"UFC Fight Night 183"da kimlar jang qiladi? (Prevyu)

  • 19 dekabr, 2020, 19:42
  • 0
  • MMA
CHERY AUTO

19 dekabrdan 20 dekabrga o‘tar kechasi Las-Vegasda "UFC Fight Night 183" turniri bo‘lib o‘tadi.

Tecno

Musobaqaning markaziy jangida Stiven Tompson va Jeff Nil o‘zaro to‘qnash keladi. Ushbu turnir oldidan juftliklar haqida ma’lumotlar beramiz.

Stiven Tompson - Jeff Nil.

Yarimengil vazn toifasida bo‘lib o‘tadigan ushbu qarama-qarshilik katta qiziqishlar bilan kutilmoqda. Tompson faoliyati davomida 15 ta g‘alabaga erishib, 4 ta durang va bitta mag‘lubiyat qayd etgan. U so‘nggi jangini 2019 yilning 2 noyabr kuni Visente Lukega qarshi o‘tkazib, hakamlarning yakdil qaroriga ko‘ra, zafar quchgan. Tompson chempionlik uchun sobiq da’vogar hisoblanadi. Xorxe Masvidal, Robert Uittaker, Jeyk Ellenberger kabilarning ustidan g‘alaba qozonib, anchagina nom qozongan. 4 mag‘lubiyatining 3 tasini oxirgi 5 ta jangida qabul qilib olgani faoliyatida pasayish yuzaga kelganidan dalolat berayotgandek tuyuladi. Mashhur Darren Till, Entoni Pettis va Tayron Vudli amerikalik sportchiga imkoniyat qoldirmagan.

Tompsonga raqiblik qiladigan Jeff Nil 30 yoshni qarshi olgan. U proffesional faoliyatida ikki marta mag‘lub bo‘lgan, ammo so‘nggi paytlarda yaxshigina o‘sishga erishdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Sababi, Nil UFCga o‘tganidan so‘ng, 5 ta jang o‘tkazdi va barchasini g‘alaba bilan yakunladi. Amerikalik jangchi 13 ta g‘alabasining 8 tasida nokaut qayd etgani ham alohida e’tiborga molik.

fights-2

Joze Aldo - Marlon Vera.

Braziliyalik Aldo haqida UFC ishqibozlari juda yaxshi biladi. Shuning uchun, u to‘g‘risida ma’lumot berish ko‘proq izlanishni talab etadi. U 2005 yilda qabul qilib olgan mag‘lubiyatidan keyin, 10 yil davomida 18 ta jang o‘tkazgan va shularning hech birida raqiblariga imkoniyat qoldirmagan. 2015 yilning dekabrida Konor MakGregor 13 soniya ichida Aldoni "uxlatib" qo‘ygan va chempionlik kamarini tortib olgandi. Shundan so‘ng, braziliyalikning avvalgidek natijalarini ko‘rmadik. U kamarni boy berganidan keyin, shu paytgacha yana 5 ta jangda yutqazib ulgurdi.

Marlon Vera yuqori saviyali jangchi ekanligini isbotlash uchun ko‘p uringan, ammo doim ham bu omadli kechavermagan. Asosan, o‘rtamiyona sportchilarga qarshi oktagonga ko‘tarilib, maqsadiga erishishi sekinlashib ketgandek. 28 yoshli Veraning rekordi 16-1-6 ko‘rinishiga ega. Hozir unda katta imkoniyat paydo bo‘lgan. Agar u Aldoni mag‘lub etsa, o‘z reytingini keskin darajada oshirib olishi mumkin. Ekvadorlik jangchi o‘zining so‘nggi jangini katta umidlar bilan qaralayotgan va yaqin kelajakda kamar uchun asosiy da’vogarlardan bo‘lishi kutilayotgan Shon O'melliga qarshi o‘tkazdi va dastabki raunddayoq texnik nokaut evaziga g‘alabaga erishdi.

962cb405-vera-vs.-aldo

Xaos Uilyams - Mishel Pereyra.

26 yoshli Uilyams faoliyati davomida 8 marta zafar quchib, bir martagina yutqazib qo‘ygan. U 2020 yilda va UFCda 2 ta jang o‘tkazishga ulgurib, har ikkisida nokaut evaziga g‘alabani tantana qilgan. Promoushen amerikalik sportchiga umid bilan qarayotganligini navbatdagi raqibi jiddiy ekanligidan bilib olsak ham bo‘ladi. Texnikasi o‘ta kuchli bo‘lgan Mishel Pereyra yosh jangchiga qarshi kechadigan bahsda ham "shou" namoyish etib bera olarmikan? O‘tgan safar braziliyalik Zelimxan Imadaevni qanday shapaloqlab tashlaganini ko‘rgandik. Noodatiy janglari bilan dunyo bo‘ylab millionlab muxlislar e’tiborini o‘ziga jalb eta olgan Pereyra faoliyati davomida 24 marta g‘alaba qozongan va 12 ta jangda imkoniyatni boy bergan.

khaos-williams-michel-pereira-ufc

Marlon Moraes - Rob Font.

32 yoshiga qadar, 32 ta jang o‘tkazib ulgurgan tajribali Moraes ham "UFC Fight Night 183"da oktagonga ko‘tariladi. UFCda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan braziliyalikning yurtimizda ham muxlislari topiladi. Shu paytgacha, 24 marta o‘z g‘alabasini nishonlagan Moraesga amerikalik Font raqiblik qiladi. 33 yoshli sportchi esa, oktagondan 17 marta g‘alaba bilan chiqib ketgan va yana 4 ta jangda raqiblariga yutqazib qo‘ygan. Rob doim ham katta janglarda ishtirok etavermagan bo‘lsada, ko‘rsatgan natijalari yomon emas.
Muxlislar fikrini kuzatar ekanmiz, ko‘pchilik Moraes nokaut bilan g‘alaba qozonishini taxmin qilayotganiga guvoh bo‘ldik. Ko‘ramiz, kimni qo‘li balandroq kelar ekan?

BB1agxQG

Ushbu oqshomda yana ko‘plab qiziqarli janglar bo‘lib o‘tadi. Jumladan, Entoni Pettis, Marchin Tsibura, Penni Kianzad, Aleks Morono va yana bir qator jangchilar chiqish qiladi. Bir gap bilan aytganda, musobaqani tomosha qilsak, zerikishga o‘rin qolmaydi.

"UFC Fight Night 183" turnirining juftliklari:

Stiven Tompson (15-1-4) - Jeff Nil (13-2);

Joze Aldo (28-7) - Marlon Vera (16-1-6);

Xaos Uilyams (8-1) - Mishel Pereyra (24-12);

Marlon Moraes (24-1-7) - Rob Font (17-4);

Marchin Tsibura (20-6) - Greg Xardi (8-2);

Entoni Pettis (23-10) - Aleks Morono (18-6);

Penni Kianzad (13-5) - Sijara Yubenks (7-5);

Deron Vinn (6-2) - Antonio Aroyo (9-3);

Taila Santos (16-1) - Jillian Robertson (15-5);

Tafon Nchakvi (2-0) - Jeymi Pikett (7-3);

Kodi Derden (7-1-2) - Jimmi Flik (13-4);

Kristos Giagos (17-8) - Karlton Minus (7-2).

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!