Tuslanuvchi, xavfli va Avstriyadan ham ko‘rinib turuvchi "Alyants Arena" ajoyibotlari

  • 14 iyun, 2024, 04:51
  • Karim Xudayqulov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Ochilganiga 19 yil bo‘lgan "Alyants Arena" dunyoning eng jozibador stadionlaridan biri hisoblanadi. Uning asosiy xususiyati "LED" tizimi bo‘lib, stadionni uzoq nuqtalardan ham bemalol ko‘rish mumkin. 

Avvaliga bu yorug‘lik baxtsiz hodisalarga sabab bo‘ldi. Haydovchilar bu ranglardan ko‘zini uzolmay, ko‘p bora yo‘l-transport hodisalariga duchor bo‘lishgan. 

"Alyants Arena"ning tashqi qismini tashkil etuvchi quruq havo bilan to‘ldirilgan 2760 ta bo‘lim "shishirilgan qayiq" yoki "avtomobil shinalari" deb ham ataladi. Dastlab, bu "yostiqchalar" uchta rangda yoritilishi mumkin edi: "Bavariya" o‘ynaganida qizil, "Myunxen 1860" harakat qilganida ko‘k, terma jamoa yoki neytral bellashuvlar paytida oq. 

Ekskursiyalar davomida gidlar stadion atrofidagi yoritgichlar sinovdan o‘tayotgan vaqtda ko‘p baxtsiz hodisalar bo‘lgani haqida aytishgan. "Alyants Arena" avtomagistral kesishmalarga yaqin joylashgani va g‘ayrioddiy porlab turgani bois haydovchilarni chalg‘itgan. Biroq rasmiy statistik ma’lumotlar va ko‘rilgan choralar borasida tasdiqlangan biror informatsiya yo‘q. 

2006 yilgi Jahon chempionatidan keyin arena ancha o‘zgardi va yanada qiziqarli tusga kirdi. Stadion o‘zining 10 yilligi arafasida butunlay dunyo mo‘jizasiga aylandi. Uning butun yuzasi dinamik yorug‘lik displeyi bilan jihozlangan. 

Stadion umumiy yoritib beradigan maydon 26 ming kvadrat metr. Eng nozik rang kombinatsiyalari bilan yoritiladigan arenani tiniq tunlarda Avstriyaning Alp tog‘laridan ham, ya’ni 75 kilometr uzoqlikdagi masofadan ko‘rish mumkin. 



Stadionga taxminan 6500 ta "Philips" yoritgichlari o‘rnatilgan va hammasi bo‘lib 45 tonna material ishlatilgan. Yangi yoritgichlar 60 foiz energiyani tejashi ta’kidlanadi. 

2022 yilda energitik inqiroz tufayli "Bavariya" stadionini yoritish muddati qisqartirildi. Ilgari quyosh botganidan keyin "Alyants" Arena" 6 soat davomida qizil va oq rangda yoritilgan. Hozir esa bu vaqt 2-3 soatni tashkil etadi. 

Arena muntazam ravishda tashqi ko‘rinishini o‘zgartiradi. Turli vaziyatlarni o‘z ranglari bilan "nishonlaydi". Stadionda istalgan tasvirni ko‘rishingiz mumkin. Tizim to‘liq raqamlashtirilgan. "Bavariya" klubi o‘z liboslarini ham shu yo‘l bilan taqdim etadi, yangi kelganlarni kutib oladi va hatto afsonalar bilan xayrlashadi. 

"Rahmat Frants" - Bekkebauerning o‘limidan so‘ng. 



Yirik turnirlar vaqtida arena Germaniya bayrog‘i ranglarini aks ettirgan. "Evro-2024" uchun ariza topshirilgan vaqtda esa bayroq Evropa Ittifoqi ramzi bilan birlashtirildi. 



Stadionda boshqa davlat bayroqlari ham vaqti-vaqti bilan paydo bo‘ladi. Misol uchun, qizil va oq ranglar Xorvatiyaning Evropa Ittifoqiga qo‘shilishi sharafiga aks ettirilgan. Bundan tashqari, AQSh bayrog‘i to‘rtinchi iyulda yoki "Alyants Arena"da NFL o‘yinlari munosabati bilan paydo bo‘ladi. 



Yana ko‘p hollarda ranglar o‘zgaradi: 

Yashil - Avliyo Patrik kuni sharafiga



Binafsharang - Xalqaro nogironlar kunida 



Pushti - ko‘krak bezi saratonini tekshirish uchun eslatma



Apelsin rang - Ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kun uchun 



Firuza rang - "Evro-2020" vaqtida



Rojdestvo vaqtida stadion ajoyib sovg‘aga aylandi 



LED tizimi stadion ichida ham mavjud va u gollardan so‘ng stadion bo‘ylab o‘z yog‘dusini sochadi. Bu tizim bayramlarni yana ham bezaydi, deya olamiz. Bugun aynan mana shu o‘yingohda Germaniya hamda Shotlandiya terma jamoalari o‘rtasidagi "Evro-2024" ochilish bahsi bo‘lib o‘tadi. 

https://youtu.be/J00sJl7GkUM


                                                                       

 

KARIM Xudayqulov tayyorladi 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!