"Turon" ustozi futbolchilarning maydonga yotib olishi, ro‘za va "Andijon" fan-klubi haqida gapirdi
Bugun bo‘lib o‘tgan “Turon” va “Andijon” (1:0) o‘rtasidagi uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlar bosh murabbiyi Islom Ismoilov jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.
- Bugungi g‘alaba bilan barcha muxlislarimizni tabriklayman. Bu o‘z maydonimizdagi Superliga klubi ustidan erishilgan birinchi g‘alabamiz. Birinchi taym qiyin ob-havo sharoitida o‘tdi. Ikkala jamoa uchun bunday holatda to‘p surish qiyin edi. Natijada o‘yinchilar bor imkoniyatini namoyish eta olmadilar. Uchrashuv boshlarida o‘yinni to‘liq nazorat qildik va shuning hisobiga gol urdik. Penaltidan foydalanganimizda o‘yin to‘liq biz tomonga o‘tardi. Doim 1:0 hisobi bilan o‘ynash juda qiyin. Jamoada g‘alabaga ko‘nikish hissi va bunga endi-endi moslashish jarayoni kechyapti. 1:0 dan keyin jamoamiz ko‘proq himoyaga e’tibor qaratdi. Tanaffus paytida futbolchilarimizga iloji boricha vaziyatlar yaratib, ulardan foydalanish kerakligini aytganmiz.
- “Turon”ning keyingi bosqichga chiqishida taqvimning qulay kelgani asosiy sabab bo‘ldimi?
- Avvalo ikkita o‘yinni o‘z maydonimizda o‘tkazganimiz bizning yutug‘imiz. Baribir uyda jamoa ko‘tarinki kayfiyatda harakatlanadi. “Andijon” jamoasida ham imkoniyat bor edi. Ular “Aral” bilan uchrashuvda yoshlariga imkoniyat berishdi. Ammo “Aral”ni kuchsiz jamoa demagan bo‘lardim. Taqvim hamma jamoa uchun bir xil tushgan. Jamoamizning keyingi bosqichga chiqqanini taqvim bilan bog‘lamagan bo‘lardim. Biz o‘z imkoniyatlarimizdan foydalandik.
- Superliga doirasida jamoani oldinda “Paxtakor” va AGMKga qarshi qiyin o‘yinlar kutib turibdi...
- Agar qo‘rqsak, maydonga chiqib o‘ynamasligimiz kerak. Bizda raqibdan qo‘rqish degan tushuncha yo‘q. Bugungi o‘yin uchun ham yigitlarga rahmat aytaman, rosa mehnat qilishdi. Turdan-turga jamoaning sifati oshib boryapti. Xudo xohlasa, chempionatda ham g‘alabali yurishlarimizni davom ettiramiz. Olti kun ichida “Paxtakor”, AGMK va “Qizilqum”ga qarshi uchta o‘yin o‘tkazamiz. O‘sha bellashuvlarda maksimal ochkolarni qo‘lga kiritishga harakat qilamiz.
- Ikkinchi bo‘limda maydonga tushgan Abdurahmon Abdulxakov juda qo‘pol o‘ynadi. Uning o‘yini arablardan qolishmadi, maydonga yotib olish bo‘yicha. Bu haqda fikringiz?
- Abdulhakov “Andijon”da o‘ynagan-ku, uning xarakterini yaxshi bilasizlar. Uning tabiatida shunaqa narsa bor. O‘sha vaziyatda haqiqatan futbolchi kelib uning elkasidan bosib ketdi. Yon hakam ko‘rgani uchun bosh hakamga murojaat qildi. Abdurahmonga shunday vazifa yuklaymizki, raqib bilan birga-bir qolganda aldab o‘yinni o‘ziga olishini tayinlaymiz. Xohlaysizmi-yo‘qmi, raqibni aldashni boshlaganda u erda o‘yin qoidasi buzilishi bo‘ladi. Barcha qoida buzilishi bo‘lgan vaziyatlarda raqib unga nisbatan qo‘pollik ishlatdi. To‘g‘ri, qaerdadir ozgina o‘zidan qo‘shgan bo‘lishi mumkin. Lekin biz Abdulhakovga atayin shunday o‘yin ko‘rsatasan, degan ko‘rsatmani bermaymiz. Uchrashuvdan oldin hech qachon futbolchilarga o‘yin sifatiga ta’sir qiladigan harakatlar qilishlarini aytmaymiz. Futbolning toza vaqtini ko‘paytirish va sof futbol o‘ynashlarini uqtiramiz. “Andijon” tarkibida iqtidorli yoshlar bor, yaxshi jamoa. Bizga etarlicha qarshilik ko‘rsatdi. Qaerdadir tajriba o‘z so‘zini aytgan bo‘lishi mumkin. Jamoamiz anchadan beri g‘alaba qozona olmayotgandi. Shu bois futbolchilarimizda gol o‘tkazib yubormaslik bo‘yicha xadik bo‘ldi. “Lokomotiv” bilan uchrashuvda 2:0 hisobida oldinda edik. Keyin biroz o‘yin jilovini qo‘ldan chiqarishimiz oqibatida raqib ikkita gol bilan bizni jazolagandi. Yana o‘sha holat takrorlanmasligi uchun balki qaerdadir o‘yinchilarimiz vaqtni cho‘zishga harakat qilgan bo‘lishi mumkin. Ammo uchrashuv davomida qaysidir futbolchi keragidan ortiq darajada maydonga yotib olib vaqtni cho‘zgani yo‘q.
- Bugungi derbida o‘yin muhitini “ushlab” turgan andijonlik muxlislar haqida fikringiz?
- “Andijon” fan-klubi O‘zbekistonda etakchilardan biri. “Andijon” uydami yoki safarda o‘ynaydimi, doim ishqibozlari chiroyli tarzda qo‘llab-quvvatlab turishadi. Bugun ham stadionda ko‘rdikki, ajoyib muhitni yaratib bera olishdi. Mana shunday issiq havoda, Ramazon oyida stadionga kelib jamoalarni qo‘llab-quvvatlab turishgani uchun “Turon” va “Andijon” muxlislariga rahmat aytaman. Jamoalar tomoshabop o‘yin ko‘rsatishga harakat qilishdi. Omad ko‘proq biz tomonda bo‘ldi.
- “Turon” jamoasida sir bo‘lmasa, necha nafar futbolchi ro‘za tutgandi?
- Legionerlardan tashqari qolgan futbolchilarimiz ro‘za tutishyapti. Buni yigitlarga ta’qiqlamaymiz. Bu ularning ixtiyori. Biz ulardan kim ro‘za tutgan yoki tutmaganini so‘raymiz. Shunga qarab ish tutamiz. Bugun maydondagi futbolchilarimizning ko‘pi ro‘za tutishgandi.

Fikrlar