Tsindao “Masters” turnirida O‘zbekiston dzyudo terma jamoasi nechanchi o‘rinni qayd etdi?

  • 15 dekabr, 2019, 13:54
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • Dzyudo
BEPUL PROPAN

Tsindao “Masters”. Yaponiyada o‘zida tengsiz bo‘ldi, O‘zbekiston TOP-15ga kirdi

Uch kun davomida Xitoyning Tsindao shahri mezbonlik qilgan yilning so‘nggi nufuzli musobaqasi yakunlandi.

“Masters” seriyasiga kiruvchi, mukofot jamg‘armasi 300 000 AQSh dollarini tashkil qiluvchi ushbu musobaqada dunyoning 67 davlatidan eng sara dzyudochilar turnir medallari hamda Tokio-2020 Olimpiadasining muhim reyting ochkolari uchun bahs olib borishdi. Tsindao “Masters” turnirida O‘zbekiston terma jamoasining 11 nafar a’zosi yurtimiz sharafini himoya qildi.

Xabar berganimizdek, Tsindao tatamilari ikki dzyudochimizga musobaqaning bronza medallari bilan birga 468 reyting ochkosini taqdim etgandi. Jahon chempionati sovrindori Sharofiddin Lutfullaev hamda yoshlar o‘rtasida jahon chempioni Diyora Keldiyorova o‘z vazn toifalarida shoxsupaga ko‘tarilishdi.

Tsindao “Masters” yakuniga ko‘ra umumjamoa hisobida medallar jamg‘arish bo‘yicha Yaponiya terma jamoasi katta ustunlik bilan birinchi o‘rinni egalladi. Dzyudo vatani vakillari 5 ta oltin, 2 ta kumush, 5 ta bronza medalini qo‘lga kiritishdi.

Ikkinchi o‘rindan joy olgan Gollandiya terma jamoasi 3 ta oltin, bittadan kumush va bronza medali bilan uyga qaytadigan bo‘ldi. Kuchli uchlikka 1 ta oltin, 3 ta kumush, 3 ta bronza medali bilan Frantsiya terma jamoasi yakun yasadi. Gruziya, Italiya, Kosovo, Belgiya va KXDR dzyudochilar esa bittadan oltin medalga ega chiqishdi.

Yigirma uch davlat dzyudochilari kamida bitta bronza medali bilan taqdirlanishdi. O‘zbekiston terma jamoasi 2 ta bronza medali bilan umumjamoa hisobida 15-o‘rinni egalladi.

O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi matbuot xizmati

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!