
Viktor Kumikov: "Bizda deyarli yarim jamoa maydonda yurdi"
“Andijon” – “Metallurg” (1:2) jamoalari o‘rtasidagi o‘yindan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlar ustozi Viktor Kumikov qatnashdi.
- Afsuski, uchrashuvning so‘nggi daqiqalarini juda bo‘sh o‘tkazdik. Biz 1:0 hisobida oldinda borayotgandik. O‘yinning oxirgi daqiqalari esa aqlbovar qilmas darajada tus oldi. Biz yana gol urishning o‘rniga oxirigi borib ikkita to‘p o‘tkazib yubordik. Zero, bizda ikkinchi golni urish imkoniyati bo‘lgandi. Futbolchimiz yakkama-yakka holatga chiqqandi. Qanchalik bo‘sh o‘ynash kerakki, deyarli ikki daqiqada ikkita gol o‘tkazib yuborish uchun. Xullas, mana shu ikki daqiqa uchrashuv taqdirini hal qildi.
G‘alabaga erta ishonib yuborishdimi, aniq bir narsa deya olmayman. Ammo futbolchilarimiz uchrashuv davomida raqib o‘yinchilarini kutib olishda oqsadilar. Hatto, darvozamizga uzoqdan zarba berayotganida ham unga qarshilik qilishmadi. Raqib to‘pni yon chiziqdan o‘yinga kiritgan paytda ham futbolchilarimiz xushyorlikni yo‘qotishdi. To‘p uchun kurashlarda mana shunday yutqazaverishsa, albatta bu mag‘lubiyatga olib keladi. Aslida bundan oldinroq bizga ogohlantiruvchi qo‘ng‘iroq bo‘lgandi. Ular darvozamizni ishg‘ol qilishi mumkin edi, ammo kechirishdi. Keyin hisobni ochdik, go‘yoki, barchasi yaxshi ketayotgandek edi. Yigitlarda ishonch paydo bo‘lishi kerak edi. Bizda esa hammasi aksincha kechdi. Yigitlarga raqib hujumini to‘xtatish uchun oldinroqda ularni kutib olish vazifasi yuklatilgandi. Yigitlar jarima maydoni ichiga yotib olmasliklari kerak edi. Shuning uchun ham biz yutqazdik. Oxirgi besh daqiqada to‘g‘risi, nimalar bo‘lganini o‘zim ham tushunmadim. Noto‘g‘ri o‘ynashdi, shuning uchun ham mag‘lub bo‘ldik. Aksincha o‘yin ko‘rsatish ham mumkin edi. Raqib butun jamoa bilan hujumga o‘tib ketgandi va ularning himoyasi ochiq qolgandi. Ularni shu yo‘l bilan jazolash mumkin edi. Rahimqulovni olaylik, u o‘sha qulay vaziyatda darvozaga zarba berishi yoki uni aldashi kerak edi, gol urganida hammasi boshqacha bo‘lardi. Shundan so‘ng, hammasi o‘zgarib ketdi.
Barchasi sifatga bog‘liq, songa emas. Bugun deyarli yarim jamoa maydonda yurdi. Kimlarnidir almashtirdik. Usmonaliev, ikkita markaziy himoyachi va darvozabon yaxshi o‘ynadi. Qolganlar bo‘sh harakat qildi. Axir butun jamoani almashtira olmaymiz-ku!
Endi nima bo‘ladi? Ko‘ramiz. Bu o‘yin biz uchun muhim edi. Oxirgi ikkita jamoa bizni raqobatchilarimiz edi. Hech bo‘lmaganda ikkinchi golni o‘tkazib yubormaganimizda yaxshi bo‘lardi.
Mahalliy futbolchilar munosibmi? Kim? Buning uchun men aybdormanmi? Kim gol ura olmadi? Rahimqulovmi yoki legionermi? Dimovni olaylik, undan ko‘ra yaxshiroq himoyachimiz yo‘q. Vasilev terma jamoa ixtiyoridan qaytib kelgandi. 10 kun biz bilan birga emasdi. Shu bois zaxiradan tushirdim. Qolaversa, barmog‘ida jarohati bor edi.
Fikrlar