Turkiyani larzaga solayotgan Shomurodov haqida yangi qiziq faktlar

  • 16.12.2025 16:31
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol

Keyingi yillarda Turkiya Superligasi klublari Evropada nom qozongan charm to‘p ustalarini o‘z safiga qo‘shib olishga harakat qilmoqda. Yuqori ligada ishtirok etayotgan 18 ta jamoaning aksariyatida taniqli yulduzlar bor.

Yangi mavsum oldidan ular qatoriga Eldor Shomurodov ham qo‘shildi. Qariyb besh yil Italiyada to‘p tepgan o‘zbek futbolchisi “Istanbul Bashakshehir”ning asosiy yulduzi, etakchisi va to‘purari hisoblanadi.

30 yoshli hujumchimiz Turkiya chempionatida to‘purarlar poygasida yana birinchi o‘ringa ko‘tarilganini inobatga olib, sports.uz portali Shomurodov faoliyatga oid qiziqarli ma’lumotlarni o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola etadi.

Demak, quyidagi ma’lumotlar bilan tanishing:

“Istanbul Bashakshehir” Shomurodovni “Roma”dan bir mavsumga ijaraga olish uchun Italiya klubiga 3 million evro to‘lagan. Bu summaning o‘zi “Bashakshehir”ning aksariyat o‘yinchilari transfer narxidan qimmat turadi.

*                                 *                                 *

“Bashakshehir” safida dunyoning 13 ta mamlakatidan taklif etilgan legionerlar o‘ynamoqda. Ular orasida faqatgina O‘zbekiston vakillari ikki nafarni tashkil qiladi.

*                                 *                                 *

Eldor Shomurodov O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida ham Abbosbek Fayzullaev bilan elkama-elka to‘p tepadi.

*                                 *                                 *

“Bashakshehir” 16-tur yakunlariga ko‘ra jami 22 ta gol urdi. Shulardan teng yarmi – 11 tasi Shomurodov hisobiga yozilgan.

*                                 *                                 *

“Bashakshehir”ning Superliga qaydnomasidan o‘rin olgan 29 nafar futbolchi orasida Shomurodov chempionat boshidan beri 16 ta uchrashuvning barchasida qatnashgan yagona futbolchidir.

*                                 *                                 *

Eldor Turkiya chempionatidagi birinchi golini mashhur klub – “Beshiktosh” darvozasiga joylagan.

*                                 *                                 *

Shomurodov Superligadagi birinchi va hozircha yagona dublini “Antalyaspor” maydonidagi bahsda qayd etgan.

*                                 *                                 *

Legionerimizning gollari “Bashakshehir”ga to‘rtta g‘alaba va bitta durang, jami 20 ochkodan 13 tasini keltirdi.

*                                 *                                 *

Eldor Superligada o‘zi duch kelgan 16 ta jamoadan o‘ntasining darvozasini ishg‘ol qildi.

*                                 *                                 *

Shomurodov jamoaning eng qimmat o‘yinchilaridan hisoblanadi. Uning transfer qiymati 5 million evroni tashkil qiladi. Eldor bu ko‘rsatkich bo‘yicha faqatgina transfer qiymati  8 million evroga baholangan Abbosbek Fayzullaev va 7 million evro turadigan Amit Xaritdan keyingi o‘rinda.

*                                 *                                 *

Eldor Superligada jami 1407 daqiqa o‘ynadi, 11 ta gol urdi. Bu hujumchimiz har 128 daqiqada bittadan gol urganini anglatadi.

*                                 *                                 *

“Bashakshehir” Shomurodov faoliyatidagi sakkizinchi klub hisoblanadi.

*                                 *                                 *

Shomurodov bu klublar tarkibida barcha turnirlarda 366 ta uchrashuv o‘tkazib, 75 ta gol urgan va 41 ta assist qayd etgan. Shuningdek, Eldorning hisobida 21 ta sariq va bitta qizil kartochka ham bor.

                           *                                 *                                 *

Eldor Shomurodov O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarixidagi eng zo‘r to‘purar hisoblandi. 30 yoshli futbolchi xalqaro miqyosda 88 ta uchrashuvda ishtirok etib, o‘z hisobiga 43 ta gol yozdirib qo‘ygan. Uning terma jamoadagi har bir goli yangi rekord sifatida hisobga olinaveradi. 

Nihoyat, Husanovni maydonda ko‘ramiz!

Shomurodov gol urgan grand klub “Barsa”dan mashhur darvozabonni oladigan bo‘ldi

Shomurodov supergol bilan “taxt”ga qaytdi!

O‘zbekiston ulkan hurmatga loyiq! Portugaliya ustozi Martines yana nimalar dedi?

Bu xatodan keyin Gvardiola Husanovni asosiy tarkibga qaytarishi shart

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!