TsSKA Fayzullaevga narx belgiladi! Transfer yaqinmi?

  • 25 aprel, 17:17
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumkor futbolchi Abbosbek Fayzullaevning Evropaga yo‘l olishi so‘nggi ikki yil ichida eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzulardan biriga aylanib qolgan.

Iste’dodli futbolchimiz 2023 yilning avgustida “Paxtakor”dan Moskvaning TsSKA klubiga ko‘chib o‘tganidan keyin uning faoliyati ko‘pchilikning e’tiborini torta boshladi.

Fayzullaev yosh bo‘lishiga qaramay qisqa fursatda “armiyachilar”ning etakchi futbolchisiga aylandi, Rossiya Premer-ligasining o‘tgan mavsumdagi eng yorqin kashfiyoti sifatida maxsus sovrin bilan ham taqdirlandi.

Abbosbek Rossiya chempionati va mamlakat kubogidan tashqari, O‘zbekistonning turli yoshdagi va milliy terma jamoalari safida xalqaro maydonda muhim uchrashuvlarda o‘zini ko‘rsata oldi. Fayzullaev o‘tgan yili yoshlar o‘rtasidagi Osiyo kubogi va ushbu musobaqaning finalchisi sifatida Frantsiya poytaxti Parij shahri mezbonlik qilgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida ilk bor ishtirok etgan terma jamoamiz safida tarixiy uchrashuvlarda to‘p tepdi.

2026 yilgi jahon chempionatiga chiqishga yaqin turgan O‘zbekiston milliy terma jamoasining saralash musobaqasida o‘z o‘yini, gollari va assistlari bilan muhim figuraga aylanib qoldi.

Fayzullaev 2023 yili O‘zbekistonning eng yaxshi o‘yinchisi, deb e’tirof etildi. 2024 yili Osiyoning eng yaxshi yosh futbolchisi sovrini bilan taqdirlandi.

Albatta, bu muvaffaqiyatlar xorij klublari mutasaddilari, murabbiylar va skautlari nazaridan chetda qolgani yo‘q. Xususan, Abbosga “Parma”, “Monako”, “Bavariya”, “Real Sosedad” kabi klublar qiziqayotgani haqida ma’lumotlar tarqaldi.

Endi joriy mavsum yakuniga yaqinlashayotgan pallada Fayzullaevning “top-ligalar”ga o‘tish imkoniyati haqidagi muhokamalar yana dolzarb ahamiyat kasb eta boshladi. Yaqinda o‘zbek futbolchisini Ispaniya va Frantsiya klublari kuzatayotgani ma’lum bo‘lgandi.

Taniqli insayder Ivan Karpov Abbosbek Fayzullaevning faoliyatiga oid insayd xabar chiqardi. Manbaga ko‘ra, TsSKA rahbariyati o‘zbek futbolchisi bo‘yicha taklif tushadigan bo‘lsa, uni ko‘rib chiqishga tayyor.

Ma’lumotlarda aytilishicha, “armiyachilar” Fayzullaev transferi bo‘yicha 12 million evrodan boshlangan takliflarni qabul qiladi. Parallel ravishda o‘zbek futbolchisi bilan shartnomani yangilash masalasi muhokama qilinmoqda. Biroq Abbosning o‘zi Evropaga yo‘l olishga moyillik bildirgan.

Abbosbek Fayzullaevning TsSKAga ko‘chib o‘tishi “Paxtako” g‘aznasiga 500 ming evro keltirgan. Hozir Fayzullaevning transfer summasi ancha ko‘tarilgan va  Transfermarkt portali ekspertlari tomonidan 8 million evroga baholanmoqda.

Bu ko‘rsatkich bo‘yicha 21 yoshli hujumkor futbolchi 35 million evroga baholanayotgan “Manchester Siti” vakili Abduqodir Husanovdan keyin Markaziy Osiyoda eng qimmatbaho ikkinchi o‘yinchi hisoblanadi.

Fayzullaev TsSKAga ko‘chib o‘tganidan beri barcha turnirlarda 64 ta uchrashuvda qatnashib, sakkizta gol va 21 ta assist muallifi bo‘ldi. Shuningdek, Abbos xalqaro maydonda O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida 25 ta uchrashuvda raqiblar darvozasini sakkiz marotaba ishg‘ol qildi.

Fayzullaev nega yaxshi o‘ynolmayapti?

Shomurodov Dovbikni “sindirdi”!

Fayzullaev “yo‘qolib” qoldi!

Shomurodov bir gol bilan “Roma”ning mavsum rekordini o‘rnatdi. Navbat tarixiy rekordga!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!