Turklar Risharlisonni uch baravar oshirishgan maosh bilan transferga ko‘ndirdi
«Tottenxem» hujumchisi Risharlison faoliyatini Turkiyaning «Trabzonspor» jamoasida davom ettirishga rozilik berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, turk klubi braziliyalik futbolchi bilan shaxsiy shartnoma borasida to‘liq kelishuvga erishgan. Mashhur insayder Fabrizio Romano xabariga ko‘ra, 29 yoshli forvard Turkiyada London klubida olayotgan maoshidan uch barobar ko‘p ish haqi olishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, klublar o‘rtasida hali rasmiy kelishuv yo‘q. «Tottenxem» bugunga qadar «Trabzonspor»dan tushgan 15 va 20 million funtlik ikki taklifni rad etgan. Yaqin kunlarda turk jamoasi yanada yuqoriroq taklif bilan chiqishi rejalashtirilmoqda.
Risharlison 2022 yildan beri «Tottenxem» sharafini himoya qilib kelmoqda. U London klubiga «Everton» tarkibidan o‘tgan. Hozirgi shartnomasiga ko‘ra, braziliyalik hujumchi 2027 yil yozigacha «Tottenxem» futbolchisi hisoblanadi.

Fikrlar