
Ulug‘bek Baqoev: "Tabatadzeni taklif qilganimda uning statistikasiga unchalik qaramadim"
"Buxoro" klubi ikkinchi davrani mag‘lubiyat bilan boshladi. Jamoa Qarshida OKMKni qabul qildi va 0:2 hisobida imkoniyatni boy berdi. Uchrashuvdan keyin "Buxoro" bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoev klub matbuot xizmatining savollariga javob berdi.
- Bugungi o‘yin bilan mavsumning ikkinchi davrasi start oldi. O‘yin haqida qanday fikrdasiz?
- Birinchi taymda gol urishimiz kerak edi, ammo qulay imkoniyatlardan foydalana olmadik. Raqib esa ikki marta yaxshi vaziyatga chiqib, ikkita gol urdi. Futbolda shunaqa: sen urmasang, senga urishadi.
- Davralar oralig‘ida “Buxoro” safiga yangi futbolchilar qo‘shildi. Bu haqda nima deya olasiz?
- Birinchi davradagi o‘yinimizni tahlil qilgan holda yangi futbolchilarni taklif etdik. Hujumni yakunlash va yarim himoyada muammolarimiz bor edi. Shu bois hujumchi va yarim himoyachilarni qo‘shib oldik. O‘ylaymanki, yangi futbolchilarimiz o‘zlarini ko‘rsatadi. Hammaga vaqt beramiz, lekin kim kuchli bo‘lsa, o‘sha maydonga tushadi.
- Tabatadze 12 ta o‘yinda atigi 1 ta gol urgan. Bu sizni xavotirga solmaydimi?
- Gol urish bo‘yicha omadsizlik ko‘p hujumchilarda uchraydi, bunga normal qarash kerak. Balki Tabatadzening o‘yin tomonlama foydasi ko‘proqdir. U himoyachilarni chalg‘itib, golni boshqalar urishiga ham yordam beradi. To‘g‘ri, hujumchi gol urishi kerak, ammo jamoa uchun o‘ynash ham juda muhim. Shu sabab uni taklif qilganimda statistikaga uncha qaramadim.
- Asosiy muammo hujum chizig‘idami?
- Muammolar bor, lekin aytganimdek, gol urishimiz kerak. Mashg‘ulotlarda hamma yaxshi ishlayapti, har bir hujumchi o‘zini ko‘rsatishga intilyapti.
- Futbolchi davringizda juda shiddat bilan o‘ynardingiz. Hozir jamoada bu etishmayotgandek. Sababi nima?
- Menimcha, bu futbolchilarning psixologiyasiga bog‘liq. Jamoada turli tipdagi futbolchilar bo‘ladi: kimdir agressiv, kimdir tinch, kimdir texnikasi yuqori, kimdir juda tez va hokazo. Biz esa turli xarakterdagi futbolchilardan yagona jamoa yaratishga harakat qilamiz.
- Shohruz Norxonovning ketishi haqida nima deya olasiz?
- Norxonov juda yaxshi futbolchi, ammo faoliyatini boshqa joyda davom ettirishga qaror qildi. Biz uning qarorini hurmat qildik. Unga omad tilayman va biz bilan ishlagani uchun minnatdorchilik bildiraman.
Fikrlar