UEFA FIFA va Infantinoni sudga berishi mumkin
Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA) Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA)ga rasmiy xat yuborib, jahon chempionati va boshqa yirik musobaqalar telehuquqlarining bir qismini xususiy investorlarga sotish urinishlari bo‘yicha sudga murojaat qilish niyati borligini ma’lum qildi.
FIFA prezidenti Janni Infantino nomiga yo‘llangan murojaatda tashkilotdan huquqlarni o‘tkazishga oid rejalashtirilayotgan bitimga taalluqli barcha hujjat va materiallarni saqlab qolish talab qilingan. Nashr etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu xat nusxasi loyihaga ehtimoliy investorlar konsortsiumi bilan bog‘lanayotgan Joshua Kushnerga ham yuborilgan.
Avvalroq FIFA yirik musobaqalar bo‘yicha tijorat huquqlarini boshqarish va tashkilot daromadlarini oshirish maqsadida FIFA Forward Enterprises nomli yangi tuzilma tuzish rejasini e’lon qilgan edi. Ushbu tashabbus UEFA, KONKAKAF va Osiyo futbol konfederatsiyasi (AFK) kabi qator mintaqaviy tashkilotlar noroziligiga sabab bo‘ldi. Keyingi kunlarda FIFA ushbu rejaning dastlabki variantidan voz kechganini ma’lum qildi.

Fikrlar