
Triatlon. Samarqanddagi jahon kubogida dunyoning eng kuchli 100 nafar sportchisi ishtirok etadi
Joriy yilning 18-19 may kunlari Samarqand shahrida triatlon va para triatlon bo‘yicha “World Triathlon Cup Samarkand-2024” hamda “World Triathlon Para Cup Samarkand-2024” xalqaro musobasi bo‘lib o‘tadi. Bugun "Samarqand Hilton” konferents-zalida ushbu nufuzlu sport tadbiriga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Sport vaziri Adham Ikramov, Xalqaro triatlon ittifoqi mutasaddilari, O‘zbekiston triatlon federatsiyasi rahbariyati, musobaqada ishtirok etadigan taniqli atletlar va OAV xodimlari ishtirok etishdi.
Vazir so‘nggi yillarda barcha yo‘nalishlar qatori triatlon ham ulkan o‘sishga erishayotgani, terma jamoa uchun barcha sharoitlar yaratib berilayotgani, yurtimizda yirik musobaqalarni o‘tkazish orqali ushbu sport ommaviyligi oshirilayotgani haqida to‘xtaldi. O‘z navbatida, xalqaro mutaxassislar O‘zbekiston triatlon federatsiyasi bir necha yil avval tashkil topganiga qaramasdan juda katta o‘sishga erishganini alohida ta’kidlashdi.
Ekspertlar mamlakatimizning so‘nggi yillarda Osiyo kubogi va boshqa turli musobaqalarni yuqori saviyada o‘tkazgani Jahon kubogidek mas’uliyatli start O‘zbekistonga ishonib topshirilganiga asos bo‘lganini bildirishdi. Shuningdek, trassa qadimiy obidalarga yaqin hududda tashkil etilgani xorijlik mehmonlarning yanada katta qiziqishiga sabab bo‘ldi. Anjuman davomida OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollarga atroflicha javob olishdi.
Musobaqada jahon elitasidagi 100 nafar kuchli atlet ishtirok etadi. Ular orasida Olimpiya o‘yinlari va jahon chempionatining g‘olib va sovrindorlarini uchratish mumkin. Dasturga ko‘ra, bahslar Olimpiya masofasida o‘tib, sportchilar 1.5 km suzish, 40 km velopoyga va 10 km yugurish bo‘yicha raqobatlashadilar.
Fikrlar