligada 25 ta gol muallifi bo‘lgan “Nyoman-Belkard”ning rossiyalik forvardi Sergey Davidov natijasini qaytaradi.

Bobur Abduxoliqov uchta gol urgan taqdirda Belarus chempionatining bir mavsumida eng ko‘p to‘p kiritgan xorijlik futbolchisiga aylanadi.

Demak, Boburni tarixiy natijadan atigi uchta gol ajratib turibdi. Biz 25 yoshli forvardimiz qolgan bahslarda bu ko‘rsatkichlarni zabt eta olishiga umid qilamiz.

20220911150939

Shunga qaramay, Abduxoliqov Belarus oliy ligasida bir mavsumda eng ko‘p gol urish bo‘yicha mamlakat rekordini yangilashiga ishonish qiyin ekanini ta’kidlash adolatdan bo‘ladi. Bu ko‘rsatkichni qayd etish uchun hamyurtimiz chempionatdagi gollari sonini 35 taga etkazishi kerak edi. Bu esa hozirning o‘zida imkonsiz masala ekani ko‘rinib turibdi. Amaldagi rekordchi Andrey Xlebosolov 1996 yilgi chempionatda “Belshina” tarkibida 34 ta to‘p kiritib, hozircha takrorlanmay turgan rekordni o‘rnatib qo‘ygan.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!