Sports.uz axborot portali yurtimizda to‘p surgan xorijlik charm to‘p ustalari haqida ma’luot berishni davom ettiradi. Bugun yurtimizda faoliyat olib borgan Osiyo qit’asining mohir futbolchilari faoliyatiga nazar solamiz.

O‘zbekiston chempionatlarida Avstraliyadan 4 nafar, Iroqdan 1 nafar, Yaponiyadan 3, Qirg‘izistondan 6, Malayziyadan 1, Janubiy Koreyadan 3, Tojikistondan 13 va Turkmanistondan 18 nafar futbolchi o‘ynagan. Joriy mavsumdan e’tiboran, Tojikistondan yana 2 ta va Turkmanistondan 4 ta futbolchi Superligada paydo bo‘ldi.

Ko‘rib turganingizdek, diyorimizga kelgan osiyolik futbolchilar orasida Turkmaniston futbolchilari eng faoli hisoblanishadi va bu borada tojikistonliklar ham yaxshi ko‘rsatkichga ega.

Turkmanistonlik Artyom Nikitenko ("Olmaliq"), Kaxa Gogoladze ("Nasaf"), Amir Gurbani (Buxoro"), Maksim Kazankov ("Lokomotiv"), Maksim Belix ("Navbahor") va Konstantin Sosenko ("Paxtakor") klublarimiz sharafini himoya qilishgan.

Ushbu mamlakat tarixidagi eng yaxshi futbolchilardan biri Gochkuli Gochkuliev 2002-2005 yillarda "Paxtakor"ning muhim futbolchilaridan biri bo‘lgan. 2007-2010 yillari esa "Bunyodkor" jamoasi a’zosi sifatida maydonga tushgan.

2005-2009 yillari Didar Hojiev "Navbahor" klubida muvaffaqiyatli faoliyat olib borgan va 2010 yili "Nasaf" uchun to‘p tepgan. 2006 yili Dayanqilich O‘rozov "Neftchi" va "So‘g‘diyona" klublarida faoliyat olib borganidan so‘ng, Armaniston va Qozog‘iston chempionatlarida o‘ynagan va 2008 yilni yana "So‘g‘diyona" safida o‘tkazgan.

2007-2008 yillari "Dinamo Samarqand", 2009, 2010-2011 yillari "Olmaliq" jamoasida o‘ynagan Murot Hamroevni unutmagan muxlislar etarlicha topilsa kerak.

O‘zbekistondagi faoliyati uzoqqa bormagan turkmanistonlik futbolchilar qatoriga Nazar Choliev ("Olmaliq, 2008), Baxtiyor Xo‘jaahmedov ("Buxoro", 2010), Pavel Xarchik (2011 yili "Qizilqum", 2012 yili "Olmaliq"), Maqsatmurot Shomurodov ("Olmaliq", 2013-2014), Alik Haydarov ("Mash’al", 2011-2013) va Elman Tagaevni (2016 yili "Andijon", 2019 yili "Navbahor") kiritishimiz mumkin.

Gochkulievdan tashqari, yurtimizda porlagan turkmanistonlik yana bir futbolchi Artur Gevorkyandir.

2006-2009 yillari "Sho‘rtan", 2010 yili "Paxtakor", 2011-2016 yillari "Nasaf", 2016 yili "Lokomotiv" va 2017-2018 yili "Qizilqum" sharafini himoya qilgan Gevorkyan o‘zining eng yaxshi davrlarini Qarshining "Nasaf" jamoasida o‘tkazgan va 2011 yili klub bilan birgalikda OFK Kubogini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan.

Joriy mavsumni AGMKda o‘tkazayotgan Arslanmurot Amonov O‘zbekistondagi faoliyatini aynan olmaliqliklar safida 2015 yili boshlagan va 2016 yilgi mavsum yakuniga qadar ushbu jamoa a’zosi bo‘lgan. 2018 yili "Buxoro" va 2019 yili "Lokomotiv" safida to‘p tepgan. 2019 yilgi Osiyo chempionatida terma jamoa tarkibida maydonga tushib, qit’aning eng kuchli jamoalaridan biri – Yaponiya darvozasiga uzoq masofadan chiroyli gol urishni uddasidan chiqqan edi.

2020 yilgi mavsumdan boshlab, "Bunyodkor" va "Mash’al"da bittadan, "Qizilqum"da esa ikki nafar turkmanistonlik futbolchi maydonga tushish ehtimoli katta.

Tojikistonlik futbolchilar haqida gap ketganida, albatta muxlislar birinchi o‘rinda Akmal Xolmatovni eslashadi. Xolmatov o‘zining yulduzli onlarini "Neftchi" jamoasida o‘tkazgan. 1998-2008 va 2014-2016 yillari farg‘onaliklar uchun maydonga tushgan yarim himoyachi 2008-2010 yillari "Paxtakor", 2012-2014 yillari "Lokomotiv", 2017 "Sho‘rtan" va "Andijon" jamoalarida ham to‘p surishga ulgurgan. Xolmatov haqida juda ko‘p narsa yozish mumkin, bu uchun alohida material tayyorlasa ham bo‘ladi.

Sobiq Ittifoq davrida "Nurafshon" jamoasida o‘ynagan Valeriy Gorbach o‘sha kezlardayoq, "Nurafshon Buxoro" jamoasiga o‘tgan va 1991 yili mustaqil O‘zbekiston chempionatida ishtirok etishga ulgurib qolgan. Gorbach yurtimizda o‘ynagan dastlabki legionerlardan biri bo‘lib tarixga kirgan.

1996-1998 va 2000-2002 yillari "Andijon" safida tojikistonlik Tohirjon Mo‘minov to‘p surgan bo‘lsa, 1998-1999 yillari "So‘g‘diyona", 2000-2002, 2003-2004 yillari "Dinamo Samarqand" jamoasida Shuhrat Jabborov o‘ynagan.

1996 hamda 1999 yilda "Yangier", 1997-1999 yillarda "Nasaf", 2000 yilda "Guliston", 2002 yilda "Mash’al", 2008-2009 yillarda "Metallurg" tarkibida Alisher To‘ychiev maydonga tushgan.

Hozirda "Buxoro" klubiga ustozlik qilayotgan Muhsin Muhammadiev 1999 yili shu jamoaning futbolchisi sifatida chempionatimizda ishtirok etgan va 2000-2001 yillari "Dinamo Samarqand" sharafini himoya qilishga ham ulgurgan.

2010 yillarda chempionatimizda uzoq muddat o‘ynaydigan tojikistonlik futbolchilar topilmadi.

2011-2012 yillari "Qizilqum"da Aleksandr Frenk, 2012 yili "Andijon"da Farhod Tohirov, 2017 yili "Mash’al"da Umidjon Sharipov, 2018 yili "Nasaf"da Jahongir Aliev va "Metallurg"da Zoir Jo‘raboev, 2019 yili "Buxoro"da Fathullo Fathulloev va "Navbahor"da Amirbek Jo‘raboev faoliyat olib bordi.

Joriy mavsum "Bunyodkor"da Davron Ergashev va "Andijon"da Oybek Abdug‘ofurov paydo bo‘ldi.

Qirg‘izistonlik futbolchilar orasida Karim Isroilov mamlakatimizda eng uzoq faoliyat olib borgan futbolchi hisoblanadi. U 2010 yili "Mash’al", 2011 yili "Bunyodkor" va "Dinamo Samarqand", 2012 yili yana "Mash’al" jamoasida o‘ynagan. Isroilovdan tashqari, 2011-2012 yillari "Bunyodkor"da Emil Kenjesariev, 2017 yili AGMKda Farhod Musabekov, 2018 yili AGMKda Pavel Matyash, 2019 yili "Andijon"da Ahliddin Isroilov va "So‘g‘diyona"da Sherzod Shakirov faoliyat olib borgan.

Yurtimizga Malayziyadan futbolchi kelganini ko‘pchilik bilmasa ham kerak. Diego yuqori ligada o‘ynamagan bo‘lsada, quyi liga vakillari "Chimchiqko‘l" va "Sergeli"da bir mavsumdan to‘p tepgan.

2011 yili "Andijon" jamoasi sharafini iroqlik Haydar Abdulrazzoq himoya qilganini eslay olasizmi?

2012 yili "Paxtakor" o‘z tarkibini yaponiyalik Naoya Shibamura bilan to‘ldirgan, ammo bu futbolchidan jamoaning ko‘ngli to‘lmagan va ikkinchi davrada "Buxoro" jamoasiga qo‘yib yuborgan. Shibamura 2013 yilning oxiriga qadar buxoroliklar sharafini himoya qilgandi.

2014-2016 yillari "Bunyodkor"da Minori Sato to‘p tepdi va uning faoliyati muxlislarga manzur kelgandi. 2017 yili "Mash’al"da o‘ynagan Tomoki Muramatsu ko‘p o‘tmay, yurtimizni tark etgan.

2016 yili "Navbahor" klubida Janubiy Koreya fuqarosi to‘p tepgan. Choy Xyun Eon jamoada ko‘p ham maydonga tushmadi va shu yilning o‘zida Namangan klubini tark etdi. 2018 yili esa ikkita koreyalik futbolchi mamlakatimizda bo‘ldi. "Lokomitiv"da Cho Seok Ju o‘ynagan bo‘lsa, "So‘g‘diyona"da Kim Dong Xi to‘p surgan.

O‘zbekiston terma jamoasi darvozasiga gol urgan, Avstraliya terma jamoasida to‘p tepgan, APL havosini ko‘rgan Devid Kerni 2012 yili katta umidlar bilan "Bunyodkor" jamoasiga olib kelingan, ammo avstraliyalik futbolchi "qaldirg‘ochlar"ning asosiy tarkibiga ham kira olmagan. Shundan so‘ng, 2014 yili AGMK klubi ham Avstraliyadan futbolchi olib kelgan. Biroq, Piter Franich ham zahirada qolib ketib, mavsum yakunidan so‘ng, jamoadan ketgan.

2017-2018 yillari Rostin Griffits "Paxtakor"ning himoya qo‘rg‘oni vazifasini bajarishga uringan, ammo toshkentliklardagi faoliyati davomida bor-yo‘g‘i 16 ta uchrashuvda maydonga tushirilgan xolos!

O‘tgan mavsum "Qizilqum" sharafini himoya qilgan Stiven Lustitsa yangi mavsumni "Uestern Yunayted" klubida boshladi. Avstraliyalik himoyachi Zarafshon klubida 13 ta bahs o‘tkazishga ulgurgan.

Osiyodan mamlakatimizga tashrif buyurgan futbolchilar orasida Akmal Xolmatov, Artur Gevorkyan va Gochkuli Gochkulievni eng yaxshilari, desak bo‘ladi. Umuman olganda, yana bir qator futbolchilarni saralab olish mumkin, ammo yuqorida qayd etilgan 3 ta futbolchi qolganlardan ajralib turadi.

Sizningcha, yana kimlar eng yaxshilar qatorida bo‘lishi mumkin?

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!