Ulug‘bek Baqoev o‘yin durangga mos bo‘lgani, "Navbahor" haqida nega yomon fikr bildirmasligi va "lochinlar" ham maqsadiga erishishi haqida gapirdi

  • 27 aprel, 2022, 11:30
  • Bekzod Isayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston Superliga 5-turidan o‘rin olgan “Navbahor” – “So‘g‘diyona” (1:2) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida mehmonlar bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoev ishtirok etib, jurnalistlarning savollariga javob berdi. Bu haqda "Navbahor" klubi matbuot xizmati xabar berdi. 

- Barchangiz bugun ajoyib o‘yinga guvoh bo‘ldinglar. “Navbahor”ning joriy mavsumda o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi, tarkibdan mahoratli futbolchilar o‘rin olgani, klub rahbariyati ham futbolga mehr qo‘ygan insonlardan iborat ekanligi barchaga ma’lum. Shu bois, namanganliklar har bir o‘yinda bor kuch bilan harakat qilishmoqda. Birinchi o‘rinda ikki jamoaga ham ajoyib o‘yin uchun rahmat aytaman. Uchrashuv borasida gapiradigan bo‘lsam, tezkor gol urdik. Javob goli ham uzoq kuttirmadi. Ikkinchi bo‘limda mezbonlar ko‘proq hujum qilishdi. Bu esa tushunarli, boisi, jamoa o‘z maydonida to‘p tepdi. Biz esa o‘z imkoniyatimizni qarshi hujumlardan izladik. Umuman olganda, ikki jamoada ham ko‘plab hujumlar yakuniga etmadi. Durang natija bugungi o‘yin uchun adolatdan bo‘lardi. So‘nggi daqiqada futbolchimiz gol urib, g‘alaba keltirdi. “Navbahor”ga keyingi o‘yinlarda omad tilayman.

Maydonda kurash bo‘ldi. Murabbiyning vazifasi har bir bahsda natija ko‘rsatish. Jamoa natija uchun o‘ynaydi. Biz ikkinchi raqam ostida o‘ynadik. Chunki “Navbahor” kuchli jamoa. Top-futbolchilarga ega. Xalqaro maydonda Jizzax emas, butun O‘zbekiston nomidan qatnashamiz. “Navbahor” ham OChL yoki OFK kubogiga chiqsa, biz ham muxlislik qilamiz. Bu erda bitta jamoa emas, butun yurt sha’ni turibdi. O‘yin tugaydi. Ammo do‘stona munosabatlar yo‘qolmasligi kerak. Futbolda natija bo‘lishi uchun borimizni beramiz.

Oldimizga bosqichma-bosqich rivojlanishni maqsad qo‘yganmiz. Maksimal natija uchun harakat qilamiz. Mavsum yakunida samarasini ko‘ramiz. Agarda o‘yin durang bilan tugaganda bunga rozi bo‘lar edik. Chunki safarda o‘ynayapmiz. Mening shaxsiy fikrim shunday.

O‘ylaymanki, “Navbahor” joriy mavsumda o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga erishadi. Chunki mavsum uzun, 8 oy davom etadi. Hali oldinda ko‘plab o‘yinlar bor. “Navbahor”ga bu borada omad yor bo‘lishini tilayman.

Uchrashuv teng va kurashlarga boy tarzda o‘tdi. Raqibning kuchsiz chiziqlari haqida gapirmayman. O‘z vaqtida “Navbahor”da o‘ynaganman, faoliyatimni Namanganda yakunlaganman. Shu bois, mezbon jamoa borasida yomon fikr bildirmagan bo‘lardim, - dedi Ulug‘bek Baqoev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!